Jahon | 13:14
3226
10 daqiqa o‘qiladi

Yamanga hujum, Ilon Maskka qarshi namoyishlar va armiya Bosh shtabi rahbarini almashtirgan Ukraina - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

AQSh Yamanga havo hujumlarini amalga oshirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Yamandagi husiychilarga qarshi keng ko‘lamli havo hujumlarini boshlash buyrug‘ini berdi. U bu harakatni husiychilarning Qizil dengizda Amerika kemalariga hujum qilganiga javob sifatida izohladi.

Yamanning husiychilar nazoratidagi sog‘liqni saqlash vaziri Anis al-Asbohiyga ko‘ra, poytaxt Sano va Sa’da viloyatidagi Amerika hujumlari oqibatida 30 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam yaralangan. Mahalliy televideniye qurbonlar va yaradorlar orasida ayollar va bolalar ham borligini xabar qildi.

Tramp Truth Social sahifasida husiychilarga murojaat qilib, «vaqtingiz tugadi», «agar hujumlar to‘xtamasa, siz haligacha ko‘rmagan dahshatni boshdan kechirasiz», deb ogohlantirdi. U Eronni ham husiychilarni qo‘llab-quvvatlashni bas qilishga chaqirdi va AQSh bu qo‘llovni aslo qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Kuzatuvchilarning aytishicha, poytaxt Sanodagi Shuaub va Jiraf tumanlariga zarbalar berilgan, bu esa kuchli portlashlarga sabab bo‘lgan. Husiychilar AQSh va Buyuk Britaniya hujumlarini harbiy jinoyat deb atab, ularga qarshi chora ko‘rishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.

2023 yil oxiridan beri husiychilar Isroil bilan bog‘liq kemalarga hujum qilib, jahon savdosini izdan chiqargan. Ular yanvarda G‘azodagi otashkesim kelishuvidan so‘ng hujumlarni to‘xtatgandi. Biroq Isroil humanitar yordam yuklariga G‘azoga kirishi uchun to‘siq qo‘ygach, yana hujumlarni davom ettirish bilan tahdid qilgan.

Husiychilar qasos olishga va’da bermoqda

Yamandagi husiychilarning «Ansorulloh» harakati AQSh va Buyuk Britaniyaning poytaxt Sano shahriga bergan havo hujumlariga javob qaytarishga qasam ichdi.

Husiychilarning siyosiy byurosi bu zarbalarni «xoinona va munofiqona tajovuz hamda harbiy jinoyat», deb baholadi.

«Tinch aholini nishonga olish – bu Amerika terrorizmining yana bir isbotidir», — deyiladi bayonotda. Ular AQSh va Buyuk Britaniyaning harakatlarini G‘azoning qo‘llab-quvvatlanishiga qarshi urinish deya baholadi va bu ularni Falastinni qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtatmasligini ta’kidladi.

Husiychilar «bu tajovuz javobsiz qolmasligini» va «askarlari eskalatsiyaga eskalatsiya bilan javob qaytarishga shay» ekanini e’lon qildi.

AQSh Misrga harbiy yordamni to‘xtatishi mumkin

Donald Tramp ma’muriyati Misr armiyasiga ajratiladigan harbiy yordamni qisqartirish haqida rasmiy Qohiraga ma’lum qildi. Bu o‘zgarish joriy yilda amalga oshirilishi kutilmoqda, deb yozadi Middle East Monitor nashri.

Vashingtonning bu qarori Misrning Trampning G‘azodan falastinliklarini chiqarib yuborish rejasiga qarshi pozitsiyasi bilan bog‘liq. Misr AQShning Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchilaridan biri hisoblanadi va harbiy hamkorlik ikki tomonlama aloqalarning muhim qismi sanaladi.

AQSh har yili Misrga 1,3 mlrd dollar miqdorida harbiy yordam ajratadi. Bu mablag‘lar Amerika texnikasi xaridi, harbiy tayyorgarlik va mudofaa infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Shuningdek, AQSh va Misr Bright Star kabi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi.

Tramp hamon Grenlandiyani AQShga qo‘shmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani anneksiya qilish niyati borligini yana bir bor e’lon qildi. Bu bayonot Grenlandiyaning ishdan bo‘shayotgan bosh vaziri Mute Egede va yangi rahbari Yyens-Frederik Nilsen tomonidan keskin tanqid qilindi.

Grenlandiya 300 yildan beri Daniya nazorati ostida bo‘lib, ichki ishlar yuzasidan mustaqil, biroq tashqi siyosat va mudofaa masalalari Kopenhagen tomonidan boshqariladi. Orol aholisi to‘liq mustaqillikni qo‘llab-quvvatlaganiga qaramay, iqtisodiy qaramlik bo‘yicha munozaralar davom etmoqda.

Bu orada Grenlandiya poytaxti Nuuk hamda Sisimiut shahrida AQShga qo‘shilishga qarshi yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Daniya matbuotining xabar berishicha, mingga yaqin odam ko‘chalarga chiqdi. Bu Grenlandiyada so‘nggi yillardagi eng yirik norozilik aksiyasi bo‘ldi.

Namoyishchilar AQSh konsulligi oldida to‘planib, prezident Donald Trampning Grenlandiyani AQShga qo‘shish borasidagi bayonotiga qarshi chiqishdi. Bosh vazir Mute Egede va saylovda g‘olib chiqqan demokratlar partiyasi rahbari Yyens-Frederik Nilsen ham namoyishda ishtirok etdi.

Ilon Maskka qarshi namoyishlar davom etmoqda

AQShning turli shaharlarida Ilon Mask va Tesla’ga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Boston, Filadelfiya, Baltimor va Vashingtonda yuzlab odamlar kompaniya avtosalonlari oldida to‘planib, federal budjetning DOGE dasturiga tegishli qisqartirishlarga qarshilik bildirmoqda.

Namoyishchilar Tesla avtomobillarini sotmaslikka chaqirib, «Tesla’ni boykot qilib, Maskni to‘xtat!» degan shiorlarni ko‘tarib chiqishdi. AQSh bo‘ylab avtosalonlar oldida tartibsizliklar kuzatilmoqda, bir qancha namoyishchilar qo‘lga olingan.

Avvalroq Donald Tramp Maskning ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Oq uy oldida Tesla avtomobilini sotib olgan edi. U avtosalonlarga qilingan hujumlar «ichki terrorizm» deb baholashini va aybdorlarga qattiq jazo berilishini ta’kidladi.

Ukrainada Bosh shtab rahbari almashtirildi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbariyatida o‘zgarish amalga oshirdi. Anatoliy Bargilevich lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga Andriy Gnatov tayinlandi.

Gnatov avvalroq Bosh shtab boshlig‘ining o‘rinbosari, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlari Birlashgan kuchlar qo‘mondoni sifatida faoliyat yuritgan. Uning 27 yillik harbiy tajribasi mavjud bo‘lib, dengiz piyodalar brigadasi va «Sharq» operativ qo‘mondonligi qo‘shinlariga rahbarlik qilgan.

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerovning ma’lum qilishicha, prezident Zelenskiy Gnatovni Genshtab rahbari etib tayinlagach, Bargilevich Mudofaa vazirligi Bosh inspektori lavozimiga o‘tkazilgan.

London Ukraina bo‘yicha tashabbusni qo‘lga olmoqda

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Ukraina bo‘yicha g‘arb yetakchilari ishtirokida videosammit o‘tkazmoqda. Unda Yevropa Ittifoqi davlatlari, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va NATO bosh kotibi Mark Ryutte qatnashmoqda.

Asosiy mavzular — urushni tugatish rejasi va erishish mumkin bo‘lgan sulh shartlari. London va Parij Ukrainada tinchlikparvar missiya tashkil qilishga tayyorligini bildirdi. Biroq AQSh qo‘shin yubormasligini ma’lum qilgan va faqat xavfsizlik kafolati bera olishini aytgan.

Moskva NATO harbiylarining Ukraina hududida bo‘lishini qabul qilmasligini bildirib, Kiyevning alyansga qo‘shilish rejasidan batamom voz kechishini talab qilmoqda.

Starmer Vladimir Putinning tinchlik istagiga shubha bildirdi va Kreml AQSh prezidenti Donald Tramp taklif etgan 30 kunlik sulhni rad etgani sababli g‘arb pozitsiyasini kuchaytirish kerakligini ta’kidladi.

Kipr masalasi Jyenevada muhokama qilinadi

17 mart kuni Jyenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish tashabbusi bilan Kiprdagi mojaroni muhokama qilish bo‘yicha norasmiy uchrashuv o‘tkaziladi.

Unda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi va Janubiy Kipr rahbarlari, shuningdek, kafil davlatlar – Turkiya, Gretsiya va Buyuk Britaniya vakillari ishtirok etadi.

Turkiya, Gretsiya va Britaniya tashqi ishlar vazirlari uchrashuvda o‘z mamlakatlari nomidan ishtirok etadi. Uchrashuv rasmiy muzokaralar davomi yoki yangi jarayon boshlanishi emas, balki Kipr muammosining istiqbollarini muhokama qilishga qaratilgan.

Shimoliy Kipr rahbari Ersin Tatar Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan maslahatlashuvlar o‘tkazgan. Anqara va Shimoliy Kipr 2004 va 2017 yillarda kiprlik greklar BMT rejalarini rad etganini ta’kidlab, orolda ikki davlat mavjudligini tan olishni talab qilmoqda.

Qozog‘istonda uchta AES qurilishi rejalashtirilmoqda

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakat uchun bitta emas, balki uchta atom elektr stansiyasi zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu strategik qaror bo‘lib, kelajakda iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam baza yaratadi.

Shu munosabat bilan prezident huzurida Yadroviy energetika agentligi tashkil etilishi ham ma’lum qilindi.

2024 yil kuzida Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendum o‘tkazilgan bo‘lib, unda 71,12 foiz ovoz beruvchi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Birinchi stansiya Almati viloyatining O‘lken posyolkasida, Balxash ko‘li yaqinida barpo etilishi rejalashtirilmoqda.

Qurilish xalqaro konsorsium tomonidan amalga oshiriladi, ammo uning tarkibi hali aniq emas. AES texnologiyalarini yetkazib berish uchun Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya va Fransiya kompaniyalari nomzod sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Loyiha ishtirokchilari 2025 yilning birinchi yarmida aniqlanadi.

Mavzuga oid