Jahon | 13:05 / 26.03.2025
3442
9 daqiqa o‘qiladi

HAMASga yana tahdid qilgan Isroil, Ar-Riyoddagi muzokaralar yakuni va yettinchi muddatiga kirishgan Lukashenko - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil HAMASga tahdid qildi

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni qayta boshlash rejasini tasdiqladi. Unga ko‘ra, armiyaning asosiy maqsadi — HAMAS qo‘lida garovda ushlab turilgan asirlarni ozod qilish.

Katsning so‘zlariga ko‘ra, agar HAMAS bu talabni rad etsa, «katta yo‘qotishlar»ga duch keladi.

18 mart kuni Isroil keng ko‘lamli havo zarbalarini boshlab, 19 yanvardan buyon amal qilib kelayotgan otashkesim rejimini buzgan edi.

G‘azodagi sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda amalga oshirilgan zarbalarda 792 falastinlik halok bo‘lgan, 1663 kishi yaralangan. Birgina 25 mart tongidagi hujumlarda kamida 20 falastinlik qurbon bo‘lgan.

Husiychilar Tel Aviv aeroportiga yana zarba berdi

Xusiychilar 25 mart tongida Tel-Avivdagi Ben-Gurion xalqaro aeroportiga ikki ballistik raketa bilan zarba berganini ma’lum qildi. Harakat vakili Yahyo Sariaga ko‘ra, bu so‘nggi haftadagi beshinchi hujumdir.

Saria bu harakat Isroilning G‘azodagi tajovuzini to‘xtatish maqsadida amalga oshirilganini aytdi. Unga ko‘ra, bundan buyon Isroilning eng katta aeroporti parvozlar uchun xavfliligicha qoladi.

Isroil tomoni esa barcha raketalar mamlakat havo hududiga yetib bormasdan yo‘q qilinganini bildirgan. Hech qanday talafot yoki jabrlanuvchi haqida ma’lumot berilmagan.

Xusiychilar shuningdek, AQSh qo‘shinlariga qarshi Qizil dengizda ham muntazam zarbalar yo‘lga qo‘yilganini iddao qilmoqda.

Zelenskiy Ar-Riyoddagi muzokaralar haqida

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ar-Riyodda o‘tgan muzokaralar chog‘ida Qora dengizda zarbalarni to‘xtatish yuzasidan AQSh, Ukraina va Rossiya delegatsiyalari kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, kelishuv Vashington rasmiy bayonot berganidan so‘ng kuchga kiradi.

Zelenskiy AQSh Rossiya bilan hududlar masalasini muhokama qilayotganini bildirdi va Kiyev bu muzokaralarda ishtirok etmayotganidan xavotirlanayotganini yashirmadi. «Bizni AQShning Rossiyaga qanchalik ta’sir ko‘rsata olishi qiziqtiradi, aksi emas», — dedi u.

«Bu otashkesim qancha zarur bo‘lsa, shuncha davom etadi, lekin rossiyaliklar uni muntazam buzib turadi», — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Rossiya muzokaralarda doim eng yuqori talablarni qo‘yayotganini ham ta’kidladi. «Ular maksimal plankani qo‘yib, keyin undan tisarilishga joy qoldiradi. AQSh esa na bizni qo‘llab-quvvatlaydi, na Rossiyani — ular o‘rtada turmoqda», — dedi u.

Zelenskiy shuningdek, Rossiya iqtisodi 2026 yoki 2027 yilda jiddiy tanazzulga uchrashini aytdi. Unga ko‘ra, bu taxmin emas, aniq hisob-kitoblarga asoslangan.

Qora dengizdagi otishmalar to‘xtaydi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda Qora dengizdagi otishmalarni to‘xtatish va energetika obektlariga zarba berishni taqiqlash bo‘yicha kelishuvga erishilganini tasdiqladi.

Unga ko‘ra, moratoriy Vashington rasmiy bayonot berganidan so‘ng amalga kirishi mumkin. Zelenskiy navbatdagi muzokaralar yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishini aytdi.

Agar Rossiya kelishuvni buzsa, Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampdan qurol-yarog‘ va sanksiyalar talab qilishini bildirdi.

Prezidentga ko‘ra, kelishuvlarga rioya etilishini AQSh nazorat qiladi, ayrim hollarda Turkiya yoki Saudiya Arabistoni ham jalb etilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Ar-Riyodda Rossiya va AQSh o‘rtasida Rossiya hamda Ukraina hududidagi energetika obektlarini himoya qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Mazkur muvaqqat moratoriy 18 martdan kuchga kirgan. Uning amal qilish muddati — 30 kun. Keyingi kelishuvlarga ko‘ra, uni uzaytirish ham mumkin.

Moratoriy quyidagi obektlarga taalluqli:

1. Neftni qayta ishlash zavodlari;

2. Neft va gaz quvurlari, omborlar va nasos stansiyalari;

3. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va uzatuvchi infratuzilmalar — stansiyalar, podstansiyalar, transformatorlar;

4. Atom elektrostansiyalari;

5. GES to‘g‘onlari.

Agar tomonlardan biri moratoriyni buzsa, ikkinchi taraf kelishuvdan ozod deb hisoblanadi.

Rossiya sanksiyalardan 500 mlrd dollar zarar ko‘rgan

Garchi Rossiya prezidenti Vladimir Putin sanksiyalardan qisman xalos bo‘lish maqsadida AQShning yangi prezident ma’muriyati bilan keskinlikni yumshatish bo‘yicha kelishuvga erishishga urinayotgan bo‘lsa-da, Yevropa davlatlari cheklov choralaridan voz kechish niyatida emas. 

Yevropa Ittifoqining maxsus vakili Devid O’Sallivan sanksiyalarni samarali deb hisoblaydi va ayni paytda Rossiya iqtisodiyotiga eng kuchli zarba aynan Yevropa sanksiyalaridan kelayotganini ta’kidlaydi. 

O’Sallivanning bayonotiga ko‘ra, G‘arb sanksiyalari tufayli Rossiya qariyb 500 mlrd dollar daromaddan mahrum bo‘lgan. Bu miqdor Rossiyaning uch yillik harbiy budjetiga teng.

Qolaversa, G‘arb davlatlarining iqtisodiy choralari Rossiyani neftini G7 tomonidan o‘rnatilgan narx chegarasini chetlab o‘tgan holda tashish uchun «soyadagi flot» tuzishga 10 mlrd dollar sarflashga majbur qilgan.

Rossiya neftini arzon narxlarda Osiyo davlatlariga sotishga majbur bo‘ldi va gaz bozorida Yevropa ulushini yo‘qotdi. Rossiya gazi YeIda 45 foizdan 15 foizga tushdi.

Rossiyaning eng yirik kompaniyasi «Gazprom» 2024 yilda 1 trln rubl zarar ko‘rdi, uning valuta zaxiralari esa 50 barobarga qisqardi.

Suriyaga sanksiyalarni yumshatish uchun shartlar qo‘yildi

AQSh Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni yumshatish uchun Damashq bajarishi lozim bo‘lgan shartlar ro‘yxatini taqdim etdi. Bu haqda Reuters agentligi manbalarga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, AQSh Davlat departamentining rasmiysi Natasha Francheski Suriya tashqi ishlar vaziri Asad Hasan al-Shayboniyga ushbu talablarni Bryusseldagi uchrashuvda yetkazgan.

Shartlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

– kimyoviy qurol zaxiralarini yo‘q qilish;

– terrorizmga qarshi hamkorlik;

– xorijlik isyonchilarni hokimiyatdan chetlatish;

– amerikalik jurnalist Ostin Taysni topishda yordam.

AQSh ushbu talablar bajarilsa, ayrim sanksiyalarni yengillashtirishga tayyorligini bildirdi, ammo aynan qaysi cheklovlar olib tashlanishi ochiqlanmagan.

Tramp chat bilan bog‘liq mojaroni izohladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Yamandagi husiychilarga zarba berish rejalari muhokama qilingan chatdagi ma’lumotlarning oshkor bo‘lishiga izoh berdi. Unga ko‘ra, voqea jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarmagan.

Trampning ta’kidlashicha, milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Maykl Uols xatosidan saboq chiqargan va uni «yaxshi inson» deb atagan.

Chatdagi so‘zlashmalar The Atlantic nashri jurnalisti Jyeffri Goldbergning Signal Maykl Uolts tomonidan chatga bexos qo‘shib qo‘yilishi orqali fosh bo‘ldi. Chatda AQShning yuqori martabali mulozimlari husiychilarga qarshi zarbalar muhokama qilgan.

Ayrim nashrlar Uols iste’foga chiqarilishi mumkinligini ham yozdi. Hattoki Kongressda masala bo‘yicha tergov o‘tkazish taklif qilindi. Bloomberg esa bu holat AQShning Yevropa bilan maxfiy ma’lumot almashishdagi obro‘yiga zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidladi.

Lukashenko yettinchi marta prezident

Aleksandr Lukashenko 25 mart kuni rasman Belarus prezidenti lavozimiga yettinchi marta kirishdi. Inauguratsiya marosimida u Konstitutsiyaga qo‘l qo‘yib, belarus tilida qasamyod keltirdi va Markaziy saylov komissiyasi raisi Igor Karpenkodan prezident guvohnomasini qabul qildi.

Marosimni MSK raisi ochgan va Lukashenkoni «erkin va demokratik saylov natijasida saylangan» deb e’lon qilgan. Qasamyoddan so‘ng davlat madhiyasi yangragan, prezident esa rasmiy aktni imzolagan.

Yanvar oyida o‘tgan saylov natijasiga ko‘ra, Lukashenko 86,82 foiz ovoz to‘plab, o‘zining bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkichiga erishgan. U avvalgi saylovlarda ham yuqori natijalar bilan g‘alaba qozongan. Masalan, 2020 yilda 80,1 foiz, 2015 yilda 83,47 foiz, 2010 yilda 79,65 foiz.

Lukashenko ilk marta 1994 yilda Belarus prezidentligiga saylangan va shundan beri to‘xtovsiz rahbarlik qilmoqda.

Mavzuga oid