Jahon | 13:12 / 21.05.2025
2986
11 daqiqa o‘qiladi

Sanksiyalari yechilayotgan Suriya, yangi bomba yaratgan AQSh va imtiyozlari bekor qilinayotgan Isroil – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qiladi

Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qildi. «Oxirgi 14 yil davomida Yevroittifoq doim suriyaliklarni qo‘llab-quvvatlab keldi va bu ishni davom ettiradi», — dedi YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas.

Yevropa bosh diplomati sanksiyalarning barchasi darhol yechiladimi yoki bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladimi — aniqlik kiritmagan. Xorijiy nashrlarga ko‘ra, Bryussel Damashqqa qarshi sanksiyalarni «bosqichma-bosqich» bekor qilish imkoniyati haqida o‘ylamoqda.

13 may kuni Saudiyaga tashrif buyurgan AQSh prezidenti Donald Tramp prezident Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashgan hamda Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishini aytgan edi. U bunda Saudiya shahzodasi, Turkiya va Qatar yetakchilarining roli katta ekanini bildirgan.

AQSh boshchiligidagi G‘arb koalitsiyasining Suriyaga nisbatan sanksiyalari mamlakatni Bashar Asad boshqargan davrda joriy etilgan. 2024 yil dekabrda u hokimiyatdan ag‘darildi va Rossiyaga qochib ketdi. Hokimiyat tepasiga Ash-Shar’a boshchiligidagi kuchlar keldi.

Yevroittifoq va Buyuk Britaniya Isroilga qarshi iqtisodiy imtiyozlarni bekor qilmoqchi

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Kaya Kallas Ittifoqning Isroilga savdo imtiyozlari beradigan Assotsiatsiya bitimi qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Bryusselda o‘tgan tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Niderlandiya Yevroittifoq va Isroil o‘rtasidagi Assotsiatsiya bitimini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgan. Bu taklifni a’zo davlatlarning aksariyati qo‘llab-quvvatladi.

Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp Kallasga yo‘llagan maktubida G‘azo sektorining blokadasi xalqaro gumanitar huquqni buzishini va shu bilan Yevroittifoq-Isroil Assotsiatsiya bitimining 2-moddasini buzayotganini aytdi. 2000 yilda kuchga kirgan ushbu bitimning 2-moddasi hamkorlikni «inson huquqlari va xalqaro huquqqa sadoqat» bilan bog‘laydi.

«Shu bois bu jarayonni boshladik. Ayni paytda Isroil gumanitar yordamga to‘siqni o‘zi olib tashlashi kerak. Biz bu ishni boshlayapmiz va shu orada gumanitar yordam yo‘liga ochilishi hamda vaziyat yaxshilanishiga umid qilamiz», degan Kallas.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lammiy ham Isroil bilan yangi erkin savdo bitimi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatganini e’lon qildi.

«Biz chetda turib, vaziyatning yomonlashuvini tomosha qila olmaymiz. Bu ikki tomonlama munosabatlarimizga asos bo‘lgan prinsiplarga va Britaniya xalqining qadriyatlariga zid keladi. Shu bois bugun men Netanyaxu hukumati bilan yangi erkin savdo bitimi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatganimizni e’lon qilaman. Bu qaror Isroil hukumatining harakatlari tufayli zaruratga aylandi», — dedi u Parlamentdagi nutqida.

«Biz Isroil xalqi bilan umumiy qadriyatlarga asoslangan mustahkam do‘stlikni istaymiz. Ammo G‘azoda olib borilayotgan urush shakli hukumatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarimizga putur yetkazmoqda. Agar Isroil harbiy harakatlarni davom ettirsa va gumanitar yordamning uzluksiz yetkazilishini ta’minlamasa, biz yana boshqa javob choralarini ko‘ramiz», — degan Britaniya tashqi ishlar vaziri isroilliklarga murojaat qilib.

Isroil armiyasining 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 53 573 nafarga yetdi. So‘nggi sutka ichida eksklavda 87 kishi Isroil hujumlari qurboniga aylangan, yana 290 nafar jarohatlanganlar kasalxonaga olib kelingan. G‘azo sektorining sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ko‘ra, bombalangan uylar xarobalari ostida minglab insonlarning jasadlari qolib ketmoqda.

Isroilning bosqinchilik hujumlariga mamlakat ichidagi muxolifat va ayrim harbiylar ham qarshi fikr bildirmoqda. Xususan, muxolifatdagi Demokratik partiya rahbari Yair Golan Isroil armiyasi G‘azo sektorida bolalarni «hobbi sifatida» o‘ldirayotganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, amaldagi Isroil hukumati mamlakatning o‘zi uchun jiddiy tahdidga aylangan.

AQSh yangi atom bombasi yaratilganini e’lon qildi

Qo‘shma Shtatlar eng yangi B61-13 gravitatsion yadroviy bombaning birinchi prototipini ishlab chiqarishni yakunladi, uning quvvati 360 kilotonnagacha. Bu muddatdan bir yil oldin sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Energetika vaziri Kris Rayt.

Uning so‘zlariga ko‘ra, B61-13 e’lon qilinganidan ikki yil o‘tmasdan yaratilgan va Sovuq urush davridan beri eng tez ishlab chiqilgan va qabul qilingan qurollardan biriga aylandi. Raytning ta’kidlashicha, bu Qo‘shma Shtatlarning «yangi beqaror davrda» global xavfsizlik sohasidagi ortib borayotgan muammolarga tezda javob berish qobiliyatini namoyish etadi.

«AQSh yadroviy arsenalini modernizatsiya qilish prezident Donald Trampning «Tinchlik orqali kuch» yondashuviga erishish uchun juda muhim... Bu yutuq Amerika kuchini raqiblarimizga ham, ittifoqchilarimizga ham namoyish etadi», dedi vazir.

Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 17-paketi tasdiqlandi

Yevroittifoq joriy qilgan sanksiyalar asosan Rossiyaning «soyadagi floti» tankerlariga qaratilgan. Ittifoq rasmiylariga ko‘ra, sanksiyalar Kremlning «deyarli 200 ta soyadagi tankeriga» ta’sir ko‘rsatadi.

«Yangi choralar, shuningdek, gibrid tahdidlar va inson huquqlariga qaratilgan. Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar ustida ham ish olib borilmoqda. Rossiya urushni qancha uzoq davom ettirsa, bizning javobimiz shunchalik qattiq bo‘ladi», — degan YeI bosh diplomati Kaya Kallas.

«Soyadagi flot»dan tashqari, 35 ta kompaniyaga nisbatan ham cheklovlar qabul qilingan. Ular orasida Rossiya harbiy zavodlariga qurol ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan komponentlarni yetkazib beradigan Qozog‘iston, O‘zbekiston, Serbiya, Turkiya va BAAdagi kompaniyalar ham mavjud. Shuningdek, «Surgutneftegaz», «VSK» sug‘urta kompaniyasi va harbiylar uchun dronlar ishlab chiqaruvchi markaz ham cheklovlarga uchradi.

«KamAZ» bosh direktori Sergey Kogoninga qarshi ham cheklovlar ko‘zda tutilgan. Shuningdek, inson huquqlarini buzgani uchun 28 kishi «qora ro‘yxat»ga kiritiladi.

Germaniya kansleri Fridrix Mersning aytishicha, Yevropa yetakchilari Donald Trampni Rossiyaga qarshi sanksiyalar kuchaytirilishi haqida xabardor qilgan.

«Yevropa va Amerika bu borada juda hamjihat: biz Ukrainani o‘t ochishni to‘xtatish yo‘lida faol qo‘llab-quvvatlaymiz. Yevropa sanksiyalar bilan Moskvaga bosimni oshiradi», deb yozdi Mers X ijtimoiy tarmog‘ida.

Bundan tashqari, 20-22 may kunlari Kanadada bo‘lib o‘tadigan G7 moliya vazirlarining yig‘ilishida Yevropa Ittifoqi dengiz orqali tashiladigan Rossiya neftining maksimal xarid narxini pasaytirishni taklif qilmoqchi.

Munozaralardan xabardor bo‘lgan Yevropa Ittifoqining nomi oshkor etilmagan rasmiylari Reuters agentligiga bir barrel uchun 50 dollar ishlab chiqilayotganini aytishdi. Hozirda Rossiyadan bir barrel neft uchun «narx shifti» 60 dollarni tashkil etadi.

AQSh «ixtiyoriy deportatsiya» dasturi bo‘yicha dastlabki migrantlarni chiqarib yubordi

Donald Tramp ma’muriyati e’lon qilgan «ixtiyoriy deportatsiya» dasturi bo‘yicha Qo‘shma Shtatlarni o‘z ixtiyori bilan tark etgan Gonduras va Kolumbiyaning 64 nafar fuqarosi bo‘lgan birinchi charter samolyoti Gonduras va Kolumbiyaga yetib bordi. Bu haqda AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi press-relizida ma’lumot berildi.

Departamentning ta’kidlashicha, noqonuniy migrantlar o‘zlarini yangi CBP Home ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazishgan. Ular uchun Xyustondan ikkita to‘xtash joyi bo‘lgan charter reys tashkil etildi. Ular bepul chipta, 1000 dollar to‘lov va AQShga qonuniy yo‘l bilan qaytish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

38 kishi qaytib kelgan Gonduras hukumati ularga har biriga qo‘shimcha 100 dollar va oziq-ovqat talonlari taqdim etdi, shuningdek, ish topishda yordam va’da qildi. Kolumbiyaga qaytgan 26 kishiga mamlakat hukumati tomonidan «ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi», deb xabar berdi AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi.

Ichki xavfsizlik vazirligi rahbari Kristi Noem Qo‘shma Shtatlarda qolgan hujjatsiz muhojirlarni bundan o‘rnak olishga chaqirdi, aks holda ular «jarima bilan jazolanadi, hibsga olinadi, deportatsiya qilinadi va hech qachon qaytib kelishiga ruxsat berilmaydi».

Qo‘shnilarimizdan yangilik: Qirg‘izistonda sud majlislarini audio va videoga yozib olish majburiy bo‘ldi

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 20 may kuni mamlakat Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qonun orqali Jinoyat-protsessual kodeksi va sud tizimiga «video-konferens-aloqa» va «translatsiya» tushunchalari kiritiladi.

Shuningdek, endilikda Qirg‘izistonda sud majlisining borishi audio va video vositalar orqali majburiy tarzda qayd etiladi.

Agar sud majlisining audio va video yozuvlari mavjud bo‘lmasa, bu – sud qarorini o‘zgartirish, qayta ko‘rib chiqish yoki bekor qilish uchun asoslardan biri sifatida tan olinadi. Shuningdek, jinoyatning og‘irligiga qarab garovning eng kam miqdorlari belgilanadi.

Rasmiy relizda jinoyat qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlar qachondan kuchga kirishi va tartiblari haqida ma’lumot berilmagan.

Mavzuga oid