O‘zbekiston | 12:00 / 10.09.2019
116117
3 daqiqa o‘qiladi

Import qilinayotgan avtomobillarga davlat boji stavkalari ikki baravarga tushirilishi rejalashtirilmoqda

Foto: Yuriy Smityuk/TASS

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda va turli veb-saytlarda deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Qonun loyihasi bilan transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etishni ko‘zda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida ham ko‘rib chiqildi va ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Adolat” SDP matbuot xizmati.

Fraksiya a'zolari Qonun loyihasining konsepsiyasini, xususan, ekologik xavfsizlikni ta'minlash, fuqarolar salomatligi va atrof-muhitni transport vositalarning iste'mol xususiyatlarini yo‘qotish oqibatida vujudga kelgan chiqindilarning zararli ta'siridan himoya qilish maqsadida ishlab chiqilganini to‘la qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan. Faqatgina aholi manfaatlaridan kelib chiqqan holda ushbu to‘lovlardan tushgan mablag‘larning sarflanish mexanizmi to‘liq ochib berilmagani, yig‘imning joriy etilishi import qilinayotgan va mahalliy avtomobillar narxiga ta'siri bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga savollar bilan murojaat etishgan.

- Mazkur to‘lovlarning joriy qilinishi xalqimiz va iste'molchilarni o‘ylantirayotganidek, narxlar oshishiga olib kelmaydi – dedi “O‘zavtosanoat” AK vakili Rustam Qodirov. – Bu yig‘imni mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarimiz lokalizatsiyani kengaytirish, ichki zaxiralarni ishga solish orqali o‘z bo‘yniga oladi. Xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar uchun ham alohida yondashilmoqda. Jumladan, hozirda Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi tayyorlangan bo‘lib, unga ko‘ra mamlakatimizga import qilinayotgan avtomobillarga davlat boji stavkalari ikki baravarga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, utilizatsiya yig‘imini joriy etish o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan va import qilinayotgan avtomobillar narxiga hech qanday ta'sir qilmaydi.

Fraksiya a'zolari qonun loyihasidagi boshqa bir qator masalalarni ikkinchi o‘qishgacha to‘g‘rilash bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berishdi va qonun loyihasi konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlandi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid