Nig‘matilla Yo‘ldoshev: Odamlar zararli moddalar bilan to‘yingan suvlarni iste'mol qilmoqda
O‘zbekistonda mavjud markazlashgan oqova suv tarmoqlarining 44 foizi yaroqsiz holga kelgan. Eskirgan kanalizatsiya tarmoqlaridan sizib chiqayotgan oqova suvlar yer osti suvlariga qo‘shilib ketmoqda, deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Senatning 19-yalpi majlisida Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘z kirish so‘zida «Suvoqova» davlat unitar korxonasiga qarashli suv tozalash inshootlarining 88 foizi faoliyat yuritmayotganini tanqid qildi.
«Aksariyat korxonalarda suv tozalash inshootlarining yo‘qligi, borlarining ham talab darajasida emasligi oqibatida oqova suvlar biologik va kimyoviy tozalashdan o‘tkazilmasdan, hududlardagi daryo va soylarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqizilmoqda.
Misol uchun, «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli 87ta korxonadan 44tasida suv tozalash inshootlari mavjud emas», - deya Senat raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Ma'lum qilinishicha, 2017-2018 yillarda ushbu korxonalardan chiqqan sanoat oqindi suvlarining 83 foizi tozalanmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalizatsiyaga oqizilgan.
Yo‘ldoshevning bildirishicha, «O‘zcharmsanoat» uyushmasiga qarashli 406ta, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tasarrufidagi 206ta korxonadan chiqayotgan oqova suvlarning aksariyati ham tindirilmasdan va tozalanmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalizatsiyaga tashlanmoqda.
«Oqibatda mazkur korxonalarga tutash hududlarda sanitariya qoidalari va gigiyena normalari jiddiy buzilmoqda. Xususan, odamlar zararli moddalar bilan to‘yingan suvlarni iste'mol qilmoqda. Zotan, mamlakatdagi 58ta suv tozalash inshootidan chiqayotgan oqova suvlar tahlil qilinganda, zararli moddalarning belgilangan me'yorlarga nisbatan bir necha o‘n marotaba yuqori ekanligi aniqlandi. Mutasaddi tuzilmalar esa, bu kabi hayotiy muammolarni samarali hal etish bo‘yicha yetarlicha tashabbus ko‘rsatmayapti», - deydi Yo‘ldoshev.
Mavzuga oid
19:01 / 11.11.2024
O‘zbekiston va Saudiya bosh prokurorlari tergov va axborot almashinuvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi
18:41 / 16.08.2024
Nig‘matilla Yo‘ldoshev Kurash federatsiyasi raisligiga qayta saylandi
18:42 / 19.07.2024
Qirg‘iziston va O‘zbekiston mahkumlarni topshirish bo‘yicha shartnoma imzoladi
13:36 / 21.06.2024