Jahon | 15:00 / 03.03.2025
4773
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azoni qamal qilgan Isroil, qurolli kurashni bas qilayotgan kurdlar va Zelenskiyga bosimni kuchaytirayotgan AQSh - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil G‘azoga humanitar yordamni to‘xtatdi

Bosh vazir Binyamin Netanyahu buyrug‘i bilan Isroil Karim Abu Salim nazorat-o‘tkazish punktini yopib, G‘azoga humanitar yordam yetkazilishini to‘xtatdi. Netanyahu jamoaviy jazolash — G‘azoga ocharchilik xavfi olib keluvchi to‘liq qamal joriy etilishi, har qanday yordam to‘xtatilishi, barcha chegara punktlari yopilishini e’lon qildi. Yana, Isroil kelishuvni hech qanaqasiga buzmayotganini da’vo qildi.

Isroil parlamenti a’zosi, sobiq milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir bu qarorni qo‘llab-quvvatlab, elektr va suvni uzish, harbiy harakatlarni qayta boshlash hamda barcha garovga olinganlarni qaytarib olmaguncha hech qanday kelishuvga rozi bo‘lmaslikka chaqirdi.

HAMAS mazkur qarorni «sanksiyaviy shantaj, harbiy jinoyat va kelishuvga qarshi isyon», deb baholadi. Tashkilot bayonotida ta’kidlanishicha, Isroil G‘azo aholisini qatag‘on qilish maqsadida kelishuvni buzmoqda. Bayonotda shunday deyilgan:

«Isroilning humanitar yordamni to‘xtatish qarori ikki milliondan ortiq falastinlikka qarshi jazo chorasidir. Bu nafaqat insoniy jihatdan, balki xalqaro huquq nuqtayi nazaridan ham qabul qilib bo‘lmas holat. Vositachi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bu bosimni to‘xtatish uchun zudlik bilan chora ko‘rishi kerak. Biz otashkesim kelishuvining barcha bosqichlariga sodiqmiz va uning davom etishi uchun muzokaralarga tayyorligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Agar Isroil kelishuvni buzishda davom etsa, u oqibatlar uchun to‘liq javobgar bo‘ladi».

Isroil Rossiyaning Suriyadan ketishiga qarshi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘zining harbiy maslahatchisi general-mayor Roman Gofmanni Moskvaga yuborib, bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Ynet saytining xabar berishicha, bu tashrif Suriyadagi vaziyat va Turkiya ta’sirining o‘sishi fonida amalga oshirilgan.

Isroil Rossiyani HAMASga bosim o‘tkazishga ko‘ndirishga urinmoqda. Shuningdek, mamlakat Turkiyaning yangi Suriyadagi ta’siriga qarshi turish niyatida. Tel Aviv Anqara va Damashq o‘rtasidagi harbiy hamkorlik mustahkamlanishidan xavotirda va bu jarayonga qarshi Rossiya bilan ishlashni ma’qul ko‘rmoqda.

Netanyahu o‘tgan haftada Suriyaning janubiy qismi harbiy kuchlardan xoli bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bu bayonotdan so‘ng Isroil aviatsiyasi Suriya harbiy pozitsiyalariga zarba berdi.

Shunga qaramay, Isroil Rossiyani ishonchli ittifoqchi deb hisoblamaydi. Chunki rasmiy Moskva Eron va HAMAS bilan yaqin aloqalarga ega va Isroilni falastinliklarga qarshi qirg‘in uyushtirishda ayblaydi.

Kurdlar Turkiya bilan 40 yillik urushni tugatmoqda

Kurdiston ishchi partiyasi (PKK) 1 martdan boshlab Turkiyaga qarshi qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatish haqida bayonot berdi. Bu qaror partiya rahbari Abdulla O‘jalonning chaqirig‘idan so‘ng qabul qilindi.

RKKning rasmiy bayonotiga ko‘ra, barcha harbiy bo‘linmalar va qo‘mondonliklar ushbu qarorga rioya qilishi shart. Biroq ehtimoliy hujumlarga javob qaytarish huquqi saqlanib qoladi.

O‘jalon 27 fevral kuni qurolli kurashni tugatishga chaqirgan edi. «Amerika ovozi» nashriga ko‘ra, bu qaror Suriyada Bashar Asad hokimiyati ag‘darilgandan so‘nggi o‘zgarishlar, Livanda «Hizbulloh» ta’sirining susayishi va G‘azoda HAMAS hamda Isroil o‘rtasidagi urush fonida qabul qilingan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bu qarorni «tarixiy qadam» deb atab, kurdlar va turklar o‘rtasidagi «1000 yillik birodarlik»ni tiklash imkoniyati paydo bo‘lganini qayd etdi.

Ayrim tahlilchilar fikricha, kurdlar bilan mazkur kelishuv Erdo‘g‘anga 2028 yilda prezidentlik muddati tugagach ham hokimiyatda qolish uchun yangi konstitutsiya qabul qilish imkonini beradi.

Britaniyadan Ukrainaga Rossiya hisobidan qarz

Buyuk Britaniya Ukrainaga 3 mlrd dollarlik qarz ajratishini e’lon qildi. Bu mablag‘ Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan qoplanadi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu qarorni adolatli deb baholab, mablag‘lar Ukrainada qurol-yarog‘ ishlab chiqarishga yo‘naltirilishini ta’kidladi.

Qarz G7 ERA jamg‘armasi orqali ajratilgan. Avvalroq Ukraina ushbu fonddan AQShdan 1 mlrd, Yevropa Ittifoqidan esa 3 mlrd dollar olgan edi.

Ukraina moliya vaziri Britaniya hukumati va shaxsan xazina vaziri Reychel Rivzga qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Qizig‘i shundaki, bu kelishuv Zelenskiy va Donald Tramp o‘rtasidagi bahsdan so‘ng amalga oshirildi. AQSh prezidenti ukrain rahbarini «minnatdorlik bildirmaganlikda» ayblagan va u «tinchlikka tayyor emas», degan edi.

Shu bilan birga, Zelenskiyning Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashuvi «mazmunli va iliq» muhitda o‘tdi.

AQSh Zelenskiyga bosimni kuchaytirmoqda

Oq uyda Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugaganidan so‘ng AQSh rasmiylari Ukraina prezidentiga bosimni kuchaytirishda davom etmoqda.

AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts «Bizga Vashington va oxir-oqibat Moskva bilan kelisha oladigan lider kerak. Agar Zelenskiy shaxsiy yoki siyosiy sabablarga ko‘ra urushni to‘xtatishni xohlamasa, biz haqiqatan ham jiddiy muammoga duch kelamiz», — dedi.

Davlat kotibi Marko Rubio esa «AQSh Ukrainaga bir necha bor avval tinchlikka erishilishi, so‘ngra xavfsizlik kafolatlari berilishini tushuntirgan», degan fikrni bildirdi. Uning aytishicha, Zelenskiy Oq uyda AQSh hukumatining urushni tugatishga qaratilgan sa’y-harakatlariga to‘siq bo‘lishga uringan. Rubio Zelenskiy qilgan qilmishi uchun kechirim so‘rashi lozimligini ham ta’kidladi.

AQSh savdo vaziri Hovard Lyutnik esa shantajni ochiqchasiga davom ettirib, «Zelenskiy tinchlik bilan Vashingtonga kelmaguncha Ukrainaga mablag‘ ajratilmaydi», dedi.

AQSh moliya vaziri Skott Bessentning CBS telekanaliga ma’lum qilinishicha, AQSh va Ukraina o‘rtasida foydali nodir yerosti qazilmalari to‘g‘risidagi buzilgan bitimni tiklash hozircha ko‘rib chiqilmayapti.

Tramp va Zelenskiy tortishuvi: Rossiya xursand

Donald Tramp va Volodimir Zelenskiyning Oq uyda ochiq tortishuvga kirishganini siyosiy tahlilchilar Tramp ma’muriyati tomonidan Zelenskiyni obro‘sizlantirish uchun ataylab tashkil qilingan hujum, deb baholamoqda.

Moskva bu tortishuvdan mamnun va AQSh-Rossiya munosabatlarini yaxshilash muzokaralarini tezlashtirishni kutyapti. Saudiya Arabistonida o‘tgan muzokaralardan so‘ng ikkinchi bosqichni tashkil etish uchun qizg‘in tayyorgarlik ketmoqda.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh investorlarini Rossiyaning «Shimoliy oqim-2» loyihasiga jalb qilish harakatlari bor.

Kreml bu yaqinlashuvni qo‘llab-quvvatlab, Vashington tashqi siyosatda tub o‘zgarishlar qilmoqda, deb bayonot berdi. Bu esa AQShning G‘arb ittifoqchilari bilan munosabatlariga ta’sir qilishi mumkin.

Londonda Ukraina bo‘yicha yirik sammit o‘tkazildi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Londonda Ukraina bo‘yicha sammit o‘tkazib, unga g‘arb davlatlarini yig‘di. Volodimir Zelenskiydan tashqari, sammitda Fransiya, Germaniya, Daniya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Ispaniya, Kanada, Finlandiya, Shvetsiya, Chexiya va Ruminiya yetakchilari qatnashishdi.

Uchrashuvda Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan, NATO bosh kotibi Mark Ryutte va Yevropa Ittifoqi rahbarlari ham qatnashdi.

Starmer Britaniya va Fransiya Ukraina ishtirokida tinchlik kelishuvi taklifini ishlab chiqishini, so‘ng uni AQSh prezidenti Donald Trampga taqdim etishini ma’lum qildi.

Buyuk Britaniya Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar jo‘natishga tayyor, ammo Rossiya kelishuvni buzsa, AQSh kafolat beradigan «sug‘urta mexanizmi» talab qilinmoqda. Ammo bu kafolatlarni hanuz Tramp ma’muriyatidan olishga muvaffaq bo‘linganicha yo‘q.

Rossiya urushda 652 tinch fuqarosini yo‘qotdi

Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Ukraina urushi boshlanganidan beri 652 rossiyalik tinch fuqaro halok bo‘lganini, shulardan 23 nafari bolalar ekanini ma’lum qildi. Jami 2980 kishi yaralangan, ular orasida 169 bola bor.

Ombudsman Tatyana Moskalkovaga ko‘ra, Belgorod, Bryansk, Kursk va Krasnodarda tinch aholidan 398 kishi halok bo‘lgan. Bastrikin bu yo‘qotishlar uchun Ukraina harbiylarini aybladi.

Biroq BMT ma’lumotlariga ko‘ra, shu davrda Ukrainada 12 ming 654 tinch fuqaro halok bo‘lgan, 29 ming 392 kishi yaralangan. 2024 yilda qurbonlar soni 30 foizga o‘sgan, bu esa Rossiyaning tinch aholi obektlariga aviatsiya va dron hujumlarini kuchaytirgani bilan bog‘lanmoqda.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid