90 foiz uylar vayron bo‘lgan G‘azo, Kashmirdagi teraktda ayblanayotgan Pokiston va barbod bo‘lgan London muzokaralari - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Yevropa G‘azo qamali bekor bo‘lishini talab qilmoqda
Yevropaning uch davlati Isroil mudofaa vaziri Israel Katsning G‘azoni qamal qilish orqali HAMASga bosim qilinayotgani to‘g‘risidagi bayonotini keskin tanqid ostiga oldi.
Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari Isroilni G‘azo sektoridagi qamalni zudlik bilan bekor qilishga chaqirdi. Qo‘shma bayonotda, sektorga yordam yetkazishning to‘xtatilishi ocharchilik, epidemiya va ommaviy halokat xavfini yuzaga keltirayotgani aytilgan.
«Bu holat zudlik bilan to‘xtatilishi kerak», — deyiladi vazirlarning qo‘shma bayonotida. Hujjatda Isroil armiyasining shifoxonalar va humanitar obektlarga zarbalari qattiq qoralangan.
Shuningdek, Isroil qamali G‘azoda yosh bolalarni poliomiyelitga qarshi emlash dasturi nihoyasiga yetkazilishiga to‘sqinlik qilayotgani ham tilga olinmoqda. 600 ming bolani qamrab olishi lozim bo‘lgan emlash dasturining navbatdagi bosqichi qamal tufayli amalga oshmay qolgan.
G‘azodagi uylarning 90 foizi vayron bo‘lgan
Isroilning keskin hujumlari va muhosarasiga uchrayotgan G‘azo sektoridagi binolarning 90 foizidan ortig‘i vayron qilingan. Bu haqda BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lum qilgan.
Tashkilotning X ijtimoiy tarmog‘idagi postida shunday deyiladi: «Oilalar himoyasiz vayrona xonadonlarda boshpana topmoqda, chunki ular yashashi mumkin bo‘lgan xavfsiz joyning o‘zi qolmagan. XMT g‘azoliklarni turar joy bilan ta’minlashda yordam berishga tayyor. Biroq buning uchun qamal bekor qilinib, chegara punktlar ochilishi zarur».
Isroil armiyasi 18 martdan boshlab 19 yanvardan kuchga kirgan muvaqqat sulhni buzgan holda o‘t ochishni, G‘azo sektoriga nisbatan shafqatsiz hujumlarni qayta boshladi.
Shundan buyon 1890 nafar falastinlik halok bo‘ldi, ularning asosiy qismi keksalar, ayollar va bolalardan iborat. 5000 ga yaqin inson yaralangan.
2023 yil 7 oktyabridan beri Isroilning G‘azo sektoriga qarshi amalga oshirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 51 ming 266 nafarga yetdi, yaralanganlar soni esa 116 ming 991 nafarni tashkil qilmoqda.
Kashmirdagi terakt: ma’lumot uchun mukofot
Jammu va Kashmir politsiyasi Paxalgam shahri yaqinida 26 sayyohning o‘limiga sabab bo‘lgan terrorchilar haqida ma’lumot berganlarga 200 ming rupiy mukofot va’da qildi. Politsiya ma’lumot beruvchilar maxfiyligini kafolatlamoqda.
Hodisa 22 aprel kuni sodir bo‘lgan. Baysaran vodiysidagi so‘qmoqda harakatlanayotgan sayyohlarga qurollangan olti nafar jangari tomonidan o‘t ochilgan. 17 kishi yaralangan. Hujum uchun mas’uliyatni «Kashmir qarshiligi» qurolli guruhi o‘z zimmasiga oldi.
Bu hudud Hindistonning mashhur turistik nuqtalari qatoriga kiradi. Hodisa ortidan mamlakatda xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda. Qidiruvdagi shaxslar surati va ma’lumotlari politsiyaning ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirilgan.
Bu orada Hindiston Jammu va Kashmirdagi terakt uchun Pokistonni ayblab, keskin choralar qabul qildi. Hindiston xavfsizlik qo‘mitasi Hind daryosi bo‘yicha kelishuvni muddatsiz to‘xtatishga qaror qildi — bu millionlab pokistonliklarning suv ta’minotiga tahdid soladi.
Hind daryosi kelishuvi 1960 yilda imzolangan va uchta urush davomida ham amal qilgan edi. Bundan tashqari, Attari-Vagah chegara punkti yopildi, SAARK vizalari bekor qilindi, Pokiston fuqarolari 48 soat ichida mamlakatni tark etishi kerak.
Hindiston diplomatlari Islomoboddan chaqirib olinmoqda. Har ikki mamlakatdagi elchixonalarda diplomatlar soni 55 tadan 30 tagacha qisqartiriladi.
Pokiston rasmiylari hujumga aloqadorlikni rad etmoqda, ammo vaziyat harbiy to‘qnashuvga yaqinlashmoqda.
Istanbuldagi zilzila: 150 dan ortiq inson jarohatlandi
Turkiyaning Istanbul shahri yaqinida 6,2 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi. Rasmiylarga ko‘ra, yer qimirlashi natijasida 151 kishi jarohatlangan. Mamlakatning bir qator shaharlarida kuchli aftershoklar kuzatildi, biroq qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Zilzilaning o‘chog‘i Istanbuldan 80 km g‘arbda — Marmar dengizida bo‘lgan. Yer silkinishi 13 soniya davom etgan. Ko‘plab binolardagi odamlar evakuatsiya qilingan, maktablar vaqtincha yopilgan. Rasmiylar 50 dan ortiq aftershokni qayd etgan.
Istanbul gubernatori, Fotih tumanidagi tashlandiq bino shikastlanganini ma’lum qildi. Vahimaga tushib, binolarning yuqori qavatlaridan sakragan fuqarolar jarohatlangan. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an vaziyatni shaxsan nazorat qilmoqda.
Zilzila kuchi Bolgariyada ham bilingan. O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, zilziladan jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.
Ukrainada tinchlik bo‘yicha London muzokaralari barbod bo‘ldi
Londonda Ukraina va G‘arb davlatlari o‘rtasida o‘tishi kerak bo‘lgan tinchlik muzokaralari barbod bo‘ldi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olmasligini aytgach, AQSh davlat kotibi Marko Rubio uchrashuvda ishtirok etishdan bosh tortdi. Uning ortidan Fransiya va Germaniya vazirlari ham safarini bekor qildi.
Zelenskiyning so‘zlari Donald Tramp ma’muriyati tayyorlagan tinchlik rejasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi keladi. Rejada Qrimning Rossiyaga tegishliligi de-yure tan olinadi, shuningdek, 2022 yildan buyon Rossiya nazoratida bo‘lgan to‘rt oblast haqida ham maxsus qayd bor. Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasligi ham rejadagi asosiy shartlardan biri.
Amerikalik rasmiylar muzokaralar rejasi bilan Kiyev tanish ekanini tasdiqladi. Ammo Ukraina delegatsiyasi Londonda faqat 30 kunlik sulhni muhokama qilishni rejalashtirgan. Bu esa Rubioning qarorini o‘zgartirishga sabab bo‘ldi.
Hatto muzokaralarning boshqa ishtirokchilari — Fransiya va Germaniya ham uchrashuvdan voz kechdi. Ular ham Kiyev ortidan Qrimni Rossiyaniki deb tan olishdan bosh tortishdi. Bundan tashqari, Yevropa uzil-kesil sulh tuzilmaguncha Rossiyaga joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishdan bosh tortdi.
Tramp: «Zelenskiyning qo‘lida qarta yo‘q»
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Qrim haqidagi bayonotini tinchlik muzokaralari uchun «halokatli» deb atadi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Volodimir Zelenskiyning Ukraina huquqiy jihatdan hech qachon Qrimni Rossiyaniki deya tan olmasligi haqidagi bayonoti «Rossiya bilan tinchlik muzokaralariga jiddiy zarar yetkazmoqda». Uning ta’kidlashicha, Ukraina yarimorolni «ancha yillar oldin», AQShda Barak Obama prezident bo‘lgan vaqtda qo‘ldan chiqargan va endi bu «hatto muhokama mavzusi ham hisoblanmaydi».
«Hech kim Zelenskiydan Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishni so‘rayotgani yo‘q, lekin agar u Qrimni xohlayotgan bo‘lsa, nega ular yarimorol uchun 11 yil oldin, birorta o‘q otilmasdan Rossiyaga topshirilganida kurashmadi?» — deb yozadi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, tomonlar «bitimga juda yaqin» va «qo‘lida kuziri yo‘q odamdan» ushbu kelishuvni ma’qullashni talab qildi.
Tramp o‘zini tinchlikka intilishi orqali har hafta besh ming nafar harbiyning hayotini saqlab qolishga intilgan siyosatchi sifatida ko‘rsatmoqda.
Bu orada AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens tomonlar amerikaliklarning tinchlikka erishish bo‘yicha takliflariga ko‘nmasa, AQSh Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokara jarayonidan chiqishini e’lon qildi.
«Biz har ikki tomon — Rossiyaga ham, Ukrainaga ham aniq-tiniq takliflar ilgari surganmiz. Endi ular yo “ha” deb ko‘nishi kerak, yoki AQSh bu jarayonlarni tark etadi», deb ko‘nishi kerak, yoki AQSh bu jarayonlarni tark etadi», — dedi Vens.
Qirg‘izistonda «Rus uyi» xodimi qo‘lga olindi
Qirg‘izistondagi «Rus uyi» xodimi Natalya Sekerina chet eldagi qurolli mojarolarga yollanma jangchilar jalb qilishda ayblanib hibsga olindi, deb yozmoqda TASS agentligi. Hibsga olinganlardan yana biri O‘sh shahri hokimiyati matbuot xizmati xodimi Sergey Lapushkin.
Ish yuzasidan Lapushkin va Sekerinadan tashqari yana ikki kishi 17 iyunga qadar hibsga olingan. Ularning ismlari noma’lum.
Hibsga olinganlarning barchasi Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 416-moddasi Xorij armiyasiga noqonuniy yollanish jinoyati bo‘yicha ayblanmoqda. Unga nisbatan yollanma jangchilarni jalb qilish, moliyalashtirish va tayyorlash ayblovlari qo‘yilgan. Qonunga ko‘ra, ular 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Mavzuga oid

18:50
«Vladimir, to‘xta!» - Tramp Rossiyaning Kiyevga zarbasi haqida

18:09
Hindiston Kashmirda sayyohlarga uyushtirilgan hujumdan keyin pokistonliklar vizasini bekor qildi

17:25
Istanbuldagi zilzilada kuchli qo‘rquv tufayli O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi

15:26