Jamiyat | 17:48 / 21.01.2020
159334
7 daqiqa o‘qiladi

Umra ziyorati: narx va xizmat sifati borasida aholi qanday fikrda?

Umra musulmonlar uchun hajdan keyingi ikkinchi muqaddas diniy ibodat hisoblanadi. Haj ziyorati narxi ancha yuqoriligi va navbat ham kattaligi sababli umraga borish istagida bo‘lgan talabgorlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Xo‘sh, umra ziyoratini tashkillashtirish ishlari, belgilangan narx, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati o‘zbekistonliklarni qoniqtiryaptimi? Kun.uz aholining shu mavzudagi fikrlari bilan qiziqdi.

Umra ziyorati uchun to‘lov miqdori qancha?

1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda umra ziyorati narxi 13 million so‘m atrofida belgilangan. Biroq hozirgacha bu haqda rasman ma'lumot berilgani yo‘q. Holbuki, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq ma'lumotlar, jumladan narxlar miqdori muntazam ravishda O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-saytida e'lon qilib borilishi kerak.

Haj va umra masalalari bo‘yicha respublika jamoatchilik kengashining rasmiy telegram kanalida ham to‘lov miqdori haqida ma'lumot yo‘q. Kanalda 2020 yil 1 yanvardan Saudiyaga boruvchi barcha mamlakat fuqarolariga tibbiy sug‘urta uchun 189 saudiya riyoli (50$) davlat boji joriy qilingani, ushbu qo‘shimcha to‘lov umra va haj vizalari uchun amalda bo‘lishi ma'lum qilingan, xolos.

«Bizda narxlar juda qimmat»

«Umraga bormaganman. Narx arzon bo‘lganda albatta borardim, har bir musulmon umrida bir marta bo‘lsin haj yoki hech bo‘lmaganda umra ziyoratini ado etishni istaydi. Lekin pensiyam kichkina, maktabgacha ta'lim sohasida 21 yillik stajim bo‘lsa ham, pensiyamning miqdori kam chiqdi.

2019 yilning sentyabrida opam xususiy turfirma orqali umra ziyoratiga borib keldi. Qiynalmasdan ibodatlarini ado etib, xursand bo‘lib qaytdi. Yaxshi sharoit qilib berishibdi. To‘g‘risini aytganda, opam mahalladan hajga yozilgan edi. Sakkiz yildan beri kutyapti navbatlari kelishini, hali kelgani yo‘q. Yoshlari katta bo‘lib qolgani uchun haj qilolmaganimga yarasha umraga bo‘lsa ham borib kelay, nasib etsa hajgayam yo‘lim ochilar, deb umra ziyoratini ado etib keldilar. Endi hajni orzulab o‘tiribdilar», deydi yo‘lovchilardan biri.

«Hukumat haj va umra narxlarini qayta ko‘rib chiqib, odamlarning olayotgan o‘rtacha oyligidan kelib chiqib narx belgilasa, yaxshi bo‘lardi. Hammaning sharoiti har xil. Bir xillar yaxshi topadi, bir xillar kamroq topadi. Haj va umra narxini belgilashda shunga qarash kerak», deydi boshqa bir yo‘lovchi.

«Qo‘shni respublikalarda bizdan arzonroq»

«Bizdagi umra narxlari juda qimmat. O‘zim o‘tgan yili umraga borib keldim. U yoqqa borgandan keyin boshqa ziyoratchilar bilan gaplashasiz, fikr almashasiz. Masalan, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan umraga kelganlardan so‘radik, ularda narxlar bizga nisbatan ancha arzon ekan. Bizdayam navbatga turishlar bo‘lmay qoldi, ularda anchadan beri haj ziyorati ham bemalol ekan, navbat yo‘q ekan. Bizdayam shu kunlar kelishini niyat qilib, duolar qilib keldik. Amalga oshib qolsa ajab emas.

Statistikadan ham o‘qidim, bizdan juda kam odam borarkan. Ilohim boruvchilar ko‘paysin, yoshlarimiz ham borib kelsin. Chunki u yerga borganda kuch-quvvat, salomatlik kerak ekan, ancha qiynaldik. 85ga chiqqan ayol bordilar biz bilan, yonlarida yordam beruvchi bo‘lmadi. Chunki hajga 40 yoshdan oshmaganlar yuborilmaydi bizda. Bu yoshdagi odamga yoshroq hamroh kerak-ku, mutasaddilarimiz shu narsalar haqidayam o‘ylab ko‘rishsin», deydi respondentlardan biri.

«2019 yil Ramazon oyida ayolim bilan umra safariga borib keldik. Mahalla orqaliyam navbatda turgan edim. 74-navbatda edim. Orada bir-ikkita odam olamdan o‘tdi, balki navbatdagi o‘rnim ham qisqargandir. Biroq davlat orqali borganda tibbiy ko‘rikdan o‘tilishi, bemorlarning umraga borishi qiyinligi haqida eshitgach, xususiy turfirma orqali ketishga qaror qildik. Chunki ayolimning sog‘lig‘i yaxshimas, o‘zimning ham belimda churram bor. Umraga borganda dardim xuruj qilib qoldi. Bizni olib ketganlar tibbiy yordam ko‘rsatib, muolajalar qilib yetarlicha davolatishdi, o‘zlarining hisobidan kerakli dorilargacha olib berishdi. Tashlab qo‘yishmadi. Safar chog‘ida eng yaxshi mehmonxonalarda turdik. Bizga ko‘rsatilgan xizmatdan nihoyatda ko‘nglimiz to‘ldi», deydi Abdimurod Vohidov.

«Samolyot chiptasi qimmatligi uchun narx baland»

«Bizning samolyot pulimiz juda qimmat. «O‘zbekiston havo yo‘llari» juda narxni ko‘tarib yuborgan. Bu haqda ancha gap-so‘zlar bo‘ldi. Narxni tushirish kerak. Samolyotning narxi tushsa, umra ziyoratining narxi ham tushadi. Nasib etsa, turfirmalarga ham ruxsat bo‘lsa, ancha yaxshi bo‘ladi, xalqqa yengillik bo‘ladi», deydi yana bir yurtdoshimiz.

«O‘zbekistonda umra uchun belgigangan narx juda qimmat. Agar o‘zim harakat qilsam, safarimni bundan ancha arzonga rejalashtirishim mumkin. Har bir sohada bo‘lgani singari raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi. Shu sababli monopoliyaning har qanday turiga qarshiman. Chunki u insonning erkinligini chegaralaydi. Inson erkin bo‘lishi, o‘zi uchun qulay narsalarni tanlay olishi kerak.

Shu bois ham umra sohasidagi monopoliyani bekor qilish, xususiy turfirmalarga ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishlariga ruxsat berish, bundan tashqari, mustaqil sayyohlarga ham yo‘l ochib qo‘yilishi kerak. Mustaqil sayohat qilmoqchi bo‘lgan odam farzandlari bilan, ota-onasi bilan yoki o‘zining yaqinlari bilan sayohatga yoki ziyoratga chiqishni istaydi. Ularni ma'lum bir qolipga solib, boshqarishga urinish umuman to‘g‘ri kelmaydigan narsa deb o‘ylayman», deydi Hojiahmad Umurzoqov.

So‘rovimizda qatnashgan yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalari bilan yuqoridagi videolavhamizda batafsil tanishishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid