Jamiyat | 17:05 / 08.04.2025
5011
2 daqiqa o‘qiladi

Chorsudagi beshik bozorida do‘konlardan biri yonib ketdi

Yong‘inga qisqa tutashuv sabab bo‘lgani aytilmoqda. Do‘kon egalari avvaliga yong‘inni o‘zlari o‘chirishga urinishgan, lekin eshikni ochishganida ichkariga kislorod kirib, yong‘in kattalashib ketgan. 5-6 mln so‘mlik tovarlar yondi, deydi do‘kondor.

Bugun, 8 aprel kuni soat 7:30 larda Toshkentdagi Chorsu bozori yaqinida joylashgan duradgorlik mahsulotlari do‘konlaridan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in qisqa tutashuvdan kelib chiqqan.

Toshkent shahar FVBning xabar berishicha, yong‘in-qutqaruv ekipajlari aytilgan manzilga soat 7:47 da yetib borib, soat 7:57 da xavfni bartaraf etgan.

Do‘kon egasining Kun.uz muxbiriga aytishicha, kichik yong‘in do‘kon eshigini ochishganidan keyin kattalashib ketgan.

“Yong‘inni o‘chirishga harakat qildik. Qo‘limizdan kelmadi: eshikni ochganimizda ichkariga havo kirib, yong‘in kuchayib ketdi. Do‘konning 50 foizi yongan, taxminan 5-6 mln so‘mlik tovar yondi”, deydi u.

Savdogarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipaji 10 daqiqada yetib kelgan va yong‘in taxminan 1 soatda to‘liq o‘chirilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning yozida Chorsu bozoridagi bir nechta do‘konda bundan kattaroq yong‘in yuz bergandi.

Mavzuga oid