Putinning taklifi va Yevropaning ritorik qat’iyati – geosiyosiy hafta tahlili
Rossiya Ukrainada vaqtinchalik xalqaro boshqaruv joriy etishni taklif qildi: Moskva tinchlikka tayyor emasmi? Yevropa sanksiyalarni yumshatmaydi: Makron “eng yomoniga tayyorlanamiz” demoqda. Putin AQShning Grenlandiyani anneksiya qilishiga rozi: nimaning evaziga? Joriy haftaning xalqaro maydondagi mavzulari muhokamasi – Kun.uzʼning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida.
Hafta boshida o‘tkazilgan Saudiyadagi muzokaralardan keyin qanday xulosa qilish mumkin?
Oybek Sirojov: Yakunlangan haftada dunyo siyosiy sahnasi diplomatik uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Albatta, tinchlik uchun muhim qadamlardan biri bu AQShning Ukraina va Rossiya vakillari bilan o‘tkazgan muzokaralari. Quvonarli tomoni Rossiya–Ukraina urushi borasida bugun frontdagi janglar emas, og‘ir o‘tayotgan bo‘lsa ham e’tibor diplomatik uchrashuvlarga qaratilyapti.
Saudiya Arabistonidagi uchrashuvlar borasida asosan ikkita masalada siljish bor:
1. Energetik nuqtalarga hujum qilmaslik
2. Qora dengizda kemalarning xavfsiz harakatlanishi
Bu urushni tez yakunlashning imkoni yo‘qligi aniq edi, odatda urushning uzil-kesil yakunlanishi bir tomonning to‘liq mag‘lubiyatga uchrashi bilan bog‘lanadi. Lekin ayni vaqtda qaysidir tomonni to‘liq yengildi deb bo‘lmaydi. Rossiya ham, Ukraina ham frontda erisha olmagan natijalariga muzokaralar orqali yetishga harakat qiladi, shuning uchun ham bu jarayon uzoq vaqt talab etishi aniq.
Kamoliddin Rabbimov: Donald Tramp Putin o‘rtasida telefon suhbati bo‘lganiga va 30 kunlik sulh haqidagi gaplarga ham deyarli uch hafta bo‘lyapti. Lekin urush to‘xtamayapti, Putin yangi bahonalar topib Ukrainaga bosimini oshiryapti. Putinning oldida ikkita tanlov bor: Agar kelishuv to‘liq Rossiya g‘alabasini ta’minlasa, Putin taklifni qabul qiladi. Ikkinchisi, urushni nimadir qilib uzoqroq cho‘zish, bir tarafdan Trampning tafakkurida kelishuv hoxlashini, lekin buning uchun mana bunday to‘siqlar bor deb vaqtdan yutish.
Tomonlar o‘rtasida kelishuv haqida xabarlar chiqqanda Putin Zelenskiyni legitim emas, ya’ni Ukraina saylovlar o‘tkazishi kerak degan edi, lekin Zelenskiysiz Radadan kimdir bu tashabbusni olishi mumkin deb, umuman Ukrainaning hozirgi hech bir amaldori qonunan haqli emas degan gaplarni aytyapti. Demak Putin faqatgina vaqtdan yutish uchun harakat qilyapti.
Makronning “eng yomoniga tayyorgarlik” degan so‘zlari ortida qanday ssenariy yotibdi?
Shuhrat Rasul: Makronning bu bayonoti bilan Transatlantizm tizimining (Transatlantizm g‘oyasi bu – Shimoliy Amerika, ayniqsa, AQSh va Kanada bilan Yevropa o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, harbiy va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tamoyillar majmuasi. Ushbu g‘oya XX asrning ikkinchi yarmida ayniqsa kuchaygan bo‘lib, asosan NATO va boshqa xalqaro institutlar orqali shakllandi.) to‘liq qulashini nazarda tutgandek. Ya’ni AQShning ortiq Yevropa bilan bir tomonda turmasligini anglatadi. Tramp hokimiyatga kelgandan keyin Yevropaning liderlari doim uni ohista ogohlantirishdi, Makron aynan shuni nazarda tutgandek. Yevroittifoq endi o‘z siyosatini o‘zi qurishi kerak.
SSSR parchalangandan keyin dunyo ko‘p qutblilik sari yuzlanadi degan fikrlar bor edi. Lekin bu jarayon aynan Tramp sabab Yevropa va AQShning ayro ketishi bilan ko‘p qutblilik endi boshlanayotgandek. Shuningdek siyosatshunoslar so‘nggi vaqtlarda e’tibor markaziga tushayotgan Arktikaning geostrategik ahamiyati, ziddiyatlar fonida AQSh vitse-prezidenti J.D. Vensning Grenlandiyaga tashrifi, Yevropa davlatlari Moskvaga qarshi sanksiyalarni yumshatmoqchi emasligi, Rossiyaning Ukraina boshqaruvini BMTga topshirish haqidagi gaplariga tashkilot bosh kotibining rad javobi va shu kabi haftaning muhim voqealari borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
Qizg‘in kechgan suhbatni to‘liq holatda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid

21:00 / 31.03.2025
Yevropa uchta muammo iskanjasida qoldi - Rabbimov

21:58 / 27.03.2025
“Geosiyosat” muloqoti. O‘zingizni qiziqtirgan savollarga javob oling

15:43 / 25.03.2025
Turkiyada Erdo‘g‘an erasi va Imomo‘g‘li omili – siyosatshunoslar nigohida

15:00 / 23.03.2025