Jahon | 13:48 / 22.02.2025
5274
10 daqiqa o‘qiladi

Oq uy vakilidan HAMASga ogohlantirish, Zelenskiydan bezgan Tramp va chegara kelishuviga erishgan qo‘shnilar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azoda ommaviy deportatsiya?

Isroil armiyasi G‘azo sektorida tahdidli varaqalar tarqata boshlagan. Middle East Eye manbasiga ko‘ra, bu ruhiy bosim va aholini qo‘rqitishga qaratilgan.

Varaqalarda falastinliklarning ommaviy ko‘chirilishi «muqarrar» ekani, G‘azo aholisi taqdiriga na AQSh, na Yevropa va na arab davlatlari qiziqish bildirayotgani ta’kidlangan.

Bir varaqada shunday yozilgan: «Agar butun G‘azo xalqi yer yuzidan yo‘qolsa, dunyo xaritasi o‘zgarmaydi».

Shuningdek, Isroil insonparvarlik yordami evaziga aholi bilan «hamkorlik» qilishni talab qilmoqda.

Tramp vakilidan HAMASga ogohlantirish

AQSh prezidenti Donald Trampning garovga olinganlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Adam Byoler HAMAS harakatini G‘azoda saqlanayotgan asirlarni ozod qilishga chaqirdi. Unga ko‘ra, agar harakat garovga olinganlarni qaytarmasa, yo‘q qilinish xavfi ostida qoladi.

Bir kun avval HAMAS Isroilga 4 nafar garovga olinganlarning jasadlarini topshirgan edi. Ularning orasida ikki bola, ularning onasi va keksa erkak borligi aytilgandi. Ammo Isroil bu da’volarni rad etib, bolalarning onasi jasadlar orasida yo‘qligini ma’lum qildi. HAMAS buni tekshirishini va xatolik bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Hozirda Isroil va HAMAS o‘rtasida 19 yanvardan kuchga kirgan sulh bitimi amal qilmoqda. Birinchi bosqichda HAMAS 1500 nafar falastinlik mahbuslarga almashuv sifatida 33 nafar isroillik garovdagi shaxslarni ozod qilishi kerak. Keyingi bosqichlarda yana almashinuvlar va G‘azo sektorini tiklash jarayoni kuzatilmoqda.

Tramp 9 mayda Moskvaga keladimi?

Fransiyaning Le Point jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp 9 may kuni Moskvada bo‘lib, Vladimir Putin bilan uchrashishi mumkin. Bayonotga ko‘ra, ular shu kuni Ukraina urushiga nuqta qo‘yadigan kelishuvni imzolashni rejalashtirmoqda.

Vashington hozircha rasman bu ma’lumotni tasdiqlamadi, biroq davlat kotibi Marko Rubio Rossiyani «jahondagi barqudrat davlat» deb atab, Moskva bilan munosabatlarni yaxshilash zarurligini ta’kidladi.

Kreml matbuot kotibi ham bu shunchaki mish-mish ekanini ta’kidladi.

Biroq Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Putin bilan «juda yaxshi» telefon muloqoti o‘tkazgan, ammo Ukraina rahbariyati bilan keyingi gaplashuv unchalik yaxshi o‘tmagan.

«Men Ukraina shaharlarining qanday vayronaga aylanayotganini, odamlarning halok bo‘layotganini, armiyaning yo‘q qilinayotganini kuzatyapman. Bu urush boshlanmasligi kerak edi», — dedi Tramp.

Trampga ko‘ra, Volodimir Zelenskiy hech qanday kuchli pozitsiyaga ega emas va buni kuzatish unda «juda yomon taassurot» qoldirgan.

«Men bu odamni ko‘p yildan beri kuzatyapman va u qo‘lida ko‘zir qartalari bo‘lmasdan muzokara o‘tkazmoqchi bo‘lyapti. Bu odamning ko‘nglini ozdiradi. Men bilan ham shunaqa muomala qildi», — degan Tramp Fox News radiostansiyasiga bergan intervyusida.

Vashington Ukrainaga yordam berishdan charchadimi?

AQSh Ukrainaga bo‘lgan munosabatini keskin o‘zgartiryapti. Kongress spikeri Mayk Jonson Vashingtonning Kiyevni moliyalashtirishga «ishtiyoqi qolmagani»ni ma’lum qildi. Uning bayonoti Trampning Zelenskiyni «diktator» deb ataganidan keyingi keskin o‘zgarishni aks ettiradi.

Tramp Kiyevdan tezroq Moskva bilan tinchlik kelishuvi imzolashni talab qilmoqda. Bu borada AQSh Ukraina ishtirokisiz Rossiya bilan Ar-Riyodda muzokaralar o‘tkazmoqda.

AQShning da’vosiga ko‘ra, Ukrainaga ajratilgan umumiy yordam hajmi 175 mlrd dollarga yetdi.

Bu orada Donald Tramp Ukrainaning tinchlik muzokaralarida ishtirok etishi aslo shart emas, deb ham chiqish qildi. Tramp barcha qarorlarni yakka o‘zi qabul qilmoqda. Chunki respublikachilar Kongressning ikki palatasi va Oq uyni nazorat qilmoqda. Ya’ni uning qarorlariga to‘siq qo‘yishga demokratlarning kuchi yetmaydi.

«Biz bu urushni to‘xtatishimiz kerak. Bu juda uzoq davom etdi», — dedi konservatorlarning qo‘llab-quvvatlovi ostida respublikachilar vakili, Kongress spikeri Mayk Jonson.

Bundan xulosa qilish mumkinki, 2024 yilning aprel oyida tasdiqlangan 61 mlrd dollar yordam mablag‘i ehtimol, AQShning Ukrainaga bergan so‘nggi yirik yordam paketi bo‘lishi mumkin.

Moskvaning talabi: NATO Sharqiy Yevropadan chiqsin

Rossiya AQShdan NATO qo‘shinlarini Sharqiy Yevropadan olib chiqishni talab qilmoqda. Ruminiya hukumatiga ko‘ra, bu talab Ar-Riyoddagi muzokaralarda rasmiy Moskva tomonidan ilgari surilgan, ammo AQSh rasmiylari uni rad etgan. Shu bilan birga, Donald Tramp kelajakda Moskvaga yon bosishi mumkinligi haqida xavotirlar ortyapti.

Ruminiya milliy xavfsizlik maslahatchisi Kristian Dyakenesku vaziyatni «noaniq» deb baholadi. Yevropa yetakchilari Trampni bunday yondashuvdan qaytarish uchun Vashingtonga tashrifni rejalashtirmoqda.

Sharqiy Yevropa davlatlari jiddiy xavotirda. Tramp Ukraina NATOga qo‘shilishiga to‘sqinlik qilmoqda va Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash niyatini bildirmoqda.

Putin NATOning Sharqiy Yevropadagi mavjudligini cheklash va Rossiya ta’sirini tiklashni uzoq vaqtdan buyon maqsad qilib kelgan. Rossiya-Ukraina urushi boshlanishi arafasida ham Moskva xuddi shunday talablarni qo‘ygandi. Endi esa Trampning bayonotlari Putinning maqsadlariga xizmat qilishi mumkin.

Tramp Rossiya harbiy jinoyatlarini ta’qib qilmoqchi emas

Vashington Vladimir Putinga qarshi xalqaro sud tashkil etish tashabbusidan chekinishni ko‘zlamoqda. AQSh diplomatlari Rossiyani «agressor» deb atashdan bosh tortdi va Ukrainaga qarshi bosqinchi urush bo‘yicha xalqaro tribunalni tayyorlayotgan «Asosiy guruh»dan chiqishi mumkin.

Shuningdek, AQSh BMTning Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlovchi bayonotini hamda Rossiyani «agressor» deb atashni ko‘zda tutgan G7 kelishuvini imzolashni rad etdi.

Trampning ma’muriyati Ukrainaga bosim o‘tkazib, Rossiyani qayta xalqaro hamjamiyatga kiritish tashabbusini qo‘llab-quvvatlayapti. Bu Yevropa rasmiylari orasida Putinga qarshi sud jarayoni barbod bo‘lishi va Rossiya jazodan qutulib ketishi mumkinligi haqida xavotir uyg‘otdi.

Ukraina va Yevropaning 40 ta davlati Rossiya rahbariyatini urush qo‘zg‘atish jinoyatida ayblash uchun maxsus tribunal tashkil etishga harakat qilmoqda. Ammo AQShning bu jarayonda qatnashishdan voz kechishi tribunalning obro‘si va xalqaro qonuniyligini sezilarli darajada zaiflashtiradi.

Germaniya saylovlar arafasida

23 fevral kuni Germaniyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Bu nafaqat mamlakatning kelajagini, balki Yevropa Ittifoqining yo‘nalishini ham belgilab berishi mumkin.

So‘nggi so‘rovlar bo‘yicha, Xristian-demokratik ittifoqi 30 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda, ammo bu partiya tarixidagi eng yomon natija bo‘lishi mumkin. «Germaniya uchun muqobil» rekord darajada 22 foiz qo‘llovga yetdi. Olaf Shols boshchiligidagi sotsial-demokratlar 15,5 foiz, «Yashillar» esa 12 foiz ovoz to‘plashi taxmin qilinmoqda.

Asosiy intriga — saylov natijalariga ko‘ra, yangi koalitsiyani shakllantirish. Xristian-demokratik ittifoqi va «Germaniya uchun muqobil» migratsiya siyosati bo‘yicha qonun loyihasida birgalikda ovoz bergani mojaroli masalaga aylandi. Bu kelajakda XDI va GuM bilan hamkorlik qilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Saylovlar xalqaro e’tiborni ham jalb qilmoqda. Ilon Mask GuM yetakchisi Alisa Vaydelni qo‘llab-quvvatladi, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban esa «Yevropaning yangi kelajagi bizmiz», dedi.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirishni ta’kidlagan, XDI yetakchisi Mers esa Ukrainaga uzoq masofaga uchadigan Taurus raketalarini berish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgan.

Qo‘shnilar chegara bo‘yicha kelishuvga erishdi

Qirg‘iziston va Tojikiston hukumat delegatsiyalari Bishkekda umumiy chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Endi hujjatlar ikki davlat rahbarlari tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev bu voqeani «Qirg‘iziston va Tojikiston xalqlari uchun tarixiy kun» deb atadi. Unga ko‘ra, davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma, energetika va suv resurslaridan foydalanish, avtomobil yo‘llari masalalari bo‘yicha bitimlar tayyorlangan.

Tojikiston delegatsiyasini boshqargan Saymo‘min Yatimov ham bu kelishuv yuz yillik chegara bahslariga nuqta qo‘yishi mumkinligini ta’kidladi.

Qirg‘iz—tojik chegarasi 972 km uzunlikda bo‘lib, uzoq yillar bahsli hududlar sababli mojarolar yuzaga kelib turgan. Oxirgi jiddiy to‘qnashuv 2022 yil sentabr oyida sodir bo‘lgan edi.

Mavzuga oid