Jahon | 13:55
3923
12 daqiqa o‘qiladi

AQSh osmonida «Oltin gumbaz», G‘arb diplomatlariga o‘q uzgan Isroil va Rossiya armiyasidan qochganlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil askarlari G‘arb diplomatlari va jurnalistlar tomonga o‘q uzdi

21 may kuni Isroil askarlari G‘arb davlatlarining yuqori martabali diplomatlari, falastinlik rasmiylar va jurnalistlar ishtirok etayotgan delegatsiyani tarqatish maqsadida ogohlantiruvchi o‘q uzdi. Delegatsiya Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohildagi shahar – Jyeninni aylanib chiqayotgan edi. Bu haqda Falastin ma’muriyati va hodisa joyidan olingan televideniye lavhalarida ma’lumot berildi.

Hodisa natijasida hech kim jarohat olmagan, biroq bu holat G‘azo va G‘arbiy Sohilda olib borilayotgan harakatlar tufayli Isroil va uning xalqaro hamkorlari o‘rtasidagi allaqachon taranglashgan munosabatlarni yanada kuchaytirdi. O‘q uzish voqeasi Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada Isroildan G‘azodagi urushni to‘xtatishni talab qilganidan ikki kun, Britaniya esa Isroil bilan savdo muzokaralarini to‘xtatganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi.

Ushbu uch davlat diplomatlari chorshanba kuni Falastin ma’muriyati vakillari bilan birga Jyenin shahrini ko‘zdan kechirayotgan katta diplomatik delegatsiya tarkibida bo‘lgan. Falastin ma’muriyati bu tashrifni Isroil harbiylari tomonidan qurolli guruhlarga qarshi amaliyotlar bahonasida shaharning bir chetidagi hudud egallab olinib, qisman vayron qilinganini ko‘rsatish uchun tashkil qilgan edi.

Isroil harbiylarining bayonotiga ko‘ra, ogohlantiruvchi o‘qlar delegatsiya «tasdiqlangan yo‘nalishdan chetga chiqqani va ruxsat etilmagan hududga kirgani» uchun uzilgan. Harbiylar bu noqulaylik uchun afsus bildirgan va hodisa o‘rganilayotganini aytgan.

Biroq Jyenin meri Muhammad Jarror bu da’volarni rad etdi va tashrif yo‘nalishi Isroil tomoni bilan kelishilganini aytdi.

AQSh uzra «Oltin gumbaz» g‘oyasi

Donald Tramp AQSh uzra umumiy qiymati 175 milliard dollar bo‘lgan «Oltin gumbaz» nomli yangi raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish rejasini ma’lum qildi. Oq uyda o‘tkazilgan brifingda so‘zlagan AQSh prezidenti yangi tizimni «chet eldan kelayotgan raketa hujumlaridan himoya qiluvchi raketa qalqoni» deb atadi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim gipertovushli, ballistik va qanotli raketalarni urib tushira oladi. U quruqlikda, dengizda va koinotda joylashtiriladi. «Ba’zi radarlar va tutqichlar koinotga joylashtiriladi», — deya aniqlik kiritdi Tramp. Xuddi shu brifingda qatnashgan AQSh mudofaa vaziri Pit Xegsetning aniqlik kiritishicha, yangi tizim oddiy yoki yadroviy qurol bo‘lishidan qat’i nazar, turli turdagi raketalar va dronlarni tutib olish uchun mo‘ljallangan.

«Oltin gumbaz» dasturi rahbari AQSh kosmik kuchlari boshlig‘ining o‘rinbosari, general Maykl Getleyn bo‘ladi.

New York Timesʼning yozishicha, loyiha qiymati 175 milliard dollarga baholanmoqda, ammo Kongressning budjet idorasi faqat kosmik komponentlar uchun 542 milliard dollar kerak bo‘lishini aytgan. 2025 yilgi AQSh harbiy budjetida loyiha uchun 25 milliard dollar ajratilgan.

Tizimning texnik tafsilotlari hali noma’lum: uni kim quradi, qanday ishlaydi, qanchalik samarali bo‘ladi – bularning barchasi aniqlashtirilmagan. Tramp bu tizim uch yil ichida ishga tushirilishini aytgan, biroq mutaxassislar bunga ko‘proq vaqt ketishini bildirmoqda.

Erdo‘g‘an: G‘azo va Shimoliy Kipr haqida

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 21 may kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida nutq so‘zlab, G‘azo sektoridagi ahvolni «zamonaviy davrning eng jiddiy gumanitar fojiasi» deb atadi va bu yerda tinch aholi «haqiqiy do‘zax»ni boshdan kechirayotganini aytdi.

Erdo‘g‘an Isroilning «chegarasi yo‘q ekspansionizmini» to‘xtatishga chaqirib, Falastin, Livan va Suriyaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash lozimligini ta’kidladi.

«Agar G‘azoga gumanitar yordam yetkazilmasa, 14 ming chaqaloq halok bo‘lishi mumkin. Turkiy dunyo tinchlik o‘rnatish, yordam yetkazishni ta’minlash, G‘azoni qayta tiklash va uzoq muddatli tinchlik jarayonini boshlashda muhim rol o‘ynashi mumkin. Kipr, Qorabog‘, Bosniya va bugungi G‘azodagi fojialar bizni chegaralardan tashqarida kengroq fikrlash zarurligiga yana bir bor undaydi», — dedi u.

Turkiya prezidenti, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda muhim darajaga yetganini, biroq Shimoliy Kiprsiz «turkiy dunyoning oilaviy suratlari» hech qachon to‘liq bo‘lmasligini aytdi.

«Bugungi sammitda TRSKning Turkiy akademiyaga kuzatuvchi a’zo sifatida qabul qilinishini juda muhim qadam deb hisoblayman. Umid qilamanki, yaqin kelajakda biz Shimoliy Kiprni tashkilotimizning to‘laqonli a’zosi sifatida qabul qiladigan kunlar keladi», — dedi Erdo‘g‘an.

Turkiy davlatlar tashkiloti — turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2009 yilda Naxchivonda tuzilgan xalqaro tashkilotdir. Uning asosiy maqsadlari qatoriga turkiy xalqlar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish kiradi. Tashkilotga Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston a’zo davlat, Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi davlat maqomida.

Urush boshidan beri Rossiya armiyasidan 49 ming kishi qochgan bo‘lishi mumkin

Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshlanganidan beri kamida 49 ming askar va zobit Rossiya armiyasini tark etgan bo‘lishi mumkin. Bu ma’lumotlar «Vajnyye istorii» nashri tomonidan e’lon qilindi.

U ikkita ma’lumotlar bazasiga tayangan: 2022-2024 yillar uchun Janubiy harbiy okrugdagi o‘z bo‘linmasini ruxsatsiz tark etganlarning ro‘yxati ochiqlandi, shuningdek Rossiya Federatsiyasida qochoqlik va o‘z bo‘linmasini ruxsatsiz tark etganlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilgan shaxslar ro‘yxati 2025 yil mart oyida “Xochu jit” Ukraina GUR loyihasi tomonidan e’lon qilindi.

«Vajnyye istorii», shuningdek, Rossiya Qurolli kuchlarining 20-motoo‘qchilar diviziyasidan qochib ketganlar ro‘yxatini oldi. Ushbu ro‘yxatdagi ismlarning 65 foizi Janubiy harbiy okrug ro‘yxatidagi nomlarga to‘g‘ri keldi. Uning ko‘plab ishtirokchilariga, shuningdek, Rossiya harbiy garnizon sudlarining ma’lumotlariga ko‘ra, bo‘linmani tark etganlik uchun hukm qilingan.

Qatarning Trampga sovg‘asi yetib keldi

Qo‘shma Shtatlar Qatar hukumati tomonidan sovg‘a qilingan Boeing 747 samolyotini qabul qildi. Bu haqda AQSh Mudofaa vazirligi rasmiy vakili xabar berdi. Prezident Tramp bu samolyotni o‘zining yangi «Air Force One» (AQSh prezidentining rasmiy borti) sifatida ishlatmoqchi.

«Mudofaa vaziri federal qonun va qoidalarga muvofiq holda Qatar tomonidan taqdim etilgan Boeing 747 samolyotini qabul qildi. Endilikda bu samolyot prezident tashuvlariga moslashtirish uchun xavfsizlik choralari va funksional talablarga rioya qilingan holda modernizatsiya qilinadi», degan Pentagon matbuot kotibi Shon Parnell.

Aviatsiya sanoati mutaxassislarining hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu samolyot qiymati 200 million dollarga yaqin bo‘lishi mumkin. Biroq Pentagon vakillari uni prezident tashuvlari uchun yaroqli qilish katta o‘zgartirishlarni talab qilishini tan oldi. AQSh Harbiy havo kuchlari vakili Troy Meynkning aytishicha: Fuqarolik samolyotini prezident tashuvlari uchun maxsus himoyalangan bortga aylantirish murakkab jarayon. Hozirda uning xavfsizlik bo‘yicha qanday o‘zgarishlarga muhtojligi aniqlanyapti.

Tramp ushbu sovg‘a yetib kelganini Oq uydagi chiqishida tasdiqladi va uni «zo‘r narsa» deb baholadi: «Qatar AQSh Harbiy havo kuchlariga samolyot sovg‘a qilmoqda – bu juda ajoyib», degan Tramp.

Ammo ushbu reja Kongressda jiddiy xavotir uyg‘otdi. Senatorlar orasida Tramp Pentagonga tezlik bilan ishlash bosimini o‘tkazishi mumkinligi, natijada samolyotga zarur xavfsizlik tizimlari – masalan, raketalarga qarshi mudofaa yoki yadroviy zarba elektromagnit ta’siridan himoya tizimlari – o‘rnatilmasligi mumkinligidan xavfsirayotganlar bor.

Bundan tashqari, Kongressdagi ikki partiyadan ham ayrim vakillar Qatar ushbu sovg‘a orqali Trampga ta’sir o‘tkazishga harakat qilayotgani yoki samolyotda maxfiy tinglash qurilmalari bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Qatar Bosh vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Al Soni esa bu da’volarni inkor etdi:

«Biz buni pora sifatida bermadik. Bu ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik ifodasi. Men bu sovg‘ani kimdir ta’sir vositasi deb o‘ylayotganini tushunmayman,» degan shayx al Soni.

Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, bunday samolyotni saqlash yiliga 135 million dollar turadi. Qatarning 2012 yilda ishlab chiqarilgan ushbu laynerini harbiy darajadagi «Air Force One»ga aylantirish kamida 1 milliard dollarga tushishi mumkin. Bu esa Boeing kompaniyasi hozirda ishlab chiqarilayotgan ikki yangi 747 samolyotini tayyorlashdan ham qimmatroq va uzoqroq muddat talab qilishi mumkin.

Hozirda bu layner San-Antoniodagi texnik xizmat bazasida turibdi. Tramp ma’muriyati uni qayta jihozlash uchun L3Harris kompaniyasini jalb qilishni rejalashtirmoqda. AQSh Harbiy havo kuchlari vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu bo‘yicha maxfiy shartnoma tayyorlanmoqda.

Zelenskiy: Rossiya urushni davom ettirish uchun vaqtni cho‘zmoqchi

Rossiya Qo‘shma Shtatlar bilan muzokaralar orqali vaqtni cho‘zishga harakat qilmoqda, dedi Volodimir Zelenskiy. «Asosiysi, tinchlikka erishish yo‘lidagi diplomatik sa’y-harakatlar muvofiqlashtirilgan va real natijalarga qaratilgan. Ko‘rinib turibdiki, Rossiya urush va ishg‘olni davom ettirish uchun vaqtni cho‘zishga urinmoqda», deb yozdi Ukraina prezidenti X ijtimoiy tarmog‘ida. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda hamkorlari bilan Rossiya xatti-harakatlarini o‘zgartirish ustida ishlamoqda. «Sanksiyalar muhim va men ularni urush uchun mas’ul bo‘lganlarga aniqroq qilib qo‘ygan har bir kishidan minnatdorman», deb ta’kidladi Volodimir Zelenskiy.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush «aniq va real takliflar» zarur bo‘lgan muzokaralar stolida yakunlanishi kerak. «Ukraina har qanday samarali muzokara formatiga tayyor. Va agar Rossiya noreal shartlarni qo‘yishda va mumkin bo‘lgan natijalarga putur yetkazishda davom etsa, bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi kerak», — dedi Ukraina rahbari.

Avvalroq AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon suhbatlaridan so‘ng Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlarini Ukraina hududlaridan olib chiqib ketish ehtimolini rad etdi. «Agar Rossiya qo‘shinlarimizni yerimizdan olib chiqish uchun shart qo‘ysa, bu ular urush tugashini istamayapti, degani. Chunki ular Ukraina buni qilmasligini aniq tushunishadi», — dedi u.

Mavzuga oid