Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sovuqdan o‘layotgan G‘azo bolalari, yadroviy qurol yaratishga yaqin Eron va AQShni Donbassga taklif etayotgan Rossiya - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azoda chaqaloqlar sovuqdan nobud bo‘lmoqda
Isroil G‘azoga isitish uskunalari, chodirlar va suvga chidamli boshpanalarni kiritishni hanuz to‘sib qo‘yayotgani tufayli sektorda olti yangi tug‘ilgan chaqaloq sovuqdan nobud bo‘ldi.
«Kuchli sovuq to‘lqini va isitish tizimi yo‘qligi sababli o‘tgan haftadan boshlab bugungacha olti yangi tug‘ilgan chaqaloqning o‘limi qayd etildi», — dedi G‘azo fuqarolik mudofaasi agentligi vakili Mahmud Bassal.
So‘nggi kunlarda blokadadagi G‘azoda harorat nol darajaga tushdi. Isroilning vayronkor urushi tufayli boshpanasiz qolgan aholining katta qismi ko‘chadagi chodirlarida yashamoqda.
HAMAS bir necha bor Isroilni humanitar yordam kiritishga to‘sqinlik qilishda ayblagan. Joriy oyda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu suvga chidamli boshpanalar va mobil uylarni G‘azoga kiritishni rad etgani ma’lum qilingan edi, garchi bu otashkesim shartlarida ko‘zda tutilgan bo‘lsa ham.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, faqat dekabr oyining o‘zida kamida sakkiz chaqaloq sovuqdan nobud bo‘lgan, yana 74 bola qattiq qish sharoiti sababli vafot etgan.
G‘azoda vaziyat juda og‘irligicha qolmoqda: Isroil vaqtinchalik boshpanalarni kiritishni bloklashda davom etmoqda. Minglab mobil uylar hanuz Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktida to‘xtab turibdi.
Isroil vitse-spikeri G‘azoda genotsidga chaqirdi
Isroil Knesseti vitse-spikeri, «Likud» ultrao‘ng partiyasi a’zosi Nissim Vaturi G‘azodagi barcha kattalarni yo‘q qilishga chaqirdi.
Ultraortodoks radiostansiyasi Kol BaRamaga bergan intervyusida Vaturi: «Bolalar va ayollar ajratilishi kerak, G‘azodagi barcha yoshi katta erkaklar yo‘q qilinishi lozim. Biz haddan tashqari ehtiyotkormiz», — dedi.
Shuningdek, u falastinliklarni «razillar» va «chala odamlar» deb atadi.
Vaturi avval ham shovinistik bayonotlari bilan tanilgan. 2024 yil yanvar oyida Haaga sudidagi eshituvlar arafasida u «G‘azoning kulini ko‘kka sovurish» chaqirig‘i bilan chiqish qilgan edi.
Isroil: Eron yadroviy qurol yaratishga yaqin
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Politico’ga bergan intervyusida Eron yadro quroli yaratishining oldini olish uchun «harbiy yo‘l» tez orada amalga oshirilishi kerakligini aytdi.
U AQSh prezidenti Donald Trampdan yordam kutayotganini bildirdi. Saarning so‘zlariga ko‘ra, Eron «bir necha bomba» yaratish uchun yetarli uran boyitgan va hozir uni qurolga aylantirish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda.
«Vaqt juda kam qoldi», — degan Saar. Isroil tashqi ishlar vaziri diplomatiya yo‘li bilan yechim topishni afzal ko‘rsa-da, buning muvaffaqiyat ehtimoli «past» deb baholaydi. U Eron yadro dasturini to‘xtatishdagi muvaffaqiyatsizlik Isroil xavfsizligi uchun «falokat» bo‘lishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Eron armiyasi Isroil va AQShdan keladigan xavf tufayli yadroviy obektlar atrofidagi havo hujumidan himoya va boshqa mudofaa tizimlarini yuqori jangovar tayyorgarlik holatiga keltirdi. Bu haqda Britaniyaning The Telegraph gazetasi xabar berdi. Nashr manbasining so‘zlariga ko‘ra, «ular hujumni kutishmoqda, har kecha shunga tayyor, hatto hech kim bilmaydigan maxfiy joylarda ham yuqori tayyorgarlik saqlanmoqda».
Tramp: «Ukraina NATOni unutsin»
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish ehtimolini tan oldi, biroq bu faqat Ukrainadagi vaziyat tartibga solingandan keyin mumkin bo‘lishini ta’kidladi.
Tramp, shuningdek, Ukraina NATOga qo‘shilish haqida «batamom unutsa bo‘ladi», deb hisoblaydi, chunki urush aynan shu masala tufayli kelib chiqqanini aytdi.
Vashington Ukrainaga yo‘qotilgan hududlarning ayrimlarini qaytarish masalasini ko‘tarishga harakat qilmoqda, ammo buni amalga oshirish oson bo‘lmasligini Tramp ta’kidladi.
Shu bilan birga, Tramp Vladimir Putinni «juda aqlli siyosatchi» deb atab, Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishish mumkinligiga ishonch bildirdi. Ammo Rossiya ham kelishuv uchun ma’lum yon berishlarga borishi kerakligini qayd etdi.
Tramp Yevropa Ittifoqini tanqid qilib, uning AQShni aldash uchun tuzilganini iddao qildi. U Yevropaga nisbatan 25 foizlik bojlar joriy etilishini ma’lum qildi — bu nafaqat avtomobillarga, balki «barcha mahsulotlarga» taalluqli bo‘ladi.
AQSh rahbari Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini ham Yevropa berishi kerakligini aytdi. Shu bilan birga, Ukraina va AQSh o‘rtasida tuzilayotgan foydali qazilma kelishuvi «avtomatik xavfsizlik»ni ta’minlashini ta’kidladi.
Tramp Amerika Ukrainaga 350 mlrd dollar sarflaganini aytdi va Volodimir Zelenskiy kelishuvni imzolash uchun 28 fevralda Vashingtonga kelishi kutilayotganini eslatib o‘tdi. Shuningdek, Tramp AQSh Ukrainaga ortiq mablag‘ ajratishni istamasligini bildirib, Rossiya va Xitoy bilan «mukammal aloqalar» o‘rnatish niyatida ekanini bildirdi.
Zelenskiy Trampning signalini tushunmadi
AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni «Vashington imkon qadar tezroq tinchlik istaydi» degan signalni tushunmagani uchun tanqid qildi.
Vens Myunxenda Zelenskiy bilan uchrashib, unga urushni tezroq tugatish zarurligi haqida «oddiy, lekin qat’iy» maslahat bergan. Ammo Zelenskiy Trampni omma oldida «Rossiya yaratgan dezinformatsiya olamida yashaydi», deb ayblagan.
Vens buni katta xato deb hisoblaydi: «Trampni matbuotda qoralash bilan uning fikrini o‘zgartirib bo‘lmaydi, bu uning administratsiyasi bilan munosabat qilishning eng yomon usuli», dedi u.
Tramp darhol javob qaytarib, Zelenskiyni ijtimoiy tarmoqlarda «diktator» deb atadi. Vens esa Yevropa safarida o‘z nufuzini ko‘rsatib, g‘arb elitalarini tanqid qildi, lekin Daxau va Notr-Damga tashrif buyurib, diplomatik moslashuvchanlik namoyish etdi.
Rossiya Donbassni AQShga taklif qilmoqda
Rossiya AQShga ishg‘ol qilingan Donbass va Zaporijjya hududlaridagi nodir yerosti metallariga egalik huquqini taklif qilgan. NBC News manbalariga ko‘ra, Putin ma’muriyati vakillari bu taklifni o‘tgan hafta Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tramp ma’muriyatiga bildirgan.
Rossiya «yangi hududlar»dagi metallarga egalik huquqining bir qismini Vashingtonga taqdim etishga tayyor. Hozirda kelishuv muhokama jarayonida, ammo AQSh bu variantni ko‘rib chiqmoqda, deydi NBC News manbalari.
Nashr xulosasiga ko‘ra, agar kelishuv amalga oshsa, Rossiya Donbass va Zaporijjya ustidan nazoratni saqlab qolishi mumkin.
«Tramp — biznesmen, Putin esa bundan foydalanib, shunday murakkab taklif bilan chiqqan», — deydi NBC bilan suhbatda bo‘lgan AQShning sobiq diplomati.
AQShda boylar uchun «oltin karta»
AQSh prezidenti Donald Tramp boy chet elliklarga 5 million dollarga «oltin karta» joriy qilish rejasini e’lon qildi. Bu karta doimiy yashash huquqi va fuqarolik olish imkonini beradi.
Reuters, CNN va Axios xabarlariga ko‘ra, sotish ikki haftadan so‘ng boshlanadi. Tramp buni «boy va muvaffaqiyatli odamlar kelib, ko‘p pul sarflashi, soliq to‘lashi va ish o‘rinlari yaratishi» bilan izohladi.
«Oltin karta» hozirgacha mavjud EB-5 investitsiya dasturini almashtiradi, chunki bu viza «firibgarlikka to‘la», deb topilgan.
Savdo vaziri Govard Lyutnik arizalar qat’iy tekshirilib, faqat «jahon darajasidagi fuqarolar» qabul qilinishini bildirdi. EB-5 dasturi 1992 yilda tashkil qilinib, 800 mingdan 1,05 million dollargacha investitsiya evaziga AQSh fuqaroligi taqdim etilgan.
Rossiyada 87 ming tibbiyot xodimi yetishmaydi
Rossiyada vrachlar va hamshiralar tanqisligi 87 ming kishiga yetdi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko ma’lum qildi. Mamlakatda 23 mingdan ziyod vrach va 64 ming hamshira yetishmaydi. Buning asosiy sababi — past maoshlar.
Rosstat ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilning 9 oyi davomida vrachlarning o‘rtacha maoshi 123 ming rublni tashkil etgan. Biroq vrachlar bu raqamlar rasmiy statistika fantaziyasi ekanini ta’kidlaydi. Ko‘plab tibbiyot xodimlari yaxshi daromad olish uchun ko‘proq ishlash va qo‘shimcha smenalar olishga majbur bo‘lmoqda.
Shuningdek, vrachlar uchun ishlash sharoitlari ham qiyinlashgan. Patsiyentlar tomonidan shikoyatlar, sud ishlari va jazo ehtimoli sohaga qiziqishni pasaytirmoqda.
Hukumat esa bu muammoga eski sovetcha usul bilan yechim qidirmoqda: tibbiyot oliygohlarining bitiruvchilari majburiy ravishda belgilangan hududlarda ishlashga yuboriladi. Hatto ayrimlarini Ukrainadan bosib olingan hududlarga yuborish holatlari ham qayd etilgan.
Mavzuga oid
13:40 / 28.05.2025
Talabalarga viza suhbatlarini to‘xtatgan AQSh, Isroilni tanqid qilgan kansler va Hayit kunini e’lon qilgan Saudiya – kun dayjesti
13:15 / 27.05.2025
HAMASga taklif qilingan sulh, Liverpuldagi fojia va rafiqasidan shapati yegan Makron - kun dayjesti
13:31 / 26.05.2025
Putin vertolyoti atrofida dronlar hujumi, Hamasning harbiy operatsiyasi va YeIga bojlarni kechiktirgan Tramp – kun dayjesti
14:21 / 24.05.2025