Jahon | 12:16
2666
2 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev tug‘ilgan kunini nishonlamaydi - Oqo‘rda

2025 yil 17 may kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 72 yoshga to‘ldi. Prezident matbuot xizmati nega ushbu sana alohida ajratilmasligini aytdi.

Foto: Aqorda

Aqorda matbuot xizmatiga ko‘ra, To‘qayev bu sanani alohida ajratmaydi. «Chunki uning oilasida na bolalar, na ota-onalarning tug‘ilgan kunlari nishonlanmagan. Shu sababli hech qanday tantanali tadbirlar rejalashtirilmagan», deyiladi xabarda.

Shunga qaramay, an’anaga ko‘ra, ushbu kunda Qozog‘iston prezidentini turli davlatlar rahbarlari tabriklashi kutilmoqda.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti lavozimiga ilk bor 2019 yil 20 mart kuni, Nursulton Nazarboyev iste’fosidan so‘ng, vaqtinchalik prezident sifatida tayinlanib, 2019 yil 9 iyun kuni o‘tkazilgan saylovda rasman prezident etib saylandi.

2022 yil boshida mamlakatda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan «Qonli yanvar» voqealari yuz berdi. To‘qayev bu inqirozni kuchishlatar tizimlar orqali bostirib, davlat xavfsizligini tiklash choralarini ko‘rdi.

2022 yilning 20 noyabrida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida u ikkinchi muddatga saylandi. Bu saylovda Qozog‘istonda yangi konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga muvofiq yetti yillik yagona prezidentlik muddati joriy etildi.

2024 yil sentabr oyida Ostonadagi xalqaro forumda nutq so‘zlagan To‘qayev islohotlarni hayotga tatbiq etishda xalq tomonidan yollangan prezidentga 7 yil muddat yetarli ekanini aytgan edi.  

Mavzuga oid