O‘zbekiston | 20:55 / 08.05.2025
1315
6 daqiqa o‘qiladi

8 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘oqlarining birida o‘pirilish yuz berdi, Forishda kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi, mingdan ortiq odamni chuv tushirgan soxta treyder ushlandi, prezident «G‘alaba bog‘i»ga bordi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘og‘i o‘pirildi

Andijon viloyati Buloqboshi tumani hududidan oqib o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘oqlarining biriga shikast yetdi. Hodisa oqibatida kanal suvi toshib, atrofdagi ko‘chalarni suv bosdi.

O‘zgidrometning ma’lum qilshicha, suv toshqiniga Janubiy Farg‘ona kanaliga me’yoridan ortiq suv tashlanishi sabab bo‘lgan.

Unga ko‘ra, xavfli gidrologik hodisaning kelib chiqishiga Janubiy Farg‘ona kanaliga GES qurilishi sababli ortiqcha suv tashlangan. Suv sarfi taxminan 15 metr kub/sekundni tashkil etgan. Hodisa talafotlari o‘rganilganida jami 560 ta xonadonni suv bosgani aniqlangan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa hodisa oqibatida 30 ta xonadonning ichiga, 70 ta xonadonning esa tomorqasiga suv kirganini bildirdi.

«Suv oqimini pasaytirish va kirgan suvlarni chiqarib tashlash ishlari olib borilmoqda», deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Hozirda suv sizib chiqishining oldini olish ishlari davom etmoqda. Hodisani bartaraf qilish uchun 40 ga yaqin texnika jalb qilingan.

Forishda kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi

Energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Alisher Sultonov raisligida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan operativ shtab va ilmiy-texnik kengashning qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish doirasida «Atomstroyeksport» AJ bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati aks ettirilgan taqdimot namoyish etildi. Taqdimotda loyihalash bosqichlari, tayyorgarlik ishlari va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlik masalalari atroflicha ko‘rsatildi.

Ishtirokchilar shartnoma majburiyatlarining aniq belgilangan muddatda bajarilayotganini ta’kidlab, reglamentga qat’iy rioya qilish zarurligiga to‘xtaldi, shuningdek, qurilish-montaj bazasini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilish davomida Jizzax viloyati Forish tumanida kichik quvvatli atom stansiyasini joylashtirish sxemasi tasdiqlandi. Bu loyihani mintaqaviy ehtiyojlarga moslashtirish va elektr energiyasi ishlab chiqarishni optimallashtirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning tabiiy uran resurslaridan yadro yonilg‘isi ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyati muhokama qilindi, bu loyihaning iqtisodiy samaradorligini oshirish va mamlakatning energetik mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yig‘ilish barcha ishtirokchilarning kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi.

Mingdan ortiq odamni chuv tushirgan soxta treyder

Telegram tarmog‘ida guruh ochib, pulini qisqa fursatda ko‘paytirib berishini aytgan holda odamlarni aldab kelgan yigit Toshkent shahrida qo‘lga olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, Namangan viloyatida yashovchi shaxs odamlarga pulini qisqa fursatda ko‘paytirib berishini aytib, ijtimoiy tarmoqlar orqali ularni aldab kelgan. Uning yolg‘oniga mingdan ortiq odam chuv tushgan.

Yigit o‘z izini yo‘qotish maqsadida turli viloyatlarda yashovchi odamlar nomiga olingan telefon va SIM-kartalar, shuningdek, bank kartalaridan foydalanib kelgan. O‘g‘irlagan pullarini esa o‘z manfaati yo‘lida ishlatib yuborgan.

Uning aldoviga ishonganlar orasida navoiylik shaxs ham bor. U 7 mln so‘m pulini o‘z qo‘li bilan kibero‘g‘riga topshirgan. Aldanganini bilgach esa Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan.

Soxta treyder Navoiy viloyati ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida ushlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining «o‘g‘irlik» moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Prezident «Millat fidoyilari» xiyobonida bo‘ldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «G‘alaba bog‘i»dagi «Millat fidoyilari» xiyoboniga tashrif buyurib, marhum harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan uchrashdi.

«Har yili bu yerga kelib, Ikkinchi jahon urushidagi yo‘qotishlarni eslaymiz. Endi mustaqillik fidoyilariga bag‘ishlangan ushbu majmuani tashkil qilganimiz xayrli ish bo‘ldi. Chunki ular ham milliy qahramonlarimiz. Shu jihatdan, bu maydonning ma’naviy ahamiyati katta. Bu ham o‘zlikni anglash, bu ham inson qadri», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari vatan himoyachilarining oila a’zolariga chuqur hurmatini bildirdi.

Shuningdek, prezident Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilarini ham ziyorat qilib, bayram bilan tabrikladi.

Mavzuga oid