Jahon | 13:41
4257
10 daqiqa o‘qiladi

Oq uydan HAMASga ogohlantirish, Putin bilan muloqot qilgan Tramp va Rossiya neftidan voz kechayotgan Xitoy - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Oq uydan HAMASga jiddiy ogohlantirish

AQSh prezidenti Donald Tramp HAMASdan garovga olingan isroilliklarni ozod qilishni yana bir bor talab qildi. Unga ko‘ra, agar bu talab bajarilmasa, guruh «og‘ir oqibatlarga» duch keladi.

Dohadagi muzokaralarda AQSh prezidentining Yaqin Sharqdagi maxsus vakili Stiv Uitkoff va Milliy xavfsizlik kengashining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha katta direktori Erik Treger Ramazon va Pesaxdan keyin sulhni uzaytirish taklifini taqdim etdi.

AQSh taklifiga ko‘ra, HAMAS garovdagi tirik insonlarni avvalgi kelishuvlarga muvofiq tarzda falastinlik mahbuslarga almashishi va humanitar yordamni tiklash uchun o‘t ochishni to‘xtatish majburiyatini olishi lozim.

Shuningdek, Vashington ikki fuqarolikka, jumladan AQSh fuqarosi bo‘lgan Edan Aleksandr garovdan darhol ozod qilinishi kerakligini ta’kidladi.

Iroqda IShID yetakchilaridan biri o‘ldirildi

Iroq xavfsizlik kuchlari va xalqaro koalitsiya «Islomiy davlat» — IShID guruhining yirik yetakchilaridan biri, Abdulla Maki Muslih ar-Rifaiy (Abu Hadiyja)ni yo‘q qildi. Bu haqda Iroq bosh vaziri Muhammad Shias as-Sudaniy ma’lum qildi.

As-Sudaniyga ko‘ra, Abu Hadiyja Iroq va Suriya hududlarida faoliyat yuritgan va dunyodagi eng xavfli terrorchilaridan biri hisoblangan.

Bu orada Isroil armiyasi Suriya poytaxti Damashqdagi «Islomiy jihod» tashkiloti shtabiga zarba berganini ma’lum qildi. TSAHALning iddaolariga ko‘ra, bu markaz Isroilga qarshi terror harakatlarini muvofiqlashtirish uchun ishlatilgan.

Ukraina urushni muzlatishga rozi emas

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Kiyev «Minsk-3» formatidagi tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi. Unga ko‘ra, Ukrainaning AQShdagi hamkorlari ham bunday ssenariyga qarshi. Yermakning aytishicha, Yevropa tinchlik jarayoniga faol jalb qilinishi lozim.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kursk operatsiyasining vazifasi bajarilganini ta’kidladi.

«Yigitlarimiz mutlaq qahramonlik ko‘rsatib, o‘zlariga mustahkam zarbani qabul qilishdi. Bosim birinchi navbatda Xarkiv yo‘nalishiga to‘g‘ri keldi — rossiyaliklar Kursk oblastiga maksimal qo‘shin yuborishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng ular sharqdan kuchlarni jalb qila boshlashdi, biroq o‘zlarining asosiy maqsadi — Pokrovskni tashlab ketishmadi», — dedi Zelenskiy.

Bu orada, NATO bosh kotibi Mark Ryutte AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi masalasini muzokaralar kun tartibidan chiqarganini tasdiqladi.

Tramp Putin bilan yana gaplashdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Vladimir Putin bilan yana telefon orqali suhbatlashib, urushda o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qildi. Tramp ushbu muloqotni «juda yaxshi va samarali» deb baholadi.

Trampga ko‘ra, minglab ukrainalik askarlar hozir Rossiya qo‘shinlari tomonidan Kursk oblastida qurshovda qolgan va jiddiy xavf ostida. «Prezident Putindan ularning hayotini saqlab qolishni qattiq iltimos qildim», — dedi Tramp.

Putin esa Trampning iltimosi bilan tanishib chiqib, Kurskda qurshovga tushib qolgan ukrain askarlari qurolni tashlab, taslim bo‘lsa ularning jonini saqlab qolishini bildirgan.

Tramp Rossiya bilan olib borilayotgan muzokaralar ijobiy kechayotganini ta’kidladi, biroq vaziyatni «juda murakkab» deb baholadi. U dushanba kuni Ukrainadagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha aniqroq ma’lumot berilishini bildirdi. Shuningdek, u saylovoldi chiqishlaridagi «urushni 24 soatda tugatish» haqidagi gaplari sarkazm bo‘lganini tan oldi.

G7 Rossiyani sulhga kelishga chaqirdi

«Katta yettilik» davlatlari Rossiyani otashkesimga rozi bo‘lishga va kelishuvni to‘liq bajarishga chaqirdi. Agar Moskva kelishuvdan bosh torsa, qo‘shimcha sanksiyalar va Rossiya aktivlaridan Ukraina uchun foydalanish kabi choralar ko‘rilishi mumkin.

Kanadadagi G7 tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi yakunida qabul qilingan bayonotda, Ukrainaning hududiy yaxlitligini himoya qilishda qat’iy qo‘llab-quvvatlash bildirildi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio muzokaralarni ilgari surish muhimligini ta’kidlab, «sulhning birinchi qadami — urush harbiy yo‘l bilan hal qilinmasligini tan olish», dedi.

G7 davlatlari Rossiyaga qo‘shimcha iqtisodiy bosim o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qildi. Sanksiyalar qatorida neft narxlarini cheklash, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish ham bor.

Yig‘ilishda Rossiyaga KXDR va Eron tomonidan harbiy yordam berilgani keskin qoralandi. Shuningdek, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azoga gumanitar yordam yetkazishni qayta tiklash taklif qilindi.

Kanada AQSh tarkibiga kirmoqchi emas

Kanadaning yangi bosh vaziri Mark Karni qasamyod qabul qilib, lavozimga kirishdi va mamlakat hech qachon AQSh tarkibiga qo‘shilmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kanada o‘z mustaqilligi va milliy manfaatlarini himoya qiladi.

Karnining ta’kidlashicha, rasmiy Vashington Kanadaning tabiiy resurslari, suvi va yerlariga qiziqish bildirayotgan bo‘lsa-da, bu mamlakat mustaqilligini yo‘qqa chiqarmaydi. Shuningdek, u AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muloqotlar orqali savdo nizolarini hal qilish yo‘llarini topishga umid qilishini bildirdi.

Daniya esa AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani anneksiya qilish rejalaridan jiddiy xavotirda. Mamlakat parlamenti mudofaa qo‘mitasi rahbari Rasmus Yarlov Tramp va NATO bosh kotibi Mark Ryutte o‘rtasidagi Grenlandiya haqidagi hazilni keskin tanqid qildi.

«Bu shunchaki hazil emas, balki NATOga a’zo ikki davlat o‘rtasidagi urushga sabab bo‘lishi mumkin. Grenlandiya mustaqillikka qarshi ovoz berdi va hech qachon AQShga qo‘shilishni xohlamaydi», — dedi Yarlov.

Germaniya Ukrainaga Taurus raketalarini berishga tayyor

Germaniyada kanslerlikka nomzod Fridrix Mers Ukrainaga Taurus qanotli raketalarini yetkazib berish rejasini e’lon qilishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Der Spiegel nashri xabar berdi.

Shuningdek, Mers «yashillar» va Germaniya sotsial demokratik partiyasi bilan 500 mlrd yevro hajmdagi investitsiya fondi tashkil qilish yuzasidan kelishuvga erishganini bildirdi. Mazkur mablag‘ mudofaa va infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Mudofaa xarajatlari faqat harbiy kuchlar va mudofaa sanoati uchun emas, balki razvedka xizmatlari va Ukrainaga moliyaviy yordamni ham o‘z ichiga oladi. Mazkur taklif kelasi hafta parlament muhokamasiga qo‘yiladi.

«Bu bizning ittifoqchilarimiz va raqiblarimizga aniq signal: biz o‘zimizni himoya qila olamiz. Germaniya qayta tiklanmoqda va Yevropaning xavfsizligiga muhim hissa qo‘shmoqda», — dedi Mers.

Yevropa Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirdi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi joriy qilingan individual sanksiyalarni yana uzaytirishga qaror qildi. YeI qaroriga ko‘ra, Rossiyaning qariyb 2400 jismoniy va yuridik shaxsiga nisbatan moliyaviy cheklovlar saqlab qolinadi. Bu haqda Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen ma’lum qildi.

Sanksiyalar doirasida ushbu shaxslarning aktivlari muzlatilib, Yevropa hududiga kirishi taqiqlanadi.

Avvalroq Vengriya veto qo‘yish tahdidi bilan 9 nafar shaxsni ro‘yxatdan chiqarishni talab qilgan bo‘lsa-da, yakunda baribir ovozga qo‘shildi va Vengriya ozod qilmoqchi bo‘lganlarning aksariyatiga cheklovlar saqlanib qoldi. Masalan, g‘arb sanksiya ro‘yxatidan chiqishga bir necha bor besamar uringan rus oligarxi Mixail Fridman yana ro‘yxatda qolgan.

Biroq Vengriya talabiga binoan 3 kishi sanksiyadan chiqarildi. Ulardan biri Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismailova, shuningdek, Vyacheslav Moshe Kantor va Mixail Degtyaryov ham bor. Shuningdek, bir necha shaxslar vafoti tufayli ro‘yxatdan olib tashlangan.

Xitoy Rossiya neftidan voz kechmoqda

AQSh sanksiyalari tufayli Xitoy davlat neft kompaniyalari Rossiya neftidan voz kechmoqda. Mamlakatdagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi Sinopec hamda Zhenhua Oil Rossiya neftini xarid qilishni to‘liq to‘xtatgan. PetroChina va CNOOC mart oyidagi yuklamalarni qisqartirgan holda sotib olishni davom ettirmoqda.

Shuningdek, yangi sanksiyalar tufayli Rossiya neftini Xitoyga yetkazib berish muddati yetti barobarga uzaydi. Qayd etib o‘tish kerak, Xitoyning neft import tarkibida Rossiya 20 foiz ulushga ega bo‘lib kelgan.

Bundan tashqari, Rossiyaning energetika bozoridagi inqiroz «Gazprom»ga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Kompaniya bosh direktori Aleksey Miller Peterburgdagi «Laxta sentr»da ishlovchi 1,5 ming xodimni qisqartirish rejasini ma’qulladi. Bu, o‘z navbatida, markaziy ofis xodimlarining qariyb 40 foizini tashkil etadi.

Mavzuga oid