Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azoda xavf ostida qolgan yarashuv jarayoni, Ukrainada tinchlik rejasi ishlab chiqadigan Yevropa va Zelenskiy bayonotini tanqid qilgan Tramp - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat: yarashuv jarayoni xavf ostida
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamlarini noma’lum muddatga to‘xtatish haqida buyruq berdi. Bu qaror otishmalarni vaqtinchalik to‘xtatishning birinchi bosqichi yakunlanishi bilanoq qabul qilingani aytiladi.
Isroil hukumati Ramazon va Pesax davomida yarashuvni uzaytirish bo‘yicha AQSh taklifini qo‘llab-quvvatladi. Unga ko‘ra, HAMAS birinchi kuni garoda ushlab turilgan asirlarning yarmini ozod qilishi, qolgani esa doimiy o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishilganidan so‘ng qo‘yib yuborilishi kerak.
HAMAS bu qarorni «arzon shantaj» deb atab, uni to‘xtatish uchun xalqaro vositachilarni Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirdi. Yordamning to‘xtatilishi G‘azodagi gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.
Isroil G‘azo sektoriga havo hujumlari uyushtirib, tinchlik kelishuvini buzishda davom etmoqda. Oxirgi aviahujumlarda kamida to‘rt falastinlik halok bo‘ldi, olti kishi yaralandi.
Al Hadath telekanali ma’lumotiga ko‘ra, G‘azoni tiklash uchun 2-5 mlrd dollar ajratiladi. Ushbu mablag‘lar arab davlatlari rahbarligidagi maxsus fond orqali boshqariladi. G‘azo qayta qurilishini kuzatish uchun arab-yevropa qo‘mitasi tashkil etilishi kutilmoqda, ammo uning tarkibi hali ma’lum qilinmagan.
Yevropa tinchlik rejasini ishlab chiqadi
Buyuk Britaniya poytaxti Londonda o‘tgan Ukrainada tinchlik bo‘yicha sammitda Yevropa yetakchilari tinchlikka erishish uchun yagona strategiya ishlab chiqishga kelishib oldi. Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Yevropa davlatlari «xohlovchilar koalitsiyasi»ni tashkil etib, tinchlik rejasini tayyorlashini va uni AQShga taqdim etishini ma’lum qildi.
Sammitda Yevropaning mudofaa xarajatlarini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Yevroparlament rahbari qit’adagi iqtisodiy qiyinchiliklarni hisobga olib, qarz miqdorini cheklovchi qoidalarni yumshatish taklifini ilgari surdi.
Britaniya Ukrainaga 2,6 mlrd funt sterling ajratishini, bu mablag‘lar esa Rossiya aktivlaridan olingan foizlar hisobidan to‘lanishini e’lon qildi. Bu mablag‘larga besh mingdan ortiq havo hujumidan himoya tizimi uchun Britaniyada ishlab chiqarilgan raketalar xarid qilinishi kutilmoqda.
Yevropa davlatlari AQSh prezidenti Donald Trampni qit’a mudofaasini mustahkamlashga ishontirishga umid qilmoqda. NATO bosh kotibi Mark Ryutte ba’zi Yevropa davlatlari mudofaa xarajatlari bo‘yicha yangi rejalarni muhokama qilganini aytdi, ammo tafsilotlarni oshkor qilmadi.
Bo‘lajak kansler Trampni provokatsiyada aybladi
Germaniyaning bo‘lajak kansleri Fridrix Mers AQSh prezidenti Donald Tramp va vitse-prezident Jyey Di Vensni Zelenskiy bilan tortishuvni oldindan rejalashtirganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi bahs aslida provokatsiya bo‘lib, Vashingtonning yangi siyosiy strategiyasiga mos keladi.
28 fevral kuni Oq uyda Zelenskiy va Tramp o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan edi. Zelenskiy Rossiya prezidenti Putinga nisbatan yon bosishni rad etganidan so‘ng, Tramp va Vens uni urushni davom ettirishda aybladi. Bu bahs Ukraina rahbarining muzokarani muddatidan oldin tark etishiga sabab bo‘ldi.
G‘arb ommaviy axborot vositalari buni Zelenskiyga qarshi «rejalashtirilgan tuzoq» deb baholadi. The New York Times, Financial Times va The Atlantic nashrlari tortishuvda AQSh ma’muriyatining provokatsiyasi borligini ta’kidladi.
Tramp: «Zelenskiyning eng yomon bayonoti»
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyning urush yakunlanishiga hali «juda uzoq» vaqt borligi to‘g‘risidagi gaplarini keskin tanqid qildi.
Tramp Zelenskiyning bayonotini «eng yomon» deb atab, AQSh bunday vaziyatni uzoq davom ettirishga tayyor emasligini ta’kidladi.
«Bu Zelenskiy tomonidan yangrashi mumkin bo‘lgan eng yomon bayonot va Amerika bu holga uzoq vaqt chidab turmoqchi emas! Men aynan shu haqda gapirgandim — bu yigit tinchlikni istamaydi, toki u Amerika qo‘lloviga ega bo‘lib tursa. Yevropa yetakchilari ham Zelenskiy bilan uchrashuvda AQSh yordamisiz ular urushga dosh berolmasligini ochiq aytib o‘tishdi. Bu Rossiyaga qarshi kuchni namoyish etish nuqtayi nazaridan eng yaxshi bayonot emas. Ular nima haqida o‘ylayapti o‘zi?» — deb yozdi Tramp o‘zining Truth social ijtimoiy tarmog‘ida.
AQSh yordami to‘xtashi Ukraina frontiga ta’sir qiladi
Donald Tramp 4 mart kuni Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish masalasini maslahatchilari bilan muhokama qildi. Vashington 2022 yildan buyon Ukrainaga 64 mlrd yevro miqdorida harbiy yordam bergan, bu esa Yevropa Ittifoqi jami bergan yordamdan ham ko‘proq.
AQSh HIMARS va ATACMS raketalari, Patriot tizimlari, Starlink aloqa vositalari kabi strategik qurollar yetkazib bergan. Bu tizimlar Yevropada ishlab chiqarilmaydi, shuning uchun Ukrainaga faqat Yevropa PVO tizimlari qolishi mumkin. G‘arb tahlilchilari agar AQSh yordami to‘xtatilsa, Ukraina fronti yozgacha hozirgi holatda saqlanishini, ammo raketalar tanqisligi vaziyatni murakkablashtirishini ta’kidlamoqda.
Zelenskiyga ko‘ra, Ukraina o‘z qurol-yarog‘ini ishlab chiqarishni kuchaytirmoqda. Bir yil ichida 2,5 mln snaryad ishlab chiqilgan, lekin bu yetishmovchilikni to‘liq qoplay olmaydi. AQSh yordami to‘xtasa, Ukraina yangi manbalar izlashga majbur bo‘ladi.
Moskva Vashington bilan muzokaralarni tezlashtirmoqchi
Rossiya va AQSh ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha yangi muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Moskva Donald Tramp va Vladimir Putinning uchrashuvini tashkil etish masalasini muhokama qilmoqda, deb xabar qilmoqda CNN.
18 fevralda Saudiya Arabistonida ilk muzokaralar o‘tkazilgan. Endi tomonlar Fors ko‘rfazidagi davlatlardan birida yangi muzokara bosqichini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Kreml Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashishi fonida AQSh Kiyevga kamroq e’tibor qaratishi va Moskva bilan iqtisodiy kelishuvlarga yo‘l ochilishiga umid qilmoqda.
Tramp va Putin 12 fevralda telefon orqali muloqot qilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ular «hamkorlik qilish» va o‘zaro tashriflar masalasini muhokama qilgan.
28 fevralda Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv kelishmovchilik bilan yakunlandi. Zelenskiy muzokaralardan erta ketib qoldi va nodir qazilma boyliklar bo‘yicha kelishuv imzolanmadi. U AQSh qo‘llovini yo‘qotishni xohlamaganini aytmoqda, Oq uy esa Zelenskiyning kechirim so‘rashini kutmoqda, biroq Ukraina prezidenti bu taklifga javob qaytarganicha yo‘q.
Rossiya Dniproda Ukraina poligoniga zarba berdi
Rossiya qo‘shinlari 1 mart kuni Dnipropetrovsk oblastidagi harbiy poligonga raketa hujumi uyushtirib, Ukraina qurolli kuchlariga katta yo‘qotish yetkazdi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni aniqlanmoqda. «Ukrainskaya pravda» 100 ga yaqin yarador va o‘nlab harbiylar halok bo‘lgani haqida xabar berdi.
Rossiya mudofaa vazirligi hujumda «Iskander-M» raketalaridan foydalanilganini va hodisa videoyozuv orqali tasdiqlanganini ma’lum qildi. Ularga ko‘ra, 150 nafargacha harbiy, shu jumladan, xorijiy instruktorlar halok bo‘lgan. Ukraina manbalari bu raqamlarni tasdiqlamadi.
Ukraina davlat tergov byurosi hodisa bo‘yicha tergov boshlaganini e’lon qildi. Tergov xavfsizlik choralari ko‘rilmaganini va bu fojiaga sabab bo‘lganini o‘rganmoqda.
«Afg‘onistonda qurollangan xitoyliklar yo‘q»
«Tolibon» rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoy Bagram aviabazasini nazorat qilyapti, degan da’volarini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston hech bir davlat bilan bunday kelishuvga ega emas.
«Bu yerda birorta ham qurolli xitoylik yo‘q. Nega u shunday yuqori minbardan yolg‘on ma’lumot tarqatmoqda? AQSh katta davlat va uning rahbari aniqlik bilan gapirishi kerak», — dedi Mujohid.
Uning ta’kidlashicha, Yevropa mamlakatlari Kobul bilan rasmiy aloqalar o‘rnatishga qiziqish bildirmoqda, biroq AQShga bo‘lgan majburiyatlari tufayli hali bu qadamni qo‘ymagan.
Tramp Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi borasida bir necha bor tanqidiy fikr bildirgan. Uning fikricha, Bagram aviabazasi AQSh uchun strategik ahamiyatga ega, chunki u Xitoyning yadro inshootlariga yaqin joylashgan.
Mavzuga oid
13:40 / 28.05.2025
Talabalarga viza suhbatlarini to‘xtatgan AQSh, Isroilni tanqid qilgan kansler va Hayit kunini e’lon qilgan Saudiya – kun dayjesti
13:15 / 27.05.2025
HAMASga taklif qilingan sulh, Liverpuldagi fojia va rafiqasidan shapati yegan Makron - kun dayjesti
13:31 / 26.05.2025
Putin vertolyoti atrofida dronlar hujumi, Hamasning harbiy operatsiyasi va YeIga bojlarni kechiktirgan Tramp – kun dayjesti
14:21 / 24.05.2025