O‘zbekiston | 19:20 / 12.06.2019
13900
6 daqiqa o‘qiladi

Transport va logistika muammolari: Xalqaro transport forumi eksperti bilan intervyu  

Transport har qanday mamlakat iqtisodiyotining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. O‘zbekiston dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmasa-da, respublika jahon savdosida faol ishtirok etishga harakat qilmoqda. Shu bilan birgan yangi imkoniyatlar va muammolar paydo bo‘lmoqda.

Shu kunlarda O‘zbekistonga Xalqaro transport forumi (XTF) ekspertlari tashrif buyurdi. Kun.uz tashkilot vakili Yari Kauppila bilan suhbat uyushtirdi.

- XTF nima bilan shug‘ullanadi?

- Biz transportning barcha turlarini mujassamlashtirgan yagona hukumatlararo tashkilotmiz. Biz tashkilotimizga a'zo davlatlarning transport vazirliklari bilan ishlaymiz. Tashkilotimizga 60 mamlakat, jumladan, Ozarboyjon, Gruziya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Latviya, Litva, Estoniya, Moldova a'zo hisoblanadi.

Biz dunyoning eng yaxshi tajribalari bilan almashish platformasi sifatida faoliyat yuritamiz va transport sohasidagi turli yo‘nalishlarda tadqiqotlar o‘tkazamiz. Biz shuningdek, har yili mingdan ortiq kishi qatnashadigan sammit tashkil etamiz.

XTF bosh kotibi janob Kim birinchi navbatda O‘zbekiston hukumatini Transport vazirligi tashkil etilganligi bilan qutlaydi. Hukumat bu orqali O‘zbekistonda transport sohasidagi strategik rejalashtirish imkoniyatini yaratdi. Biz hukumatni bu qadami bilan tabriklaymiz hamda O‘zbekistonning XTFga qo‘shilish g‘oyasini olqishlaymiz.  

- O‘zbekistonning tranzit mamlakat sifatidagi salohiyatini qanday baholaysiz?  

- O‘zbekiston tranzit oqimlar nuqtai nazaridan a'lo joylashuvga ega, Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropani birlashtiradigan tarixiy Ipak yo‘li u orqali o‘tadi. Hozirda Markaziy Osiyodagi qator davlatlar o‘zlarini tranzit mamlakat sifatida ko‘rmoqda, ammo ular bir-birlari bilan kooperatsiyalashishi va sa'y-harakatlarini birlashtirishi lozim. Bu mablag‘ kiritiladigan yo‘laklarni puxtalik bilan tanlash kerakligini anglatadi. Bundan tashqari, bu davlatlar nafaqat xalqaro yo‘laklar, balki mahalliy transport bog‘lamasi, ya'ni alohida shaharlar, korxonalar hamda mintaqadagi davlatlar o‘rtasidagi bog‘lamalarga ham e'tibor qaratishlari kerak.  

O‘zbekiston yaxshi temir yo‘l tizimiga ega, ammo hamisha uni takomillashtirish imkoniyati bor. Mehnat samaradorligini Qozog‘iston kabi qo‘shnilar darajasigacha yoki undan ham yuqoriroq darajada yaxshilanishi mumkin. Bundan tashqari, samaradorlikni oshirish uchun O‘zbekiston kelajakda faoliyatning ayrim turlarini autsorsing qilishni ko‘rib chiqishi hamda temir yo‘l tashuvlari bozorini muntazam ochib borishi lozim.

- O‘zbekiston kishi boshiga meva yetishtirish bo‘yicha yetakchi mamlakatlardan biri hisoblanadi, ammo eksportni yo‘lga qo‘yish muammo bo‘lib qolmoqda. Qimmat yuk tashish sohasida nimalarni yaxshilashimiz mumkin? Transport qanday qilib mehnat samaradorligiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin?  

- O‘zbekiston dengizga chiqish uchun kamida ikkita davlat hududidan o‘tishi kerak va bu jahon bozoriga chiqishda salbiy ta'sirga ega.

Mamlakat o‘z geografik joylashuvini o‘zgartira olmaydi, ammo hukumat buni transport xarajatlarini pasaytirish, tashuvlar tezligini oshirishga qaratilgan samarali transport siyosati o‘tkazish orqali hal qilishi mumkin.

Bugungi kunda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi uchun jahon bozoriga chiqish Germaniyadagi ishlab chiqaruvchiga nisbatan 4 baravar qimmatga tushadi.  

- Markaziy Osiyodagi yo‘llar sifati haqida nima deya olasiz? Qanday muammolar va ularning yechimlari mavjud? 

- Hozirda avtomobil va temir yo‘l tarmoqlari uzoq yillar davomida moliyalashtirish yetarlicha bo‘lmagan davrdan so‘ng tiklanib bormoqda. Moliyalashtirishning yetarlicha bo‘lmagani tezlikning pasayishi va transport vositalarini ta'mirlash uchun qo‘shimcha xarajatlar keltirib chiqargani sababli foydalanuvchilar uchun qimmat narxni keltirib chiqargan.

O‘zbekiston Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi shosse kabi jahon darajasidagi avtoyo‘llarni qurgan, ammo ayrim muhim avtoyo‘llarning sifati jahon standartlaridan past bo‘lib, bu tezlikning pasayishi va transport vositalarining tez ishdan chiqishiga olib keladi.

Yo‘l qurilishi va ta'mirlash bo‘yicha fond tashkil etilishi hamda barcha sohalarda samaradorlikning oshirib borilishi bu Markaziy Osiyo davlatlari amalga oshirishi va mintaqaga iqtisodiy manfaat olib kelishi mumkin bo‘lgan narsadir.

XTF ekspertlari «Markaziy Osiyoda savdo-transport bog‘lamasini oshirish va yuk tashishni rivojlantirish» deb nomlangan maxsus hisobot ham tayyorladi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mongoliya, Tojikiston va O‘zbekistondagi yuk transporti yo‘llari bilan bog‘liq masalalar o‘rganilgan.

Hisobot mintaqadagi transport bog‘lamasini yaxshilash uchun zarur siyosatni o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. Hisobotning to‘liq matni bilan bu yerda tanishish mumkin.

Mavzuga oid