Jahon | 19:18 / 09.04.2025
1642
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning harakatlari neft narxini 2021 yil fevraldan buyon eng past darajaga tushirdi - Reuters

9 aprel kuni neft narxlari barreliga 58,08 dollar ko‘rsatkichgacha qulab, 2021 yil fevralidan beri ilk bor eng past darajaga tushdi. Bu holat AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi kuchayishi va taklif o‘sishi bo‘yicha prognozlar fonida shakllandi.

Foto: The Conversation

Reuters nashrining yozishicha, Brent markali neft fyucherslari 1,39 dollarga yoki 2,21 foizga arzonlab, bir barrel uchun 61,43 dollarni tashkil etdi. West Texas Intermediate (WTI) amerikalik neft fyucherslari esa 1,50 dollarga yoki 2,52 foizga tushib, 58,08 dollarga tenglashdi. Ikkala shartnoma ham savdo paytida 4 foizgacha yo‘qotishga uchradi, ammo keyinchalik bu yo‘qotishlar qisman to‘ldirildi.

Investorlar neft xomashyosiga bo‘lgan talabning tushib ketishi va taklifning ehtimoliy ortishi yuzasidan tobora ko‘proq tashvishga tushmoqda.

«Xitoyning tajovuzkor javob choralari dunyodagi ikki eng yirik iqtisodiyot o‘rtasida kelishuv tez fursatda tuzilishi ehtimolini kamaytirmoqda. Bu esa global iqtisodiy pasayish xavfini kuchaytiryapti. Agar savdo urushi uzoqqa cho‘zilsa, Xitoyda neft iste’moli kuniga 50–100 ming barrelga kamayishi mumkin. Biroq ichki iste’molni rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimcha choralar yo‘qotishlarni yumshatishi mumkin», — dedi Rystad Energy kompaniyasining neft tovarlari bozori bo‘yicha vitse-prezidenti Yye Lin.

Neft narxlaridagi pasayishga o‘tgan haftada qabul qilingan OPEC+ qarori ham ta’sir qildi. Unga ko‘ra, may oyidan boshlab kuniga 411 ming barrelgacha qo‘shimcha neft qazib chiqarish rejalashtirilgan. Tahlilchilarning fikricha, bu qaror bozorda ortiqcha taklifni yuzaga keltirishi mumkin.

Mavzuga oid