Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
HAMASdan Trampga, Putindan Makronga javoblar, Zalujniyning bayonotlari va Saudiyada kutilayotgan muzokaralar - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
HAMAS Trampning tahdidlariga javob qaytardi
HAMAS vakili Hazim Qosim AQSh prezidenti Donald Trampning so‘nggi bayonotlari G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish va asirlar almashinuvi kelishuvini xavf ostiga qo‘yayotganini ma’lum qildi.
Qosimning aytishicha, Trampning tahdidlari Isroilni kelishuv shartlarini buzishga rag‘batlantirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS birinchi bosqich bo‘yicha barcha majburiyatlarni bajargan, ammo Isroil ikkinchi bosqichni amalga oshirishdan bosh tortmoqda.
«AQSh bu kelishuvning kafillaridan biri edi. Hujjat barcha asirlarni uch bosqichda ozod qilishni ko‘zda tutadi. HAMAS o‘z majburiyatlarini bajardi», — dedi Qosim va Vashingtonni Isroilga bosim o‘tkazib, uni muzokaralarga qaytarishga chaqirdi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social sahifasida Isroildan barcha asirlarni ozod qilishni talab qildi va HAMAS a’zolari hech qayerda o‘zini xavfsiz his qilmasligini ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, AQSh yaqinda 3 mlrd dollarlik harbiy yordamni Isroilga taqdim etishni tasdiqladi.
Britaniya Suriyaga ayrim sanksiyalarni bekor qildi
Buyuk Britaniya hukumati Suriyaning 24 ta tashkilotiga, jumladan, Markaziy banki va neft kompaniyalariga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligi ma’lum qildi.
Sakkizta bank, shu jumladan Sanoat banki va Suriya tijorat banki, shuningdek Al Furat, General Petroleum Corporation, Syria Trading Oil Company kabi neft kompaniyalari «qora ro‘yxat»dan chiqarildi. Syrian Arab Airlines aviakompaniyasiga nisbatan cheklovlar ham olib tashlandi.
Sanksiyalarning bekor qilinishi Suriyada hokimiyat o‘zgargani bilan bog‘liq. Dekabr oyida Bashar Asad hukumati ag‘darilgandan so‘ng, Britaniya cheklovlarni yumshatish niyatida ekanini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Suriyadagi yangi hokimiyatning qarorlariga qarab o‘z sanksiya siyosatini belgilashini bildirgan.
Putindan Makronga javob
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Fransiya rahbari Emmanuel Makron Rossiya haqidagi bayonotlariga javoban 1812 yildagi Napoleon yurishining muvaffaqiyatsizligi haqida eslatdi.
Moskvada «Vatan himoyachilari» fondi vakillari bilan uchrashuvda Putin Smolensk va Napoleon urushlari muzeyi haqida gapirib, «ba’zi kishilar o‘sha davrlarni orzu qiladi, ammo oqibatni unutib qo‘yadi», dedi. U Fransiya Rossiyani zabt eta olmagani va bu safar ham muvaffaqiyatga erisholmasligini ta’kidladi.
«Bunday jasur yigitlar bilan, sizlarning farzandlaringiz va do‘stlaringiz bilan Rossiyani zabt eta olmaydi», — dedi u rus askarining onasiga murojaat qilib.
Makron chorshanba kuni xalqqa murojaatida Rossiyani Fransiya va Yevropaga tahdid deb atagan hamda yadroviy tiyib turish bo‘yicha strategik muhokamalar boshlanganini e’lon qilgan edi.
Ukraina va AQSh Saudiyada muzokaralar o‘tkazadi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev va Vashington muzokara guruhlari ishni qayta boshlaganini va Saudiya Arabistonida «mazmunli uchrashuv» bo‘lishini kutayotganini ma’lum qildi.
Fox News va Axios ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar 12 mart kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida o‘tkaziladi. AQSh delegatsiyasiga davlat kotibi Marko Rubio, Milliy xavfsizlik maslahatchisi Mayk Uolts va prezident Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff boshchilik qiladi. Ukraina tomonidan prezident ofisi rahbari Andrey Yermak ishtirok etadi.
AFP agentligi muzokaralar 11 martda Jiddada ham bo‘lishi mumkinligini xabar qildi. Uchrashuvda tinchlik kelishuvining asosiy yo‘nalishlari va o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish masalasi muhokama qilinadi.
Zalujniy: «Ukrainada frontda odam qolmadi»
Ukraina Britaniyadagi elchisi, sobiq Bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniy armiyada odam yetishmovchiligi jiddiy darajaga yetganini va urush mamlakat uchun istiqbolsiz to‘qnashuvga aylanganini ma’lum qildi.
Lvivdagi chiqishida u mobilizatsiya resurslari tugaganini va hatto ayollarni ommaviy jalb qilish ham yetarli bo‘lmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain armiyasi 50 ming askarni yo‘qotgan, 300 mingdan ortiq harbiy yaralangan. Urush Ukraina uchun faqat yo‘qotishlar keltirayotganini qayd etdi.
Zalujniy Rossiyaning yo‘qotishlari haqida ham ma’lumot berib, u yerda 250 mingdan ortiq harbiy halok bo‘lganini, lekin ko‘p sonli aholi va majburiy mobilizatsiya tizimi tufayli Moskva frontda ustunlikni saqlab qolayotganini aytdi.
Valeriy Zalujniy AQShni G‘arb birdamligini buzish va Yevropa xavfsizligini xavf ostida qoldirishda ham aybladi.
«AQSh jahon tartibini vayron qilmoqda. Vashington G‘arb birligini shubha ostiga qo‘ydi», — dedi u. Zalujniy NATOning zaiflashuvi Rossiyaga Yevropa ustidan ustunlik berishidan xavotir bildirdi.
Zalujniy ayni paytda Ukrainadagi eng mashhur shaxs bo‘lib qolmoqda. Socis agentligining fevral oyi so‘rovlariga ko‘ra, unga 73,3 foiz fuqarolar ishonch bildirgan. Uning reytingi 51,3 foiz qo‘llovga ega harbiy razvedka rahbari Kiril Budanov va amaldagi prezident Volodimir Zelenskiyning 39,6 foizlik ko‘rsatkichlaridan yuqori.
Bryusselda Yevropa mudofaasi muhokama qilindi
Yevropa Ittifoqi rahbarlari Bryusseldagi favqulodda sammitda Yevropa mudofaa salohiyatini oshirish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash choralarini muhokama qildi. Sammitda mudofaa xarajatlarini oshirish haqida kelishuvga erishildi. Bu qaror AQSh prezidenti Donald Trampning Yevropa o‘z xavfsizligini mustaqil ta’minlashi kerakligini bildirganidan so‘ng qabul qilindi.
Germaniyaning ehtimoliy kansleri Fridrix Mers va Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta Yevropa harbiy qudratini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Yevropa xavfsizligida Fransiyaning yadroviy potensiali rolini muhokama qilishni taklif qildi.
Sammitda AQShning Ukrainaga yordamni to‘xtatishiga javoban Kiyevni qo‘llab-quvvatlash strategiyasi ham muhokama qilindi. Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan birgalikda Yevropa xavfsizligi tobora katta tahdid ostida ekanini ta’kidladi.
27 davlat rahbarlari budjet cheklovlarini yengillashtirishga rozi bo‘ldi, bu harbiy xarajatlarni oshirish imkonini yaratadi. Shuningdek, Yevrokomissiya milliardlab yevro sarflash imkoniyatini o‘rganishi topshirildi. Taxminlarga ko‘ra, bu chora-tadbirlar mudofaa yo‘lida 650 mlrd yevro ajratishga imkon beradi. Shuningdek, 150 mlrd yevrolik kredit dasturi muhokama qilinmoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Bryusseldagi uchrashuvdan so‘ng «Tezkor tinchlik yo‘lidagi takliflar» tayyorlanayotganini e’lon qildi.
Shu bilan birga, Vengriya va Slovakiya odatdagidek sammit qarorlarining ayrim bandlariga qarshi chiqmoqda.
Yevropa Xitoyni tinchlik jarayoniga jalb qiladimi?
Yevropa AQSh va Rossiyaning Ukraina bo‘yicha bir tomonlama kelishuviga yo‘l qo‘ymasligi uchun Xitoy bilan hamkorlik qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishi lozim, deb yozmoqda Chatham house.
Ma’lum qilinishicha, Vashington Kiyevga harbiy yordamni qisqartirib, Moskva bilan muzokaralarga moyillik bildirayotgan bir paytda, Yevropa o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun geosiyosiy strategik manyovr qilishga majbur.
Xitoyning Ukrainaga nisbatan pozitsiyasi ziddiyatli bo‘lsa-da, u tinchlik muzokaralarida Yevropa va Ukraina ishtirok etishi tarafdori. Shu bilan birga, Pekin Rossiyaga ta’sir o‘tkaza oladi va Amerika bilan keskinlikni pasaytirishda rol o‘ynashi mumkin. Yevropa Xitoy bilan muloqot qilish orqali AQSh bosimiga qarshi kurasha oladi hamda o‘z mudofaa salohiyatini qayta tiklash uchun vaqtdan yutadi.
Yevropa bu holni Xitoyning xalqaro imijini mustahkamlash imkoniyati sifatida ko‘rsatib, uni faol ishtirokka chorlashi mumkin.
Biroq Yevropa Xitoy bilan hamkorlikka tayyor bo‘lsa, Pekinga ayrim iqtisodiy imtiyozlar berish talab qilinishi mumkin. Masalan, Xitoyning Ukrainadagi urushdan keyingi tiklanish jarayonida ishtirok etishi va Xitoy elektr avtomobillariga nisbatan Yevropadagi baland boj tariflarini qayta ko‘rib chiqish orqali.
Ekspertlarga ko‘ra, Yevropa rahbarlari dunyo geosiyosiy manzarasida ko‘p qutblilik hukmronligini tan olib, muvozanatli strategik munosabatlarni shakllantirishi zarur. G‘arbdagi liberal tizimni dunyo miqyosida yoyishga intilish xato bo‘lishi mumkin. Agar Yevropa Xitoyni muzokaralarga jalb qilishga tayyor bo‘lmasa, AQSh va Rossiyaning bir tomonlama bitimi unga og‘ir oqibatlar keltirishi mumkin.
Mavzuga oid
13:40 / 28.05.2025
Talabalarga viza suhbatlarini to‘xtatgan AQSh, Isroilni tanqid qilgan kansler va Hayit kunini e’lon qilgan Saudiya – kun dayjesti
13:15 / 27.05.2025
HAMASga taklif qilingan sulh, Liverpuldagi fojia va rafiqasidan shapati yegan Makron - kun dayjesti
13:31 / 26.05.2025
Putin vertolyoti atrofida dronlar hujumi, Hamasning harbiy operatsiyasi va YeIga bojlarni kechiktirgan Tramp – kun dayjesti
14:21 / 24.05.2025