Jamiyat | 19:12 / 17.04.2025
2490
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda uch qavatli savdo do‘konida yong‘in chiqdi

Yong‘inni o‘chirishga 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va ikkita yordamchi suv tashish texnikasi jalb etilgan.

Foto: Videodan kadr

Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Hazorasp tumanida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 17 aprel kuni soat 16:04 da Xorazm viloyati FVBga Hazorasp tumani,«Temirchi maskan» MFYda joylashgan uch qavatli savdo do‘konida yong‘in yuz berayotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 16:11 da yong‘in joyiga yetib borgan, soat 16:39 da yong‘in o‘rab olingan va soat 17:10 da o‘chirilgan.

Yong‘in natijasida savdo do‘konning 280 metr kvadrat maydonda tomi, shifti, ichki qismi va jihozlari yonib, zararlangan. Tezkor harakatlar natijasida savdo do‘konining 200 metr kvadrat maydoni yong‘indan saqlab qolingan.

«Yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va vafot etganlar qayd etilmadi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, yong‘inni bartaraf etishgan 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va ikkita yordamchi suv tashish texnikasi jalb etilgan. Voqea joyiga viloyat va tuman FVB rahbar xodimlari yetib borgan.

Avvalroq Toshkentda yong‘in chiqqan uyda ikki yigit pichoqlangani ma’lum bo‘lgan edi.

 

Mavzuga oid