Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azoga zulm qilishda bardavom Isroil, Sudjani tark etgan ukrainlar va Trampdan Rossiyaga sanksiya va’dasi - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Isroil G‘azoda hujumni kuchaytirdi
Isroil kuchlari o‘tgan kun ichida G‘azo hamda G‘arbiy sohilda 11 falastinlikni o‘ldirdi. Falastin manbalariga ko‘ra, 8 kishi G‘azoda, 3 kishi esa G‘arbiy sohilda halok bo‘lgan.
19 yanvardagi otashkesim kelishuvidan beri G‘azoda 137 kishi halok bo‘lgan. Isroil harbiylari ular xavfli shaxslar ekanini iddao qilmoqda, biroq qurbonlarning aksariyati tinch aholi, shu jumladan ayollar va bolalardir.
HAMAS va Isroil o‘rtasidagi muzokaralar qayta boshlandi. Isroil asirlardan yarmini ozod etish evaziga muzokaralarni davom ettirishni talab qilmoqda. HAMAS esa barcha asirlarni ozod qilish va Isroil qo‘shinlarini G‘azodan chiqarish masalasini muhokama qilishni talab qilmoqda.
Bundan tashqari, Isroil HAMASga bosimni kuchaytirish maqsadida G‘azoga oziq-ovqat, dori-darmon, elektr va yoqilg‘i yetkazib berishni to‘liq to‘xtatdi. BMT va inson huquqlari tashkilotlari bu choralarni xalqaro huquqni buzish deb baholab, Tel Avivni qattiq tanqid qilmoqda.
YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, falastinliklarning atigi 10 foizi toza ichimlik suvga ega. BMT Isroilning cheklovlari G‘azoni ochlik va humanitar inqiroz girdobiga tortayotganini ta’kidlamoqda.
Ukraina qo‘shini Sudja shahrini tark etdi
Rossiya qo‘shinlari Kursk oblastida Ukraina nazoratida bo‘lib kelgan Sudja shahriga kirib bordi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, armiya 100 kilometr kvadratdan ortiq hududni egallab, 17 ta aholi punktlarini, jumladan Sudjani o‘z nazoratiga olgan.
Ukraina tomoni hozircha vaziyatni rasmiy izohlamagan. Biroq Ukraina Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy qo‘shinlar strategik nuqtalarga chekinayotganini va to‘qnashuv tahdidi yo‘qligini bildirdi. Rossiya tomoni esa Sudjadagi sanoat hududi va ma’muriy binolar ustidan to‘liq nazorat o‘rnatganini ma’lum qildi.
Rossiya qo‘shinlari shimol va janub yo‘nalishlarida ham ilgarilab, Bogdanovka, Kazatskaya Loknya, Mirnoye va Bondarevka qishloqlarini egalladi. Bu voqealar fonida Ukraina generali Dmitro Krasilnikov lavozimidan chetlashtirildi.
Ukraina qo‘shinlari 2024 yil avgustida Kursk oblastiga hujum qilib, bir necha oy davomida hududni nazorat qilgan edi. Harbiy tahlilchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina bu hududda pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqmoqda.
Tramp Rossiyaga qarshi kuchli sanksiyalarni va’da qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi «halokatli» sanksiyalar joriy etishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Ukrainadagi urushni davom ettirsa, iqtisodiy jazolar yanada kuchaytiriladi.
Tramp VVS bilan suhbatda Rossiya uchun «moliyaviy jihatdan og‘ir oqibatlar» bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. U qo‘llanajak choralarni «halokatli» deb atab, Kreml uchun yangi iqtisodiy cheklovlar tayyorlanayotganini bildirdi.
AQSh prezidenti Ukrainadagi vaziyatga to‘xtalib, Kiyevning pozitsiyasi o‘zgarganini aytdi. Trampga ko‘ra, Ukraina avval tinchlikka moyillik bildirmagan, ammo endi Zelenskiy muzokaralarga tayyor.
Agar Moskva AQSh taklif qilgan 30 kunlik tinchlik rejasini rad etsa, Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llanishini AQSh senatori Lindsi Grehem ham va’da qildi. Bu holda cheklovlar nafaqat Rossiyaga, balki uning neft, gaz va uranni xarid qiluvchi davlatlariga ham qo‘llanadi.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga bunday vaqtinchalik tinchlikni muhim deb atadi. Biroq Moskva hozircha bu taklifga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.
Bloomberg nashrining yozishicha, RF prezidenti Vladimir Putin 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘ladi, biroq Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazilishi to‘xtatilishini talab qilishi mumkin.
Turkiya Rossiya va Ukraina muzokaralarini qo‘llab-quvvatlaydi
Turkiya Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralarini qayta tiklashga tayyor. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Polsha bosh vaziri Donald Tusk bilan uchrashuvda Turkiya mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda faol rol o‘ynashga tayyorligini bildirdi.
Erdo‘g‘an Ukrainada urushni tugatish, adolatli tinchlikni ta’minlash va diplomatik jarayonlarni tezlashtirish kerakligini ta’kidladi. U Rossiya va Ukrainani muzokaralarga qaytishga chorlab, Turkiya bunday jarayonga mezbonlik qilishga tayyorligini bildirdi. Avvalroq Erdo‘g‘an Adolat va taraqqiyot partiyasi parlament fraksiyasida ham chiqish qilib, Turkiya «tinchlik diplomatiyasi» markaziga aylanayotganini ta’kidlagan.
Tusk bilan uchrashuvda Yevropa xavfsizligi, Falastindagi vaziyat va NATOdagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Erdo‘g‘an Turkiya va Polsha NATOning muhim a’zolari ekanini va ikki davlat Yevropaning sharqiy va janubiy qanotlarida asosiy rol o‘ynashiga urg‘u berdi.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lishga intilishini qayd etib, bu jarayon faqat o‘zaro hurmat va manfaatlar asosida rivojlanishi mumkinligini ta’kidladi.
Armaniston tashqi kuchlardan voz kechmoqchi
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Armaniston va Ozarboyjon chegarasini delimitatsiya qilgandan so‘ng, uchinchi davlatlarning harbiy kuchlarini joylashtirishga ehtiyoj qolmasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chegarani aniq belgilash orqali mojarolar xavfi kamayadi.
Shu bilan birga, Armaniston va Ozarboyjon o‘zaro xalqaro da’volardan voz kechish masalasini muhokama qilmoqda. Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan bu jarayonga ijobiy yondashuv kerakligini va Turkiya bilan ham munosabatlarni yaxshilash mumkinligini ta’kidladi.
Mirzoyanning so‘zlariga ko‘ra, Yerevan Ozarboyjon taklif qilgan tinchlik kelishuvining 12-tahrirlanishiga javob bergan. Boku va Yerevan o‘rtasida tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Ozarboyjon tomoni ma’lumotiga ko‘ra, 17 banddan iborat kelishuvning faqat ikki bandi — o‘zaro xalqaro da’volardan voz kechish va uchinchi tomonlarning chegarada ishtirokini istisno qilish masalalari muhokama qilinmoqda.
Mirzoyan Yerevan va Boku o‘rtasidagi muloqot tez orada yangi bosqichga chiqishi mumkinligini ta’kidladi. U, shuningdek, Armaniston Turkiya bilan munosabatlarni yaxshilashga ham tayyor ekanini ma’lum qildi.
Vengriyada muxolifat partiyasi yetakchilik qilmoqda
Vengriyada muxolifatchi Peter Madyar yetakchiligidagi «Tisa» partiyasi saylovchilar orasida yetakchilikni saqlab qolmoqda. Medián agentligi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, partiya hozirgi bosh vazir Viktor Orbanning «Fides» partiyasidan oldinda ketmoqda.
So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘z tanlovini aniqlab bo‘lgan saylovchilarning 46 foizi «Tisa»ni qo‘llab-quvvatlagan, «Fides-KDNP» blokiga esa 37 foiz ovoz berilgan. Bu farq 2024 yil noyabr oyidan beri deyarli o‘zgarmagan.
«Tisa» partiyasi saylovchilarining 90 foizi saylovda albatta ishtirok etishini ma’lum qilgan, bu ko‘rsatkich «Fides» tarafdorlari orasida 80 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, 56 foiz respondent Vengriyada hukumat o‘zgarishini qo‘llab-quvvatlagan, 35 foizi esa Orban hukumatiga ishonch bildirgan.
«Tisa» partiyasi Yevroparlament saylovlari arafasida tashkil etilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida Vengriyadagi eng yirik muxolifat kuchiga aylandi. Mamlakatda navbatdagi parlament saylovlari 2026 yilda bo‘lib o‘tadi.
KXDRda dohiy uchun maxfiy bunker qurildi
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Jong Un yadro raketalarini joylashtirish uchun maxfiy bunker qurdirdi. Daily Mail xabariga ko‘ra, ushbu inshoot Pyongyang yaqinidagi qishki saroyi o‘rnida barpo etilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu hududda shaxsiy golf maydoni qurilgan. Biroq mutaxassislar bu maydon aslida maxfiy raketa start kompleksini niqoblash uchun qurilganini ta’kidlamoqda. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar bu yerda beton poydevor qo‘yilganini va ustidan yupqa tuproq qatlami yotqizilganini ko‘rsatmoqda.
Infraqizil tasvirlar tahliliga ko‘ra, 2023 yil iyun oyida maydon qurilish jarayonida beton asos bilan mustahkamlangan va ustiga chim qoplangan. Bu usul obektni kuzatuv yo‘nalishlaridan yashirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar bu bunker yadro qurollarini saqlash yoki strategik raketa start majmuasi sifatida ishlatilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu esa Shimoliy Koreyaning harbiy salohiyati yanada oshganini ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
13:40 / 28.05.2025
Talabalarga viza suhbatlarini to‘xtatgan AQSh, Isroilni tanqid qilgan kansler va Hayit kunini e’lon qilgan Saudiya – kun dayjesti
13:15 / 27.05.2025
HAMASga taklif qilingan sulh, Liverpuldagi fojia va rafiqasidan shapati yegan Makron - kun dayjesti
13:31 / 26.05.2025
Putin vertolyoti atrofida dronlar hujumi, Hamasning harbiy operatsiyasi va YeIga bojlarni kechiktirgan Tramp – kun dayjesti
14:21 / 24.05.2025