Toshkentni uzluksiz issiqlik energiyasi bilan ta'minlash kafolatlanmagan - «Toshissiqquvvati» tasdiqlaydi
12 noyabrdan 13 noyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida ijtimoiy obektlarni issiqlik energiyasi bilan ta'minlovchi quvurdagi avariya tufayli jami 250 ta uy va boshqa obektlar issiqlik ta'minotidan uzilib qoldi. «Toshissiqquvvati» bosh muhandisi Azizbek Karimbekov «Kun.uz» muxbiriga xabar berishicha, ayni vaqtga kelib muammo bartaraf etilgan, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida joylashgan 250 ta uy, hududda joylashgan ijtimoiy obektlarga issiqlik energiyasi qaytgan.
Ammo bu - shahar bo‘ylab issiqlik quvvatida uzilishlar bo‘lmasligini anglatmaydi. «Toshissiqquvvati» bosh muhandisining aytishicha, 2018 yil joriy ta'mirdan chiqqan mazkur yo‘nalishdagi quvurlar biror marta ham kapital ta'mirlanmagan, avariyaga kunning keskin sovib ketishi va eski quvurlarning «vazifasini o‘tab qo‘ygan»i sabab bo‘lgan.
«12 noyabrdan 13 noyabrga o‘tar kechasi Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida joylashgan 250 ta ko‘p qavatli uy hamda ijtimoiy obektlarni issiqlik energiyasi bilan ta'minlovchi quvur magistral simli tarmog‘ida avariya yuz berdi. Buning oqibatlari bartaraf etilgan, 14 noyabr holatiga ko‘ra, issiqlik energiyasi barcha xonadonlarga kirib bordi.
Ammo ayni paytda Toshkent shahridagi issiqlik quvvati quvurlarining 72 foizi yaroqlilik muddatidan o‘tib ketgan holda ishlamoqda. Ular eskirgan. Kelgusida yana avariyalar yuz bermasligi kafolatlanmagan», — deydi DUK bosh muhandisi Azizbek Karimbekov.
Uning ta'kidlashicha, «Toshissiqquvvati» DUK quvurlarini kapital ta'mirlash, tizimni zamonaviylashtirish va yangilash masalasi xorijiy mablag‘lar hisobidan yechim topishi mumkin.
«Ayni paytda OTB, Jahon banki, shuningdek bir qator xorijiy kompaniyalar vakillari bilan moliyaviy ko‘mak ajratish masalasi muhokama etilmoqda. Shundan so‘ng, yirik masshtabdagi kapital ta'mirlash ishlari boshlanadi», — deydi u.
Ma'lumot uchun, Toshkent shahri aholisiga 12 ta katta markaziy qozonxona hamda 202 ta kichkina mahalliy qozonxonalar orqali issiqlik energiyasi bilan yetkazib beriladi. Mazkur issiqlik markazlaridan chiqqan jami 2700 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari orqali Toshkent shahrida joylashgan 12 mingdan ortiq ko‘p qavatli aholi turar-joylari va ijtimoiy soha obektlari issiqlik energiyasi bilan ta'minlanadi.
Mavzuga oid
09:00 / 09.09.2024
Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni sotayotgan shaxs ushlandi
07:28 / 15.07.2024
Toshkentda aholi yashash xonadonida yong‘in sodir bo‘ldi
17:10 / 07.06.2024
Toshkentda yo‘l chetidagi daraxtga borib urilgan Lacetti haydovchisi vafot etdi
13:11 / 03.06.2024