Jahon | 01:04 / 28.02.2025
3639
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada tug‘ilish ko‘rsatkichi 1899 yildan beri eng past darajaga tushib ketdi

Shu bilan birga, mamlakatda tug‘ilishning kamayishi fonida o‘limlar soni ortmoqda. Yaponiyada o‘tgan yili o‘lim holati 1,8 foizga oshib, rekord darajaga yetgan.

Foto: Kyodo

Yaponiyada 2024 yilda 720 ming 988 chaqaloq, jumladan, chet el fuqarolarining farzandlari dunyoga keldi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 5 foizga kam.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilda bolalarning tug‘ilish hisobini yuritish boshlangan 1899 yildan beri eng kam chaqaloq dunyoga kelgan.

Yaponiyada rekord darajadagi tug‘ilish 1949 yilga to‘g‘ri keladi — o‘shanda 2,69 milliondan ortiq bola tug‘ilgan. Ammo 1974 yildan beri ushbu ko‘rsatkich barqaror ravishda kamayib kelmoqda. 2016 yilda tug‘ilishlar soni yiliga 1 milliondan tushib ketgan va shundan buyon har yili 3-5 foizga qisqarmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi buni bir qator sabablar bilan bog‘laydi.

Xususan, so‘nggi yillarda yaponlar kechroq oila qurishni ma’qul ko‘rmoqda va tabiiyki bolalar tug‘ilishi ham kechikyapti. 2024 yilda tuzilgan oilalar soni 1945 yildan beri eng kam ko‘rsatkichlardan birini tashkil etgan — 499 ming 999 ta. Bundan yomon ko‘rsatkich faqat 2023 yilda qayd etilgan.

Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasi ham vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Yaponiyada tug‘ilishning kamayishi fonida o‘lim holatlari ortmoqda. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili o‘lim holati 2023 yilga nisbatan 1,8 foizga oshgan va rekord darajaga yetgan — 1,62 million kishi.

Avvalroq Janubiy Koreyada tug‘ilish ko‘rsatkichi to‘qqiz yil ichida birinchi marta o‘sgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Mamlakat shaharlari orasida tug‘ilishning eng past koeffitsienti Seulda qayd etilgan. O‘tgan yilgi o‘sish qisman pandemiyadan keyin qurilgan oilalar sonining oshgani bilan bog‘liq.

Mavzuga oid