Jahon | 19:00 / 08.01.2017
24721
2 daqiqa o‘qiladi

So‘rovnoma: G‘arb mamlakatlari aholisi III jahon urushidan xavfsiramoqda

Foto: Independent.co.uk

YouGov 9 mamlakat aholisi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazib, bugungi kunda ularni tashvishlantirayotgan eng katta xavf nima ekanligiga qiziqdi. So‘rovnomada ishtirok etgan AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya aholisining  salbiy o‘y-xayollarga moyilligi sezildi. Natijalarga ko‘ra, ishtirokchilarning aksariyati III jahon urushi boshlanishidan xavfsirayotgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqida Independent nashri xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, amerikadagi so‘rovnoma qatnashchilarining 64 foizi uchinchi jahon urushining boshlanishidan qo‘rqmoqda. Buyuk Britaniyada esa bu ko‘rsatkich 61 foizni tashkil qiladi. 

Amerikaliklar o‘z qo‘rquvlarini yangi saylangan prezident Donald Trampning lavozimni egallashi bilan bog‘lashmoqda. Britaniyaliklarning 71 foizi esa asosiy tahdid sifatida Rossiyaga ishora qilishmoqda. 

Biroq Shimoliy Yevropa mamlakatlari aholisining aksariyati uchinchi jahon urushi tahdid solayotganiga u qadar ishonmasligi ma'lum bo‘ldi. Masalan, Daniyada so‘rovnomada qatnashganlarning 39 foizigina dunyo katta qurolli mojaro oldida turibdi, deb hisoblaydi. 

Frantsuzlar, o‘z navbatida, terrorizm oldidagi qo‘rquvlarini yashirib o‘tirishmadi. So‘rovnomada qatnashganlarning 81 foizi yaqin orada yangi teraktlar sodir bo‘lishi mumkinligiga ishonch bildirishgan. Tadqiqotda ishtirok etgan boshqa mamlakatlar aholisi ham teraktlarning yuqori xavfini qayd etishgan. 
 

Mavzuga oid