Jahon | 19:33 / 21.07.2020
7797
2 daqiqa o‘qiladi

Xabarovskliklar Mixail Degtyaryovning gubernator etib tayinlanishiga qarshi namoyishga chiqdi

 Mixail Degtyaryov 21 iyul kuni Xabarovskka uchib kelgan. U darhol Xabarovsk o‘lkasi hukumati binosiga yo‘l olgan.

Foto: DPA

Xabarovskda  Mixail Degtyaryovning o‘lkaning vaqtinchalik gubernatori etib tayinlanishiga qarshi ommaviy aksiya bo‘lib o‘tdi. "Novaya gazeta" va Navalniyning Xabarovskdagi shtabi internetda joylagan videolavhalarga ko‘ra, unda shaharning bir necha yuz aholisi ishtirok etgan.

To‘planganlar "Misha, ket!" va "LDPRga uyat!" deb qichqirgan va qo‘llarida Degtyaryovning ketishi talab qilingan hamda Furgalni qo‘llab-quvvatlovchi plakatlar ushlab olgan. 

 Prezident Vladimir Putin LDPR deputati Mixail Degtyaryovni 20 iyul kuni Xabarovsk o‘lkasi gubernatori vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib tayinlagandi.

 Mixail Degtyaryov o‘zining tayinlanishi haqida intervyu berar ekan, Xabarovsk o‘lkasi aholisining tanlovini hurmat qilishini aytgan.

 Yana bir intervyusida esa Xabarovsk ahlini  "juda yaxshi, erkin va qonunga itoat etuvchi insonlar" deb atagan va ularni yaxshi ko‘rishini bildirgan. 

 Degtyaryov 21 iyul kuni Xabarovskka uchib kelgan. U darhol Xabarovsk o‘lkasi hukumati binosiga yo‘l olgan. Namoyishchilar uning omma oldiga chiqishini talab qilgan, lekin Degtyaryov ular oldiga chiqmagan.

Xabarovskning endilikda sobiq gubernatori Sergey Furgal 9 iyulda qo‘lga olingan va Moskvaga olib kelingandi. U ikki biznesmenning o‘limini tashkillashtirishda va yana bir biznesmenni o‘ldirishga urinishda ayblanmoqda.   

 Xabarovskda 10 kundan buyon Sergey Furgal ozodlikka chiqarilishini talab qilib namoyishlar o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid