Isroilga qarshi xalqaro bosim, Tramp va Putinning suhbati hamda G‘azoga humanitar yordam – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Isroil G‘azoga humanitar yordam yetkazishga ruxsat berdi
So‘nggi oylarda Isroil G‘azoga bosqinchilik tahdidi bilan birga, humanitar yordamni ham to‘xtatib, HAMASga bosim o‘tkazishga urinayotgan edi. Endilikda Isroil bu siyosatdan burilish qilib, bir nechta oziq-ovqat yuk mashinalari sektorga kirishiga ruxsat berdi.
Bu o‘zgarishlar Isroil rahbariyati ichidagi strategik kelishmovchiliklarni aks ettiradi. O‘ta o‘ng bosh vazir Netanyaxu Tramp ma’muriyati boshchiligidagi xalqaro hamkorlarning humanitar falokat haqidagi xavotirlariga nisbatan muvozanat saqlashga harakat qilmoqda.
Netanyaxu idorasiga ko‘ra, yangi mexanizm ishlab chiqilgunga qadar gumanitar yordam G‘azo sektoriga odatiy kanallar orqali yetkazilishi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, Isroil endi ular Hamas a’zolari qo‘liga tushmasligi uchun choralar ko‘rishga va’da berdi.
AQShning Isroildagi sobiq elchisi Daniel Shapiro «Netanyahu har doimgidek, vaqtdan yutishga urinmoqda va qaror qabul qilishdan qochmoqda», degan. Unga ko‘ra, Isroil harbiy rahbarlari G‘azoni to‘liq egallab olish rejalarini uzoq muddatda amalga oshirish mumkin emas, deb hisoblaydi — buning asosiy sababi harbiylar orasidagi sustlik va G‘azoda garovdagilar taqdiri.
Shuningdek, Isroil HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi muzokaralarni kutmoqda. Tramp ma’muriyati tarafidan bosim kuchaygan, HAMAS esa doimiy sulh evaziga garovdagilarni ozod qilishga tayyor. Netanyaxu videomurojaatda humanitar yordam ham aslida o‘zi uchun foydali ekanligiga ishora qilgan:
«Ocharchilikka yo‘l qo‘yish mumkin emas — na haqiqatda, na diplomatik nuqtayi nazardan. Aks holda, ocharchilik tasvirlari tufayli bizga xalqaro qo‘llab-quvvatlov bo‘lmaydi va biz g‘alabaga erisholmaymiz», degan u.
Tramp va Putin: 2 soatlik telefon suhbati
19 may kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida ikki soatlik telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. Putin suhbatni Kremlda emas, balki Sochidagi «Sirius» ta’lim majmuasi binosiga tashrif buyurgan vaqtda o‘tkazgan.
Tramp suhbatni «muvaffaqiyatli» deb atab, Rossiya va Ukraina o‘rtasida sulh muzokaralari «darhol» boshlanishini e’lon qildi. U, shuningdek, Vatikanni muzokaralar uchun ehtimoliy mezbon sifatida taklif qildi.
Putin esa muzokaralarga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, zudlik bilan sulhga rozi bo‘lmadi. U Rossiya va Ukraina o‘rtasida kelajakdagi tinchlik bitimi bo‘yicha memorandum ustida ishlashga tayyorligini ma’lum qildi. Rasmiy Kreml, shuningdek, Tramp bilan suhbatni «mazmunli» deb atadi va ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash, ayniqsa savdo va iqtisodiy hamkorlik sohalarida, imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Har ikki tomon 9 nafar mahbusni almashish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga kelishib olgan.
«Men Donald Trampga bevosita muzokaralarni qayta tiklashni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdim. U sulh masalasidagi o‘z pozitsiyasini bayon qildi. Men Rossiya tinch yo‘l bilan mojaroni hal etish tarafdori ekanini ta’kidladim. Biz tinchlik sari eng samarali yo‘llarni aniqlab olishimiz kerak», — dedi Putin muloqotdan keyin.
Ushbu suhbat Rossiya-Ukraina urushini diplomatik yo‘l bilan hal etish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanayotgan bo‘lsa-da, zudlik bilan sulhga erishilmaganligi va Rossiyaning maksimalist talablarini davom ettirishi muzokaralarning murakkabligini ko‘rsatmoqda. Yevropa va Ukraina yetakchilari esa Rossiyaga nisbatan bosimni oshirish va muzokaralarda faol ishtirok etish zarurligini ta’kidlamoqda.
Isroilga xalqaro bosim oshib bormoqda
19 may kuni Britaniya Bosh vaziri Keir Starmer, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Kanada Bosh vaziri Mark Karney Isroilning G‘azo harakatlarini qoralab, qo‘shma bayonot e’lon qildi. Ular Isroilning humanitar yordamni to‘sib qo‘yishi va ayrim hukumat a’zolarining falastinliklarni majburan ko‘chirish haqidagi tahdidlarini xalqaro huquqqa zid deb atadi:
«Agar Isroil harbiy hujumlarni to‘xtatmasa va yordamni cheklashni tugatmasa, biz aniq choralar ko‘ramiz», — deyiladi qo‘shma bayonotda.
Ular, shuningdek, Britaniya, Fransiya va Kanada Falastin davlatini tan olishga tayyor ekanliklarini bildirgan hamda bu orqali ikki davlat yechimiga hissa qo‘shmoqchi ekanliklarini ta’kidlashdi.
Bundan tashqari, Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya kabi Yevroittifoqning 20 dan ortiq davlatlari tashqi ishlar vazirlari alohida bayonot bilan chiqdi. Ular Isroildan G‘azoga yordamni to‘liq tiklashni va BMT hamda gumanitar tashkilotlarga mustaqil va xolis tarzda insonlarni qutqarish imkoniyatini berishni talab qilgan.
«Yordamning cheklangan ravishda qayta boshlanishi haqida ishoralar bo‘lsa-da, Isroil ikki oydan ortiq vaqt davomida G‘azoga gumanitar yordam kirishini to‘sdi. Oziq-ovqat, dori-darmon va zaruriy mahsulotlar tugagan. Aholi ocharchilik xavfi ostida. G‘azo xalqi ularga nihoyatda zarur bo‘lgan yordamni olishga haqli», deyiladi bayonotda.
Isroil bosh vaziri Netanyahu G‘arb rahbarlarining tanqidiga qattiq javob berdi: «London, Ottava va Parijdagi yetakchilar G‘azoda HAMASga katta sovg‘a berishmoqda. Bu urush bizning yashab qolishimiz uchun olib borilmoqda. HAMAS yo‘q qilinmasdan, hech qanday tinchlik bo‘lmaydi. Urush ertaga yakunlanishi mumkin — agar garovdagilar ozod qilinsa, HAMAS qurolini topshirsa, rahbarlari surgun qilinsa va G‘azo harbiylashtirilmagan zona bo‘lsa», degan Netanyahu.
Isroil mart oyida sulhni buzib havo hujumlarini boshlagan bo‘lsa, kuni kecha G‘azoni to‘liq egallash bo‘yicha yer ustida yangi operatsiya boshlaganini ma’lum qildi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon umumiy qurbonlar soni 53,486 nafarga yetgan.
Rossiyaga kirishda QR-kod talab qilinadi
Vizasiz tartibda Rossiyaga boradigan chet el fuqarolari, jumladan, o‘zbekistonliklar ham chegarada QR-kod ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi. Tartib joriy yil 30 iyunidan amalda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi xabar berdi.
QR-kod «Gosuslugi RuID» mobil ilovasi orqali olinadi. Buning uchun ilovada ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy kabinet yaratish, so‘ng fotosurat va shaxsiy ma’lumotlar yuklab, Rossiyada bo‘lish muddatini ko‘rsatish lozim.
QR-kod uchun ariza safardan kamida 72 soat oldin berilishi shart. Agar Rossiyaga borish zarurati to‘satdan (masalan, og‘ir kasallik yoki yaqin qarindosh vafoti) paydo bo‘lsa, arizani 4 soat qolganda ham topshirish mumkin.
Bunday ro‘yxatdan o‘tishdan Belarus fuqarolari, 6 yoshgacha bolalar, shuningdek, viza, vaqtinchalik yoki doimiy yashash ruxsatnomasiga ega shaxslar ozod etiladi. 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun arizani ularning ota-onalari yoki qonuniy vakillari topshiradi — ularda ham shaxsiy ro‘yxatdan o‘tish kodi bo‘lishi shart.
Telegram asoschisi Ruminiyada senzura joriy etishdan bosh tortdi
Telegram asoschisi Pavel Durov G‘arbiy Yevropa davlatlaridan birining prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tgan Ruminiyada «konservativ ovozlarni o‘chirish» haqidagi iltimosini rad etganini aytdi.
«G‘arbiy Yevropa hukumati (o‘ylab ko‘ring, qaysi biri) bugungi prezidentlik saylovlari oldidan Ruminiyadagi konservativ ovozlarni o‘chirishni Telegramʼdan so‘radi. Men qat’iyan rad etdim. Telegram ruminiyalik foydalanuvchilarning erkinliklarini cheklamaydi va ularning siyosiy kanallarini bloklamaydi», — deb yozdi messenjer yaratuvchisi o‘zining Telegram-kanalida.
Durov qaysi hukumat haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi, biroq «o‘ylab ko‘ring, qaysi biri» so‘zlarini baget shaklidagi emodzi bilan tasvirladi, buni Fransiyaga ishora sifatida talqin qilish mumkin. Keyinchalik tadbirkorning aytishicha, shu yilning bahorida u Fransiya Tashqi razvedka bosh boshqarmasi boshlig‘i Nikolya Lernerning «saylovlar oldidan Ruminiyada konservativ ovozlarni taqiqlash» haqidagi iltimosini rad etgan.
«Demokratiyani yo‘q qilish orqali «demokratiyani himoya qilish» mumkin emas. Saylovlarga aralashish orqali «saylov aralashuviga qarshi» kurasha olmaysiz. Sizda so‘z erkinligi va adolatli saylovlar yoki bor, yoki yo‘q. Ruminiya xalqi esa ikkalasiga ham munosib», — deya ta’kidladi u.
Mavzuga oid

13:55 / 22.05.2025
AQSh osmonida «Oltin gumbaz», G‘arb diplomatlariga o‘q uzgan Isroil va Rossiya armiyasidan qochganlar – kun dayjesti

13:12 / 21.05.2025
Sanksiyalari yechilayotgan Suriya, yangi bomba yaratgan AQSh va imtiyozlari bekor qilinayotgan Isroil – kun dayjesti

13:21 / 19.05.2025
Isroilning G‘azodagi yangi operatsiyasi, dronlar hujumiga zo‘r bergan Rossiya va Hamasning o‘ldirilgan navbatdagi qo‘mondoni – kun dayjesti

15:00 / 17.05.2025