Urushni muzlatmoqchi bo‘layotgan Putin va Trampga qarshi chiqqan AQSh universitetlari - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azoda humanitar fojia cho‘qqiga yetdi
So‘nggi 50 kun davomida G‘azo sektoridagi chegaralarning yopilishi ikki milliondan ortiq odam hayotiga tahdid solmoqda. «HAMAS» harakati bu holatni xalqaro hamjamiyatning inqirozga javob bera olmaganini ko‘rsatuvchi dalil sifatida baholadi.
Harakatning bayonotiga ko‘ra, Isroilning qamal qilish siyosati tufayli sektor yana oziq-ovqat, ichimlik suvi, yoqilg‘i va dori-darmonlar taqchilligiga duchor bo‘lgan. Hatto bolalar uchun mo‘ljallangan vaksinalar ham kiritilmayapti.
HAMAS buni misli ko‘rilmagan gumanitar fojia deb atadi. Har kuni tinch aholiga nisbatan tajovuz va jazolash amaliyotlari sodir etilayotgani qayd etildi. Bayonotda ta’kidlanishicha, 2,5 mln fuqaroning ochlik va muhosaraga uchratilishi xalqaro normalarga zid ravishda olib borilayotgan jinoiy urushdir.
Qatar va Misrdan 7 yillik tinchlik taklifi
Qatar va Misr Isroil hamda HAMAS o‘rtasida 5–7 yillik to‘liq otashkesimni nazarda tutuvchi yangi tinchlik taklifini ilgari surdi. BBCning yozishicha, rejada garovda ushlab turilgan barcha insonlarni almashish, Isroil armiyasini to‘liq G‘azodan olib chiqish va mintaqada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha aniq mexanizmlar nazarda tutilgan.
HAMAS delegatsiyasi Qohiraga yetib bordi va muzokaralar davom etmoqda. Isroil hozircha javob bergani yo‘q.
18 martdan buyon Isroil havo hujumlarini qayta boshladi. Oxirgi oyda 1500 dan ziyod falastinlik halok bo‘ldi. Isroil tanklari Rafahda bufer hudud yaratishni boshladi.
Manbalarga ko‘ra, HAMAS boshqaruvni milliy kelishuv asosidagi yangi falastinlik hukumatga topshirishga rozi. Ammo Isroil hali ham bu taklifni qabul qilmayapti. Muzokaralar natijasi mintaqa kelajagini belgilab berishi mumkin.
Kashmirda turistlar otib tashlandi
Hindistonning Kashmir shtatida turistlarga qilingan qurolli hujum oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda mahalliy nashrlar.
Otishma Pahalgam shahri yaqinidagi Baysaran vodiysida yuz bergan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, harbiy formadagi bir necha shaxs turistlarga qarata o‘t ochgan. Hujum natijasida 20 dan ortiq kishi yaralangan.
Hozircha hukumat rasmiy ravishda qurbonlar sonini e’lon qilmadi. Terrorizmga qarshi kurashda qat’iyat yanada kuchayadi, deb ta’kidladi bosh vazir Narendra Modi.
Hujum sodir etganlar voqea joyidan qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Hududda keng ko‘lamli qidiruv ishlari boshlangan. Mahalliy hukumat bu holatni terakt sifatida baholamoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kashmir hududida sodir bo‘lgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar nobud bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya yo‘lladi.
Putindan urushni muzlatish taklifi
Vladimir Putin Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan uchrashuvda Ukrainadagi urushni hozirgi front chizig‘ida muzlatishni taklif qildi. U Rossiya konstitutsiyaga ko‘ra qo‘shib olingan okkupatsiya qilingan oblastlarning Ukraina nazorati ostida bo‘lgan qismi uchun da’vodan voz kechishga tayyor ekanini bildirdi.
Evaziga Putin Ukraina tomonidan Qrim yarimoroli Rossiyaniki sifatida tan olinishini xohlamoqda.
Washington Post manbalariga ko‘ra, AQSh bugunning o‘zida Qrim anneksiyasini tan olish haqida taklif kiritishi mumkin.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu taklifga qat’iy raddiya berdi: «Bu haqda gap bo‘lishi ham mumkin emas. Qonunimizda bunday imkoniyat yo‘q. Qrim — xalqimizning yeridir. Bunday qaror bo‘lmaydi», — dedi u.
Zelenskiy: urushni to‘xtatish — eng oson yo‘l
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga yana bir bor so‘z yo‘llab, tinchlikka erishishning eng oson yo‘li – faqat to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hamon faqat fuqarolik infratuzilmasiga nisbatan zarbalarni to‘xtatish haqidagi taklifini saqlab qolmoqda va Moskvadan aniq javob kutmoqda.
Zelenskiy, Pasxa bayramining ayrim kunlarida frontda nisbiy tinchlik kuzatilganini eslatib o‘tib, bu Rossiya istasa, urushni bir zumda to‘xtatish mumkinligini ko‘rsatadi, dedi. Biroq, uning qayd etishicha, Moskva tinchlik taklifini rad etgan va zarbalar yanada kuchaygan.
Birgina Pasxa otashkesimining ertasigacha Rossiya qariyb 3 ming marta turli turdagi zarbalar bergan: ularda raketalar, dronlar va aviatsiya hujumlari, «shahedlar» va og‘ir qurollar ishlatilgan.
Zelenskiy o‘zining oxirgi chiqishida muxtasar qilib shunday dedi: «To‘xtashning o‘zi yetarli — o‘t ochishni to‘xtatsangiz, tinchlik darhol keladi».
Dollar so‘nggi 3 yillik minimumda
AQSh dollari 2022 yil martdan beri ilk bor eng past darajaga tushdi. 21 aprel kuni dollar indeksi 97,92 dollargacha tushdi. Bunaqasi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan buyon ilk marta kuzatilmoqda. Kun yakunlariga kelib, indeks 98,38 dollargacha qaddini tikladi, ammo avvalgi kunga nisbatan 1 foizga pasaygan holda qoldi.
Bu Trampning Federal zaxira tizimi raisi Jyerom Pauellga bosimi ortib borayotgan pallada yuz berdi. Tramp uni Truth Social’da «Janob Hamma narsaga kechikib bo‘ldik», deb atadi. Prezident uni o‘z lavozimidan chetlatishni ham ko‘rib chiqmoqda, ammo bu qaror Kongress roziligisiz amalga oshmaydi.
Investorlar esa bunday vaziyatdan juda bezovta: Pauellni himoya qilgan Amerika Qo‘shma Shtatlar Senati Federal zaxira tizimi mustaqilligiga tahdidni aslo qabul qilmasligini ma’lum qildi. Buning ortidan bozorlardagi ishonch pasaymoqda, sarmoyalar AQShdan chiqib ketmoqda. Oltin narxi tarixiy rekordni yangilab, bir unsiyasi 3500 dollardan oshdi. Dow Jones indeksi 1000 punktga tushib ketdi.
AQShning 100 universiteti Trampga qarshi
AQShning 100 dan ortiq universitet va kollejlari Donald Tramp ma’muriyatining ta’lim sohasiga siyosiy aralashuviga qarshi qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Bayonotda hukumatning bosimi, xususan, talabalarning Falastinni qo‘llab-quvvatlash aksiyalari va turlilik hamda inklyuzivlik dasturlariga qarshi harakatlari qoralandi.
Harvard, Prinston va Braun kabi yetakchi ta’lim muassasalari tomonidan imzolangan hujjatda hukumat tomonidan moliyalashni to‘xtatish tahdidi va soliq imtiyozlarini bekor qilishga qarshi chiqildi.
«Huquqiy islohotlarga qarshi emasmiz, ammo tahdid va senzurani qabul qilmaymiz», deyiladi bayonotda.
Ta’lim rahbarlari hukumatni muloqotga chaqirib, davlat mablag‘larini bosim vositasi sifatida ishlatish xavfli pretsedent ekanini ta’kidladi. Ular ta’limda fikr erkinligi va akademik mustaqillikni saqlash muhimligini uqtirishdi.
Amerikaliklar Trampdan bezishmoqda
AQShda Donald Trampga bo‘lgan ishonch keskin kamaydi. Reuters/Ipsos so‘roviga ko‘ra, uning reyting ko‘rsatkichi 42 foizgacha tushdi — bu so‘nggi to‘rt oydagi eng yomon natija. So‘rov ishtirokchilarining aksar qismi Trampni haddan tashqari katta vakolatlar bilan harakat qilmoqda, deb hisoblaydi.
Uning universitetlar, madaniyat muassasalari va davlat organlariga ta’sir o‘tkazishga urinishlari jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lmoqda. 66 foiz respondent prezidentning muzey va teatrlarni boshqarishini noto‘g‘ri, deb hisoblamoqda. Tramp, shu bilan birga, Harvard uchun mo‘ljallangan 2 mlrd dollar mablag‘ni ham muzlatib qo‘ydi.
CNBC so‘rovi natijalariga ko‘ra, iqtisodiy siyosatni faqat 43 foiz aholi qo‘llab-quvvatlamoqda. Aholi inflatsiya va bojlardan xavotirda — 49 foiz so‘ralganlar kelgusi yilda iqtisod yomonlashishini kutmoqda. Ayniqsa, mustaqil saylovchilar va ishchi tabaqa orasida qo‘llab-quvvatlash keskin kamaygan.
Google Chrome hukumatga sotiladimi?
AQSh hukumati Google’ning egasi Alphabet kompaniyasidan Chrome brauzerini sotishni talab qilmoqda.
Bunga Google’ning bozordagi monopol mavqeyi sabab bo‘lgan. Nyu York sudi kompaniyani raqobatga zid harakatlarda aybdor, deb topdi.
Google’ga ko‘ra, u Apple va Samsung kabi yirik gadjet ishlab chiqaruvchilarga o‘z qidiruv xizmatini qurilmalarda standart qilib o‘rnatish uchun 2021 yilda 26,3 mlrd dollar to‘lagan. Bu, AQSh Adliya vazirligi fikricha, raqobatni chegaralagan.
Google vakillari esa sudda ularning xizmati foydalanuvchilar tomonidan tanlanishi sababi — unda sifat va samaradorlik yuqori ekanini ta’kidlashdi. Sud qarori ortidan kompaniya biznesini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
SI ishlagan kinolar «Oskar»ga da’vogar
Amerika milliy kinoakademiyasi yangi qoidalarga ko‘ra, sun’iy intellekt ishtirokida yaratilgan filmlar ham «Oskar» mukofotiga nomzod bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bunda asosiy mezon — inson ijodiy hissasining darajasi hisoblanadi. Ya’ni sun’iy intellektdan foydalanilgan filmda inson tomonidan qo‘shilgan ijodiy ulush yetakchi bo‘lishi kerak.
Bu qaror 97-marta o‘tkazilgan «Oskar» marosimida SI texnologiyasi yordamida suratga olingan «Brutalist» filmi bilan bog‘liq bahslar ortidan qabul qilindi. Ushbu film eng yaxshi aktyor va operatorlik ishlari uchun mukofot olgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Hollivud aktyorlari va ssenaristlari sun’iy intellekt tufayli ish o‘rinlari yo‘qolishi xavfi sababli ish tashlash e’lon qilgandi.
Darvoqe, kelgusi mukofotlarda jyuri a’zolari har bir nomzod filmni to‘liq tomosha qilgandan so‘ng ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi.
Mavzuga oid

18:19
AQShda terrorizmda gumonlanib hibsga olinganlar soni 655 foizga oshdi

13:52
Trampning tinchlik rejasi bo‘yicha Ukraina va Rossiyaga nima taklif qilingani ma’lum bo‘ldi

11:23
Rossiya droni Ukrainadagi avtobusga urildi, ko‘plab qurbonlar bor

09:05