Jahon | 13:57 / 18.02.2025
734
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoning tiklanishiga qarshi Isroil, Rossiyadan cho‘chimaslikni ta’kidlagan Tramp va AQSh-Yevropa birligiga ketgan darz - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil G‘azo qayta tiklanishiga qarshi

Isroil G‘azoda vaqtinchalik turar joylar qurilishini to‘xtatib, sektorga hajmli uylar va palatkalar olib kirishni man etdi. Bu qariyb 1 mln falastinlikning boshpanasiz qolishiga olib kelmoqda.

15 oylik urush davomida G‘azodagi binolarning 80 foizi vayron bo‘ldi. Otashkesim shartlariga ko‘ra, 60 ming mobil uy va 200 ming palatka olib kirilishi kerak edi, ammo Isroil hozircha faqat 20 ming palatka kiritilishiga ruxsat berdi. Qurilish texnikalari va mobil uylar Rafah chegarasida to‘xtatilgan.

HAMAS bu harakatni kelishuvlarning buzilishi, deb baholab, Isroilni shartnomalarga amal qilmaslikda aybladi. Agar 1 martga qadar tomonlar kelisha olmasa, harbiy harakatlar yana qayta boshlanishi mumkin.

Isroil Eron yadro dasturini to‘xtatmoqchi

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh bilan hamkorlikda Eron yadro dasturini bartaraf etish va uning mintaqadagi ta’sirini cheklash niyatida ekanligini bildirdi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuvdan so‘ng, Netanyahu Isroil va Amerika Eron tahdidi oldida birgalikda harakat qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning mintaqadagi tajovuzkor harakatlarini to‘xtatish zarur.

Tehron esa bu ayblovlarni rad etib, aynan AQSh mintaqadagi tajovuzkor harakatlarga sababchi ekanini ta’kidladi.

Isroil va Eron o‘nlab yillar davomida yashirin va oshkora tarzda to‘qnashuvlar o‘tkazib keladi. 2024 yilda Isroil Eronning Suriyadagi konsulligiga zarba berib, bir necha yuqori martabali harbiylarni o‘ldirgan.

Bunga javoban, Eron «Haqiqat va’dasi» deb nomlangan operatsiyani o‘tkazib, Isroilga yuzlab raketa hamda dronlar yo‘llagan.

Netanyahu bu jarayonda AQSh prezidenti Donald Trampning yordami muhim ekanini aytdi. Shu kuni Tramp Isroilga og‘ir bombalar yetkazib berishga qo‘yilgan cheklovni bekor qildi.

Tramp: «Rossiya NATOga tahdid solmaydi»

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaning NATOga hujum qilish ehtimolini rad etdi va Moskvaga qarshi urush xavfini haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb baholadi.

U Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Rossiya alyansga hujum qilishga tayyorlanayotgani haqidagi bayonotiga qo‘shilmasligini aytdi. «Yo‘q, men bunga umuman ishonmayman», — dedi Tramp.

Shuningdek, Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi mojaroni to‘xtatishga tayyor ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 12 fevralda Putin bilan o‘tkazilgan telefon muloqotida tomonlar muzokaralar o‘tkazishga kelishib olgan.

18 fevral kuni Ar-Riyodda AQSh va Rossiya vakillari uchrashadi. Ukraina va Yevropa tomoni muzokaralarga taklif etilmagan.

Zelenskiy Ar-Riyod kelishuvlarini tan olmaydi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh va Rossiya vakillari ishtirokida Ar-Riyodda o‘tkazilayotgan muzokaralar haqida Kiyev ma’lumotga ega emasligini, unda ishtirok etmasligini va natijalarini tan olmasligini bildirdi.

Zelenskiy AQSh va Rossiya Ukraina ishtirokisiz qandaydir kelishuvga kelishsa, uni qabul qilmasligini avvalroq ham ma’lum qilgandi. «Men hech qachon AQSh va Rossiya yolg‘iz o‘zlari Ukraina kelajagi haqida qaror qabul qilishiga rozi bo‘lmayman. Hech qachon», deb ta’kidladi.

18 fevralda Zelenskiy Saudiya Arabistoniga safar qiladi, ammo bu safar avvaldan kelishilgan va u yerda o‘tayotgan muzokaralar bilan bog‘liq emas.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina xalqi bu urushda ulkan yo‘qotishlarga duch kelmoqda. Shu bois hech qaysi xalqaro lider mamlakat taqdirini Kiyev ishtirokisiz hal qilishi mumkin emas. Unga ko‘ra, muzokaralar faqat AQSh, Yevropa, Ukraina va Rossiya ishtirokida olib borilishi mumkin.

AQShning Kiyevga taklifi munozaralarga sabab bo‘ldi

AQSh va Ukraina o‘rtasida taklif qilingan iqtisodiy kelishuv Kiyev uchun og‘ir sharoitlarni nazarda tutadi, deb yozadi The Telegraph nashri.

Ular tanishgan hujjatga ko‘ra, Ukraina foydali qazilmalardan tortib, portlar, infratuzilma, neft va gazgacha bo‘lgan resurslar ustidan nazoratni qisman AQShga berishi lozim bo‘lgan.

Kelishuvning asosiy mzmunida quyidagi shartlar belgilangan:

Ukraina va AQSh qo‘shma investitsiya fondi tuzishi lozim, bunda «dushman tomonlar Ukraina tiklanishidan manfaat olmasligi» ta’minlanadi. Vashington ukrain resurslaridan tushadigan daromadlarning 50 foizini va yangi litsenziyalardan keladigan daromadlarning ham yarmini o‘zlashtirishi kerak. Bu mablag‘lar AQSh foydasiga garov sifatida ko‘rib chiqiladi.

The Telegraph’ning yozishicha, Volodimir Zelenskiy bunday sharoitlarni qabul qilish Ukraina uchun qattiq iqtisodiy zarba bo‘lishini tushungan va «bu shunchaki kompensatsiya emas, balki mag‘lubiyatga uchragan davlatlarga qo‘yilgan reparatsiya talablardan ham og‘irroq», deb baholagan.

Maqolada ta’kidlanishicha, agar bu kelishuv amalga oshirilsa, AQSh tomonidan Ukrainaga qo‘yilgan bu shartlar Versal shartnomasi orqali Germaniya zimmasiga yuklatilgan reparatsiyalarga nisbatan ham og‘irroq bo‘lishi mumkin.

AQSh va Yevropa o‘rtasida bo‘linish

Myunxen xavfsizlik konferensiyasi 2025 AQSh va Yevropa o‘rtasidagi keskin farqni yaqqol namoyon qildi. Forum raisi Kristof Hoysgenning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati «boshqa sayyora»da yashamoqda va transatlantik birlashma tobora zaiflashmoqda.

Hoysgenning so‘zlariga ko‘ra, respublikachilar ham Trampdan qo‘rqib, ochiq bayonotlar berishdan o‘zlarini olib qochishmoqda. Konferensiya davomida AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Yevropa Ittifoqining migratsiya siyosati, Germaniya va Ruminiya saylovlarini tanqid qildi. Uning gaplari forum ishtirokchilarini shokka tushirdi.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Vensni Yevropani avtoritar rejimlar bilan tenglashtirishda aybladi, kansler Olaf Shols esa demokratik yo‘nalish haqida xavotir bildirdi.

Yevropa Ukrainaga harbiy kontingent yuborishi mumkin

The Washington Post manbalariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga 30 minggacha harbiy jo‘natish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Birgina Fransiyaning o‘zi 10 ming askar ajratishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu kuchlar tashqi bosimni «sezilarli so‘ndirish» vazifasini bajaradi.

Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, Yevropa xavfsizligi Ukraina xavfsizligiga bog‘liq ekanini ta’kidladi. Biroq Yevropa mamlakatlari AQShning razvedka, kuzatuv va havo mudofaasi borasida kafolatli yordami zarurligini ta’kidlamoqda.

Kreml bu tashabbusni NATO qo‘shinlarining Ukraina hududida joylashtirilishi sifatida baholadi va bu hol vaziyatni yanada murakkablashtirishini qayd etdi.

Shu bilan birga, Saudiya Arabistonida AQSh va Rossiya rasmiylari o‘rtasida muzokaralar boshlanmoqda. Ularga AQSh Davlat kotibi Mirko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qiladi.

Yevropa vakillari muzokaraga chaqirilmagan. Shu sabab Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 19 fevral kuni Parijda Yevropa yetakchilarini yig‘ib, Ukraina bo‘yicha aniq choralarni muhokama qiladi.

Xitoy Tayvan chegaralarida «musht do‘laytirmoqda»

Tayvan Mudofaa vazirligi Xitoy armiyasi orol yaqinida yana faollik ko‘rsatganini ma’lum qildi. Bayonotda 41 ta harbiy samolyot va 9 ta harbiy kemaning Tayvan chegarasida harakatlangani aytilgan. Tayvan harbiylari vaziyatni nazoratga olganliklarini va zarur javob choralari ko‘rilganini bildirishdi.

Xitoy Tayvanni o‘z hududi deb hisoblaydi va 1949 yildagi fuqarolik urushi tugaganidan beri orol de-fakto mustaqil bo‘lib kelmoqda. Pekin «Bir Xitoy» siyosati tarafdori bo‘lib, Tayvan mustaqilligini inkor etadi. Tayvan esa Xitoy tomonidan taklif qilingan «bir davlat — ikki tizim» modelini qabul qilishdan bosh tortgan.

AQSh Tayvanni qo‘llab-quvvatlab, orolga harbiy texnika yetkazib berishni davom ettirmoqda. Vashington Xitoyning Tayvanga bo‘lgan suverenitetini tan oladi, ammo orol maqomini noaniq deb hisoblaydi.

So‘nggi yillarda Pekin Tayvan bo‘g‘ozida harbiy faollikni kuchaytirgan. Biroq rasmiy Xitoy «tinch yo‘l bilan qayta birlashish» niyatida ekanini ta’kidlab kelmoqda.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid