Sport | 16:13 / 03.05.2016
4568
2 daqiqa o‘qiladi

Raneri «Lester»ning chempionligi uchun yordam bergan «Chelsi» murabbiyiga minnatdorchilik bildirdi

Londonning «Chelsi» jamoasi bosh murabbiyi Guus Hiddink APLning 36-turida «Tottenhem»ga qarshi kechgan uchrashuvdan so‘ng (2:2) «Lester» ustozi Klaudio Raneri unga qo‘ng‘iroq qilib minnatdorchilik bildirganini ma'lum qildi. Bu haqda «nafaqaxo‘rlar» jamoasi tvitterida xabar qilingan.

«O‘yin tugashidan ko‘p vaqt o‘tmay Raneri menga qo‘ng‘iroq qildi va «Chelsi»ning ikkinchi bo‘limdagi o‘yini uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘z navbatida, men uni chempionlik bilan tabrikladim.

Mavsum o‘rtasida turnir jadvalini boshqarish tasodifiy bo‘lishi mumkin, ammo «Lester» oxirigacha matonat bilan kurashdi.

Men Ranerining ko‘z yoshlarini ko‘rmadim. Chunki, suhbat videoaloqada emasdi. Ammo, uning ovozi qaltirab chiqdi. U besh marta rahmat aytdi», — deydi Hiddink

Eslatib o‘tamiz, APLning 36-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvda «Chelsi» birinchi bo‘limdan keyin «Tottenhem»ga 0:2 hisobida yutqazayotgandi, ammo tanaffusdan keyin muvozanat tiklandi. Bu natija tufayli «Tottenhem» «Lester»ni quvib yeta olmasligi ma'lum bo‘ldi va Raneri shogirdlari o‘z tarixlarida ilk marta Angliya chempioniga aylanishdi.

The Sun xabariga ko‘ra, Raneri chempionlik uchun 5 million funt sterling miqdorida mukofot puli oladi.

Mavsum yakuniga 2 tur qolganida «Lester» 77 ochko to‘pladi. Jamoani ta'qib etib kelgan «Tottenhem» esa 70 ochko bilan qolib, birinchi o‘rin uchun kurashni to‘xtatdi.

Mavzuga oid