Jamiyat | 13:28 / 29.03.2023
39872
7 daqiqa o‘qiladi

Umra ziyorati: ko‘zga ko‘rinmaydigan jihatlar haqida 10 ta maslahat

O‘zbekistondan har kuni minglab ziyoratchilar umra safariga yo‘l olishayotgani juda quvonarli. Bu ziyoratning diniy tomonlarini ulamolar batafsil tushuntirib berishgan. Biz safarning maishiy jihatlariga to‘xtalish niyatidamiz.

1. Keksalarni yolg‘iz yubormang

Yurtdoshlarimiz eng ko‘p qilayotgan xato – keksa, bemor ota-onalarini yolg‘iz jo‘natib yuborayotganlari. Ayniqsa juda ko‘pchilik O‘zbekistondan umuman chiqmagan, samolyotga biror marta minmagan qariyalarga yo‘llanma olib berishadi va shu bilan hammasi bitadi, deb o‘ylashadi. Ishoning, umra ziyorati istirohat bog‘idagi sayr emas va uning ma’lum mashaqqatlari borki hatto yoshlar ham charchab qolishadi. Ellikboshi, tanishlar, o‘sha yerdagi xizmatchilar yordamiga suyanishni o‘ylash ham katta tavakkalchilikdir. Ko‘pincha begona safardoshlar ko‘ngillari bo‘lmay ko‘mak berishadi. Ammo bu o‘zi ham ibodatga borgan kimgadir ortiqcha tashvish tug‘dirish.

2. Shamollab qolish deyarli aniq

Yana bir jiddiy muammo: deyarli hamma oddiy tilda aytganda shamollab qoladi. Juda ko‘pchilikni yo‘tal tutadi. Haroratning keskin o‘zgarishi, binolar va transportdagi o‘ta kuchli konditsonerlar, muzdek suvni ko‘p ichish, virusli kasalliklar va vaqtida tibbiy yordam olmaslik o‘z ishini qiladi. Ehtiyotingizni qiling, niqob taqib yuring, o‘zingiz bilan birlamchi zarur dorilarni vatandan chiqmasdan turib ovoling.

3. Qanday kiyimlar kerak bo‘ladi?

Negadir yurtdoshlarimiz, ayniqsa ayollar juda ko‘p kiyim-kechaklar ko‘tarib borishadi va har doim buning uchun afsuslanishadi. Makkayu-Madinada sovuqqotish juda qiyin. Bir nechta yengil kiyimlar kifoya. Faqat ich kiyimlar, erkaklar uchun futbolkalar yoki yengil ko‘ylaklarni ko‘proq olish zarar qilmaydi.

4. Bola yig‘isiga “allergiyasi” borlar, toqatli bo‘ling

U tomonlarda namozga bolalarni, hatto emizikli chaqaloqlarni olib borish oddiy holat. Ko‘pchilik oilaviy borishadi va go‘daklarini ko‘tarib yurishadi. Ibodat vaqtida kamida uch tarafdan bolaning chinqirib yig‘lagani eshitilib turadi va bu biznikilarni asabiylashtiradi. Kengroq bo‘ling, odatlanmagan holatimiz boshqalar uchun oddiy ko‘rinadi.

5. Nogironlik aravasidan sog‘lar ham foydalanadi

Bizda nogironlik aravasidan faqat nogironlar yoki o‘zi harakatlana olmaydigan keksalargina foydalanishi mumkin, degan tushuncha mustahkam. Ammo u tomonlarda ota-onalar yosh bolalarini, charchagan yoshlar bir-birlarini aravaga o‘tqizib uchirishlari oddiy holat. Ma’lum masofani aravachada yurib, keyin tushib yugurib ketganlarni ko‘rib hayratda qolmang. Zarur bo‘lsa, charchasangiz o‘zingiz ham aravachadan yoki ixcham stullardan foydalanishingiz mumkin.

6. Birovning ibodatiga aralashmang

Makkayu-Madina o‘z nomi bilan butun dunyo musulmonlari intiladigan maskan. U yerda turli xil mazhablar vakillari bo‘ladi. Ayrim vatandoshlarimiz ularning namoz o‘qishlaridagi farqni ko‘rib, hatto namozdan to‘xtab qarab qoladilar va qilgan xatolarini tushuntirmoqchi bo‘ladilar. Unutmang, har bir mazhab o‘zini haq deb hisoblaydi. Shuningdek, ayollar erkaklar bilan bir safda turib olishi ham ko‘p kuzatiladi. Soqchilar ajratishga urinishadi, ammo har doim ham ulgurmaydilar. Siz o‘zingiz bilganingizdek ibodat qilavering, boshqalarga e’tibor bermang.

7. Isrofdan tiyiling

Alohida mavzu – ovqatlanish. U yerlarda ovqat istagancha beriladi, salatlar, non, shirinliklarni xo‘randa o‘zi tanlab olaveradi. Mana shu yerda vatandoshlarimiz biroz xijolat qilishadi. Ortiqcha ovqatlar, non, shirinliklar bilan dasturxonni to‘ldirib tashlashadi va bu yeguliklarning ko‘p qismi qolib ketadi. Ishchilar esa ularni ayovsiz chiqitga tashlashadi. Hatto nonni ham. Chunki nonni e’zozlash tushunchasi bizning hududlargagina xos, u yoqda ko‘chalarda sochib tashlashganiga hayron bo‘lmang.

8. Adashib qolmaslik uchun...

 Birinchi kundanoq o‘zingiz va jamoangiz masjidga qaysi yo‘ldan kelib ketishini, avtobus joylashuvini aniq o‘rganib oling. Kim bilan uchrashishingiz kerak bo‘lsa, “Katta soatning tagida”, “Zam-zam suvi yonida”, “Tahoratxonaga kirishda” deya oriyentir belgilash ish bermaydi. Vaqti kelsa birga ketayotgan 3 metr radiusdagi odamni topolmay qolasiz. Aloqa ham ko‘ngildagidek emas va odatda namoz oldidan butunlay o‘chib, ancha vaqt o‘tib yonadi.

9. Oldindan ro‘yxatdan o‘tmay turib ravzaga kira olmaysiz

Madina shahrida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ravzalariga kirish istagida bo‘lganlar haddan tashqari ko‘p bo‘lgani uchun erkaklarga maxsus ilova orqali kirish yo‘lga qo‘yilgan. Madinada bo‘lish kunlaringizga ko‘ra Nusk ilovasini yuklab oling va o‘zingizga qulay vaqtni belgilab, ro‘yxatdan o‘tib qo‘ying. Hozir tekshirish juda jiddiy bo‘lyapti va oldindan ro‘yxatdan o‘tmagan yoki soxta QR kod bilan kelganlar ayovsiz qaytarilyapti. Odatda bu ishni siz uchun turfirmalar zimmasiga oladi. Shu bois ravzaga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tganmisiz yoki yo‘qmi, buni safarga ketishdan oldin xizmat ko‘rsatuvchi turfirma vakilidan so‘rab aniqlashtirib oling.

10. O‘zbek so‘mi ishlaydigan bozor

Makkaning juda ko‘p savdo nuqtalarida, ayniqsa biznikilar ko‘p boradigan “Kakiya” bozorida (“O‘zbek bozori” deb ham nomlab olingan) O‘zbekiston milliy valutasi – so‘m bemalol qabul qilinyapti. Sotuvchilarning aksariyati o‘zbek (turkiy) tilni o‘rganib olishgan va mahsulot bahosini siz istagan valutada aytib berishadi. Savdolashing, tortishing, aybi yo‘q – chegirmalari yaxshi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid