O‘zbekiston | 07:39 / 11.02.2020
7370
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning chet elda joylashgan davlat aktivlarini boshqarish tartibi ochiqlandi

O‘zbekiston Respublikasining chet elda joylashgan davlat aktivlarini boshqarish tartibi ma'lum bo‘ldi

Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki obektlarining hisobini yuritish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

Davlat mulki obektlarining hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

O‘zbekistonning chet elda joylashgan davlat aktivlarini boshqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

O‘zbekistonning chet elda joylashgan davlat aktivlarini boshqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, O‘zbekiston davlat korxonalari va muassasalari O‘zbekistonning qonunlarida belgilangan tartibda chet elda mulk egasi bo‘lish huquqiga ega.

Davlat korxonalari va muassasalari chet elda joylashgan davlat aktivlariga nisbatan mulk huquqi vujudga kelgan taqdirda, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadigan shakldagi ma'lumotlarni 10 kun ichida Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taqdim etishlari shart.

Agentlik chet elda joylashgan davlat aktivlarining saqlanishi yuzasidan monitoring olib borish va samarali boshqarilishini ta'minlash maqsadida, elektron dasturiy ta'minotdan foydalangan holda ularning reyestrini yuritadi.

Agentlik davlat aktivlarining balans saqlovchisi bilan elektron ma'lumot almashish, shuningdek vakolatli davlat organlari elektron tizimlari bilan integratsiyalashuv bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish orqali reyestrni tezkor va doimiy ravishda yangilab borilishini ta'minlaydi.

Chet elda joylashgan davlat aktivlari reyestriga davlat aktivlari joylashgan davlatning qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilib belgilangan taqdirda mulk huquqi vujudga kelgan davlat aktivlari to‘g‘risida ma'lumotlar kiritiladi.

Chet elda joylashgan madaniy meros obektlarini hisobini yuritish va ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi tomonidan amalga oshiriladi.

 Chet elda joylashgan davlat aktivining balansda saqlovchisi Agentlikka u tomonidan belgilanadigan shakldagi ma'lumotlarni quyidagi muddatlarda taqdim etadi:

chet elda joylashgan davlat aktivining moddiy va moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘zgarganligi to‘g‘risida – shunday o‘zgarish bo‘lgan kundan boshlab 10 kun ichida;

chet elda joylashgan davlat aktivi to‘g‘risida – har yili, hisobot yili yakuni bo‘yicha keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmasdan.

Agentlik zarur hollarda tegishli chet eldagi muassasadan chet eldagi davlat aktivi to‘g‘risida ma'lumot so‘rab olishga haqli.

Chet el muassasalari zarur ma'lumotlarning belgilangan muddatda tayyorlanishi va taqdim etilishini ta'minlashi shart.

Chet eldagi davlat aktivlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek ularni boshqarish mulk joylashgan davlat qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Chet elda joylashgan davlat aktivlarini saqlash va operativ boshqarish ushbu mulkning balansda saqlovchisi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat aktivining balans saqlovchilari chet elda joylashgan davlat aktivlarini ishonchli boshqaruvga, ijaraga, bir davlat tashkiloti tasarrufidan boshqa bir davlat tashkiloti tasarrufiga berish, Agentligining roziligi bilan davlat aktivi joylashgan davlatning qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

Chet elda joylashgan davlat aktivining mulk huquqi aniqlanmagan va biror bir davlat korxonasi va muassasasiga biriktirib berilmagan bo‘lsa, chet elda muassasa xorijiy davlatlarda O‘zbekistonning mulk huquqini har tomonlama himoya qilinishini ta'minlashi shart.

Chet elda joylashgan davlat aktivlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, shuningdek ko‘chmas mulk obektlari va mulkiy majmualarni saqlab turishning yakuniy moliyaviy natijalari o‘rganiladi va tahlil qilinadi:

davlat aktivining balansda saqlovchisi tomonidan – doimiy ravishda;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan – ushbu Nizomning 8-bandiga muvofiq davlat aktivining balansda saqlovchisi tomonidan ma'lumotlar taqdim etilgandan keyin.

Chet elda joylashgan davlat aktivining moddiy va moliyaviy ko‘rsatkichlari barqaror bo‘lmagan hollarda Agentlik chet elda joylashgan davlat aktivlari bo‘yicha ushbu aktivlardan samarali foydalanish, shu jumladan sotish bo‘yicha takliflar kiritish huquqiga ega.

Chet elda joylashgan davlat aktivlari uning balansda saqlovchisi tomonidan davlat aktivlari joylashgan davlat qonunchiligiga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga beriladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Balans saqlovchi tomonidan ijaraga berilgan davlat aktivlari to‘g‘risida har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 10 kunigacha tegishli ravishda Moliya vazirligi hamda Agentlikka ma'lumot taqdim etadi.

Ijaraga berilayotgan chet elda joylashgan davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushadigan ijara to‘lovi mablag‘lari balans saqlovchining hisob raqamlariga yo‘naltiriladi.

Chet elda joylashgan davlat aktivlarini tasarruf etish, shu jumladan sotish to‘g‘risidagi qarorlar prezident tomonidan qabul qilinadi.

Chet elda joylashgan davlat aktivini sotish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, ushbu jarayon ushbu mulk joylashgan davlatning qonunchiligiga zid bo‘lmagan holatda, shunday turdagi bitimlarni amalga oshirishning xalqaro amaliyotiga muvofiq amalga oshiriladi.

Chet elda joylashgan davlat aktivlarni sotishda, ularni sotish bilan bog‘liq barcha tadbirlar professional tashkilotni jalb etgan holda amalga oshiriladi.

Xizmatlar, shu jumladan sotilayotgan davlat aktivini baholash jarayonlari O‘zbekiston mulki joylashgan davlatning qonunchiligiga zid bo‘lmagan taqdirda, xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Agentlik chet elda joylashgan davlat aktivlarini sotish uchun jalb qilinadigan baholovchilar, investitsiya vositachilari, maslahatchilar va boshqa, shu jumladan xorijiy professional tashkilotlar xizmatlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish yo‘li bilan foydalanilishi mumkin.

Chet elda joylashgan davlat aktivlarini sotishdan tushgan mablag‘larni taqsimlash (davlat aktivlarini baholash va sotish bilan bog‘liq xarajatlar uchun belgilangan tartibda Agentlik tasarrufida qoldiriladigan qismidan tashqari) quyidagi nisbatlarda amalga oshiriladi:

a) 73 foizi – respublika budjetiga;

b) 24 foizi – Agentlik huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasiga;

v) 3 foizi – mablag‘larni maqsadli ravishda bozor infratuzilmasini rivojlantirish va tadbirkorlarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, tadbirkorlar uchun tashkil etiladigan o‘quv kurslarini moliyalashtirishga yo‘naltirgan holda Savdo-sanoat palatasiga.

Chet eldagi muassasalar O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shuningdek xorijiy davlatlarda O‘zbekistonning mulk huquqlarini har tomonlama himoya qilinishini ta'minlashi kerak.

Ma'lumotlarning o‘z vaqtida va ishonchli taqdim etilishi, shuningdek, chet elda joylashgan mol-mulkni samarali boshqarish, saqlash va maqsadli ishlatilishi uchun javobgarlik O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligiga muvofiq davlat aktivining balansda saqlovchi tashkiloti rahbariga yuklatiladi.

Mavzuga oid