Jahon | 21:02 / 11.04.2025
7639
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning birinchi tashqi ishlar vaziri «chet el agenti» deb e’lon qilindi

1990-1996 yillarda Rossiya tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Andrey Kozirev Rossiya hukumati siyosati va armiyani obro‘sizlantirishga qaratilgan «feyk» ma’lumotlarni tarqatishda ayblandi. U 2012 yildan beri Qo‘shma Shtatlarda yashaydi.

Foto: AP

Rossiya Adliya vazirligi sobiq tashqi ishlar vaziri Andrey Kozirev, shuningdek, bir qancha boshqa shaxslarni «chet el agentlari» reyestriga kiritdi.

Andrey Kozirev Rossiyaning yangi tarixidagi birinchi tashqi ishlar vaziri hisoblanadi. U 1990 yil oktyabridan 1996 yil yanvarigacha shu lavozimda ishlagan. Shuningdek, 1- va 2-chaqiriq Davlat Dumasining deputati bo‘lgan.

Adliya vazirligi uni Rossiya hukumati siyosati haqidagi «feyk» va Rossiya armiyasini obro‘sizlantirishga qaratilgan «feyk» ma’lumotlarni tarqatishda aybladi. U, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi chiqqanlikda va «xorijiy maydonchalar» bilan hamkorlikda ayblangan.

2012 yildan beri Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan Andrey Kozirev Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini keskin qoralagan edi.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, «chet el agenti» deb e’tirof etilgan fuqarolar va tashkilotlar o‘z faoliyati va xarajatlari to‘g‘risida Adliya vazirligiga muntazam ravishda hisobot taqdim etishi, barcha maqolalarida, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda ham «chet el agenti» ekanini belgilab qo‘yishi shart.

2022 yil oxiridan boshlab Adliya vazirligi chet el agentlarining yagona reyestrini yuritib kelmoqda. Hozirgacha unga mingga yaqin shaxs va tashkilot kiritilgan.

Mavzuga oid