Jamiyat | 13:09 / 12.09.2018
31017
2 daqiqa o‘qiladi

SamDU huzuridagi markaz xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: samdu.uz

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Samarqand shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uning davomida, Samarqand Davlat Universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi mansabdor shaxslari 2017-2018 yillar davomida ta'lim jarayoniga jalb qilinmagan o‘qituvchilar tomonidan dars o‘tilganligi to‘g‘risida dars jadvallariga soxta ma'lumotlar kiritib, ushbu ma'lumotlar asosida 9 nafar o‘qituvchiga o‘tilmagan o‘quv mashg‘ulotlari uchun soxta buyruqlar rasmiylashtirib, 9,2 mln. so‘m ish haqi, shuningdek, markazning 3 nafar rahbar xodimiga asosiy va o‘tishi mumkin bo‘lgan o‘quv mashg‘ulotlaridan tashqari dars soatlari uchun 7,4 mln. so‘m ish haqlarini noqonuniy ravishda to‘lab, jami 16,6 mln. so‘m byudjyet mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand Davlat Universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid