O‘zbekiston | 10:47
3002
8 daqiqa o‘qiladi

Prezident yana bir bor Ukraina, Yaqin Sharq va Afg‘oniston masalasiga e’tibor qaratdi

O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekani yana bir bor ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi ochilishida nutq so‘zladi. 

Anjumanda 140 ga yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod delegatlar qatnashmoqda. O‘z safida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoqning Assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyo mintaqasida bo‘lib o‘tmoqda.

So‘zining avvalida O‘zbekiston prezidenti so‘nggi yillarda dunyoning turli mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdidlari tobora kuchayib borayotganini qayd etdi.

- Bunday o‘ta murakkab sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etmoqda, – dedi prezident.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tashabbusi bilan bu galgi Assambleya “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkazilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgan. Lekin insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechiradi. 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Ushbu yo‘nalishda davlatlarning vakillik organlari o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yanada kengaytirish umumiy taraqqiyotga munosib hissa qo‘shishi qayd etildi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida parlament institutini rivojlantirish muhim vazifa sifatida belgilangan. Keyingi yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini oshirishga qaratilgan 20 dan ziyod qonunlar qabul qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senat vakolatlari esa 14 tadan 18 taga yetkazildi. Prezidentning qator vakolatlari qonun chiqaruvchi hokimiyatga o‘tkazildi.

Milliy parlamentimizda xotin-qizlarning ulushi bugungi kunda 38 foizga yetdi. 2021 yilda Oliy Majlis palatalari qoshida ilk bor yoshlar parlamentlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston parlament yo‘nalishida global ahamiyatga molik bo‘lgan qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi qabul qilindi.

O‘zbekiston vakillari Osiyo Parlamentlari Assambleyasi, Markaziy Osiyo parlamentlari forumi, YeXHT Parlament Assambleyasi, MDH Parlamentlar Assambleyasi va boshqa platformalarda faol ishtirok etmoqda.

Davalat rahbari parlamentlararo hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Jahonning turli mintaqalaridagi nizolar global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekani qayd etildi.

Bunday masalalarda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim. Shu ma’noda, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotini universal va muqobili yo‘q yagona global tuzilma sifatida e’tirof etadi.

 

«Jahonda yuz berayotgan bugungi global o‘zgarishlar Parlamentlararo Ittifoq va milliy parlamentlarimiz oldiga yangidan-yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.

Umid qilamizki, Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokaralar jarayoni o‘zining ijobiy natijasini albatta beradi.

Eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz.

Jumladan, Falastin – Isroil nizosining yagona va adolatli yechimi “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishdan iboratdir», dedi davlat rahbari.

Shuningdek, Afg‘oniston masalasiga alohida to‘xtab o‘tildi.

«Bizga qo‘shni bo‘lgan Afg‘oniston haqida to‘xtalib o‘tmaslik mumkin emas. Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, Afg‘onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim, deb hisoblaymiz. Bu borada parlamentlarning ko‘magiga ishonamiz.

Umuman olganda, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotini universal va muqobili yo‘q yagona global tuzilma sifatida e’tirof etadi. Biz bu borada Bosh kotib Antoniu Guterrishning mazkur xalqaro tashkilotni chuqur isloh qilish, uning salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borayotgan tizimli sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shu bilan birga, Yevrosiyo guruhining Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan bayonotini to‘la olqishlaymiz», degan prezident.

O‘zbekiston yetakchisi iqlim o‘zgarishlari doimo diqqat markazida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Parij bitimi doirasida va uglerod neytralligiga erishish borasida olingan majburiyatlar to‘liq bajarilishi muhimligi qayd etildi.

Xotin-qizlar huquqlarini qat’iy qaror toptirish ijtimoiy taraqqiyotning asosiy shartlaridan biridir. Dunyo miqyosida ayol deputatlarning ulushi 1995 yildagi 11,3 foizdan joriy yilga kelib 27,2 foizga ko‘tarilgan.

So‘nggi yillarda yurtimizda BMT institutlari va Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda Osiyo xotin-qizlar forumi va Jahon parlamentlari ayol rahbarlari sammiti samarali o‘tkazildi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilayotgan BMT Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirildi.

Yoshlarning parlament faoliyati bilan bir qatorda jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish o‘ta dolzarb masaladir. Shu bois milliy parlamentlar hamda Ittifoq faoliyatiga yoshlarni faol jalb etish zarurligi ta’kidlandi.

Parlamentlararo ittifoq tizimi doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi.

Har bir insonning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, xalqaro standart va me’yorlar asosida sifatli xizmatlar ko‘rsatish ham ustuvor masala ekani qayd etildi.

O‘zbekiston prezidenti anjuman ishtirokchilarini shu yil sentabr oyida yurtimizda bo‘lib o‘tadigan kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ishida faol ishtirok etish uchun taklif qildi.

Davlatimiz rahbari sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirishni bugungi zamonning o‘zi talab etayotganini ta’kidladi. Sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha namunaviy qonun ishlab chiqilsa, ushbu innovatsion huquqiy asos mazkur sohani samarali tartibga solishda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos namuna bo‘ladi.

Bildirilgan barcha taklif va tashabbuslar Parlamentlararo ittifoqning Strategiyasi maqsadlariga to‘la mos ekani qayd etildi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston prezidenti yubiley Assambleya ishiga hamda ishtirokchilariga katta yutuq va muvaffaqiyatlar tiladi.

photo_2025-04-07_12-27-26.jpg
photo_2025-04-07_12-27-28.jpg

Mavzuga oid