Xorazmda o‘z qarindoshlari tomonidan “samosud” qilingan yigit vafot etdi
Xorazm viloyati Xonqa tumanida yashovchi 20 yoshli Doniyor (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) otasi Rossiyaga ketganidan keyin ancha quloqsiz bo‘lib qoldi. Onasiga bo‘ysunmay qo‘ydi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
2016 yilda o‘g‘irlik jinoyati sodir etib, sudlandi. Kuz kunlarining birida uni birga ishlaydigan yigit so‘rab kelganida, onasi yuragini hovuchlab qoldi. Yigit 150 ming so‘m puli yo‘qolganini, Doniyordan gumon qilayotganini aytdi. Ona yig‘laganicha turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qildi. Turmush o‘rtog‘i bilan gaplashgach esa jiyani Ne'matga sim qoqdi.
- Iltimos, tez yetib kelinglar, bir chorasini ko‘rmasak bo‘lmaydi.
Ammasining yig‘lab aytgan bu so‘zlari Ne'matni o‘ylantirib qo‘ydi. Amakisi Rashidga qo‘ng‘iroq qilib, uning gaplarini yetkazdi. Ikkalasi ammasinikiga yetib kelishdi.
Rashid opasining yig‘lab o‘tirganini ko‘rib, unga dalda bermoqchi bo‘ldi.
- Otasi bilan qo‘ng‘iroqlashgandim, bir-ikki kunda boraman, ungacha Doniyorni bog‘lab qo‘yinglar, boshqa chora yo‘q, dedi.
- Shunaqa qilmasak bo‘lmaydi shekilli, bunaqada hammamizni ado qiladi, bu bola.
Rashid jiyani bilan Doniyorni uxlab yotgan joyidan turg‘azib, uyning chala qurilgan qismiga olib o‘tishdi. Shu yerga qoziq qoqib, unga Doniyorning chap qo‘lini arqon bilan bog‘lashdi.
Ko‘chaga chiqib, yigitni kuzatib qo‘yishdi. U indamay derazaga ko‘z tikib yotardi. Keyin uylariga qaytib ketishdi. Oradan bir yarim-ikki soat vaqt o‘tgach, opasi Rashidga qo‘ng‘iroq qildi.
- Doniyorning ahvoli yomon shekilli, rangi g‘alati bo‘lib ketgan.
Rashid jiyani bilan yetib kelishganida, Doniyorning rangi oqarib ketgan, og‘zidan ko‘pik chiqib turgandi. Yuragi urmayotgandi. Qo‘rqib ketgan Rashid otasiga, uning maslahati bilan ichki ishlar bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildi.
D.Achilov voqea joyida nafas olishga qiynalib, jon taslim qilgandi.
R.Alimov va N.Salayev qonunga qarshi harakatlari uchun sud hukmi bilan jazoga tortildi.
“Faqat qonungina insonni jazoga tortish huquqiga ega”, deb eslatadi prokuratura nashri.
Mavzuga oid
12:07 / 09.11.2024
Xorazmda mevaga kira boshlagan intensiv bog‘ buzib tashlandi
11:24 / 06.11.2024
IJQKDning iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi vakolatlari aniqlashtiriladi
11:12 / 29.10.2024
8 yilgacha qamoq jazosi – Jinoyat kodeksiga «lixoradchik»lar uchun alohida modda kiritildi
10:50 / 28.10.2024