O‘zbekiston | 14:25 / 19.03.2018
18046
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

«Avtotest» monopoliyasi bekor qilinganidan keyin Uchqo‘rg‘onda innovatsion avtomaktabga asos solindi

Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Uchqo‘rg‘on tumanida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi tashabbusi bilan “2018 – Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”ga bag‘ishlab qurilgan o‘quv sport-texnika klubi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda “KUN.UZ” tahririyatining Namangandagi muxbiri xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 fevraldagi “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 139-sonli qarori ijrosi asosida bunyod qilingan yangi avtomaktab o‘zida innovatsion texnologiyalarni mujassam etgani bilan diqqatga sazovordir.

Avtomaktab tantanali ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston mudofaasiga kumaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmuhammad Mullaboyev, Uchqo‘rg‘on tumani hokimi Azimjon Vahobov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Ziyoviddin Mansurovlar o‘sib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qurolli kuchlar tizimiga chaqiruvchilarni tayyorlash, sportning texnik va amaliy tularini rivojlantirish, xalq xo‘jaligining turli tarmoqlariga ommaviy kasb xodimlarini tayyorlash borasida ko‘rilayotgan bu kabi chora-tadbirlar o‘z samarasini berayotganini ta'kidladilar.

“Kelajak zamon savdo” mas'uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan 840 million so‘m mablag‘ evaziga qurilgan ikki qavatli muhtasham binoda avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun zamonaviy anjomlar, o‘quv dasturlari bilan jihozlandi. Xususan, so‘nggi rusumdagi kompyuter jamlanmalari, videoproyektorlar, qulay o‘rindiqlar, elektron va markerli doskalar, “Neksiya” avtoulovining elektrlashtirilgan qirqimli harakatlanuvchi stendi, zamonaviy avtotrenajyorlar, ko‘rgazmali pannolar, shuningdek, audio-videokuzatuv moslamalari tinglovchilarga xizmat qiladi.

Ushbu maskanning ishga tushishi ko‘plab yoshlarning uzog‘ini yaqin qildi. Endilikda nafaqat mahalliy aholi, balki qo‘shni Uychi va Norin tumanlarida yashovchi axoli ham haydovchilar tayyorlash kursida ommaviy kasb sirlarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Innovatsion maktabda bir vaqtning o‘zida 200 nafar tinglovchini o‘qitishga yetarli shart-sharoitlar yaratilgan.

O‘quv sport-texnika klubining shundoq yonginasida joylashgan, Farg‘ona vodiysida yagona bo‘lgan zamonaviy kartadrom majmuasida karting sport turi bo‘yicha respublika va xalqaro miqyosidagi musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchi-yoshlar ishtirokida tashkil etilgan ko‘rgazmali poyga chiqishlari yig‘ilganlarga manzur keldi.

Oqilxon Dadaboyev,
jurnalist.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid