Jahon | 14:01
2099
8 daqiqa o‘qiladi

Yamanga zarbalar seriyasini amalga oshirgan Isroil, Moskva aeroportlaridagi kollaps va Bokuga qo‘nishga majbur bo‘lgan Serbiya prezidenti - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil Yamandagi asosiy aeroport va portni yakson etdi

Isroil harbiy-havo kuchlari Yaman bo‘ylab zarbalar seriyasini amalga oshirdi: Hudayda porti, mamlakat poytaxti Sano shahridagi aeroport bombardimon qilindi. Hujumdan oldin TSAHAL mahalliy aholiga ogohlantirish berib, zudlik bilan Sano aeroporti yaqinidagi hududlarni tark etishga chaqirgan.

Aeroport to‘lig‘icha ishdan chiqarilgan: terminal, uchish-qo‘nish yo‘lagi hamda harbiy baza yakson etilgan, shuningdek, bir necha samolyot yo‘q qilingan. Badjil shahridagi sement zavodi va bir necha elektr stansiyalar ham zarbalar ostida qolgan. Yamandagi «Al-Masira» telekanali ma’lumotiga ko‘ra, uch kishi halok bo‘lgan.

Bu obektlarning barchasi «Ansor Alloh» (husiychilar) tomonidan nazorat qilinadigan hududda joylashgan. Isroil mudofaa armiyasi bayonotiga ko‘ra, ular husiychilar infratuzilmasining bir qismi hisoblangan: Hudaydadagi port va Sano aeroporti — «Ansor Alloh» Erondan olingan qurollarni tashishda foydalanadigan transport tuguni vazifasini o‘tagan, sement zavodi mahsulotlari esa yerosti bunkerlari va tunnellar qurishda ishlatilgan.

Aeroport bo‘ylab zarbalardan ko‘p o‘tmay AQSh prezidenti Donald Tramp husiychilar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilishni to‘xtatishga rozi bo‘lgani va shuning uchun AQSh ularning Yamandagi obektlariga boshqa hujum qilmasligini bildirdi. Tramp hech qanday tafsilotlarni keltirmagan — husiychilar kimga, qachon, qayerda va aynan nima deganiga aniqlik kiritmagan.

Moskvaga dronlar hujumi: aeroportlar o‘z faoliyatini to‘xtatdi

Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari dronlar bilan Moskvaga qilingan hujumni qaytardi, deb Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyanin ma’lum qildi. Moskva viloyati osmonida ikkita UUA yo‘q qilinganini Rossiya Mudofaa vazirligi tasdiqladi.

Moskvaning «Vnukovo», «Domodedovo» va «Jukovskiy» aeroportlari parvozlarni qabul qilish va jo‘natishni vaqtincha to‘xtatdi, deb xabar berdi «Rosaviatsia». Cheklovlar Kaluga, Tambov, Yaroslavl va Nijniy Novgorod aeroportlarida ham joriy etildi.

Avvalroq, Rossiya Federatsiyasining Qozon, Nijnekamsk, Samara va boshqa bir qator shaharlari aeroportlarida ham shunday cheklovlar joriy etilgan edi. Kun davomida ular ishini qayta tikladi. Avvalgi tunda Moskva aeroportlarining ishi ham to‘xtatildi, ertalab bu cheklovlar bekor qilindi.

Rossiya Mudofaa vazirligining xabar berishicha, Ukrainaning 57 ta uchuvchisiz uchog‘i yo‘q qilingan va tutib olingan - ulardan 31 tasi Bryansk viloyati osmonida. Ukraina Qurolli kuchlarining yana 14 ta droni Kursk viloyati, 7 tasi Orel viloyati, 2 tasi Kaluga va Ryazan viloyatlari hamda Qrim ustidan bittasi zararsizlantirildi, deyiladi vazirlik bayonotida.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hududlari osmonida 105 ta, shu jumladan, Moskva viloyati hududida 19 ta dron urib tushirilgan. Ma’lum qilinishicha, urib tushirilgan bir dronning qoldiqlari Kashirskoye shossesidagi turar joy binosi yonidan, ikkinchisi esa Yangi Moskvadagi Kuvekino qishlog‘ida topilgan.

YeI AQSh tovarlariga 100 mlrd yevrolik yangi bojlarni tayyorlayapti

Yevropa Ittifoqi AQShning 100 milliard yevroga yaqin tovarlariga qo‘shimcha savdo bojlari joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bryussel savdo mojarosini hal qilish bo‘yicha muzokaralar qoniqarli natijalarga olib kelmasa, shunday choralar ko‘rishi mumkin, deb xabar berdi Bloomberg Yevropa Ittifoqidagi manbalarga tayanib.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, 7 may kuni YeI mamlakatlariga yangi qarshi choralar tushuntiriladi. YeI doirasidagi maslahatlashuvlar taxminan bir oy davom etishi kutilmoqda, shundan so‘ng yangi tariflar joriy etiladigan tovarlar ro‘yxati tasdiqlanadi.

Ayni paytda Yevropa Ittifoqining savdo bo‘yicha komissari Marosh Shefchovichning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Qo‘shma Shtatlar bilan salbiy kelishuvni shoshilinch tarzda imzolash uchun bosim ostida qolmagan. «Biz o‘zimizni kuchsiz his qilmayapmiz», dedi u 6 may kuni Yevroparlamentdagi chiqishida. Shuning uchun, Yevropa komissariga ko‘ra, Bryussel o‘ziga nisbatan adolatsiz bo‘ladigan qaror qabul qilmasligi kerak.

Moskvaga kelayotgan Serbiya prezidenti dronlar tufayli Bokuga qo‘nishga majbur bo‘ldi

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etish uchun yo‘l oldi. Ammo uning marshruti kutilganidek kechmadi: davlat rahbari samolyoti avvaliga Belgraddan Bokuga uchdi, u yerda ma’lum vaqt ushlanib qoldi, shundan keyingina Rossiya poytaxtiga uchib ketdi.

ADS-B Exchange xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, YUSRB belgisiga ega Embraer Belgraddan Grinvich bo‘yicha ertalab soat 8:31 da parvoz qilgan va soat 11:36 da Boku aeroportiga qo‘ngan.

Serbiyadagi nashrlar, jumladan, Tanjug agentligi Bokuda to‘xtashni «majburiy qo‘nish» deb atagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot «harbiy harakatlar» tufayli parvozni davom ettirishga ruxsat ololmagan — so‘nggi kunlarda Moskva aeroportlari dronlar hujumi tufayli uzilishlar bilan ishlamoqda.

Xuddi shu vaqtda, TASSning ismi oshkor etilmagan manbasi Bokuga qo‘nish oldindan rejada bo‘lganini aytgan. «Bu samolyotga yonilg‘i quyish uchun kerak edi», - deya suhbatdoshining so‘zlarini keltiradi davlat agentligi.

Nima bo‘lganda ham, Serbiya prezidentining borti Bokuda bir soatdan sal ko‘proq vaqt davomida qolib ketgan va faqat soat 12:43 da Moskvaga parvozni davom ettirgan.

Yevropa komissiyasi Rossiya gazidan voz kechish rejasini taqdim etdi

Yevrokomissiya Strasburgda 2027 yilgacha Rossiyaning qazib olinadigan yonilg‘isidan butunlay voz kechish rejasini e’lon qildi. Ushbu reja doirasida bosqichma-bosqich «yo‘l xaritasi»ni e’lon qilish ikki marta qoldirildi. Bu safar u umumiy ma’noda taqdim etildi va rasmiy qonunchilik takliflari bir oydan keyin e’lon qilinadi, dedi Yevropa Ittifoqining energiya bo‘yicha komissari Dan Yorgensen.

REPowerEU deb nomlangan Rossiya Federatsiyasi energiya manbalaridan bosqichma-bosqich voz kechish dasturi Yevropa Ittifoqi darajasidagi qonunchilikka o‘zgartirishlar va 2025 yil oxirigacha bo‘lgan majburiy milliy rejalarni o‘z ichiga oladi, deya tushuntirdi Yevropa komissari.

Yangi qoidalar, masalan, Rossiya gaz yetkazib beruvchilari bilan yangi shartnomalarning oldini olish va mavjud spot shartnomalar 2025 yil oxirigacha bekor qilinishini anglatadi. Yevropa Komissiyasiga ko‘ra, bu chora Yevropa Ittifoqi Rossiya gazining qolgan ta’minotini joriy yil oxirigacha uchdan bir qismga qisqartirishiga olib keladi. Hozirda Rossiya gazining ulushi Yevropa Ittifoqi butun gaz bozorining 13 foizini tashkil qiladi. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan oldin bu ulush Yevropa Ittifoqida o‘rtacha 45 foizga yetgandi.

Mavzuga oid