O‘zbekiston | 08:46 / 24.07.2020
5653
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekkino» nomi Kinematografiya milliy agentligiga o‘zgartirilishi mumkin

2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasida kinematografiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Prezidentning “2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasida kinematografiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

“O‘zbekkino” Milliy agentligi nomi O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya milliy agentligiga o‘zgartiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi kinematografiya milliy agentligining yangi tuzilmasi va shtat jadvalini tasdiqlagan holda, Kinematografiya sohasida milliy regulyator (tartibga soluvchi) etib belgilanadi. Agentlik badiiy film, hujjatli film, ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik filmlar, kinoalmanaxlar, kinojurnallar, multiplikatsion filmlar, seriallar, qisqa metrajli filmlar va bolalar yumoristik filmlarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq mahsulotlarni (ishlar, xizmatlar) sotib olish, davlat buyurtmasi doirasidagi filmlar, shuningdek, kinomahsulotlarning boshqa turlarini subtitrlash va dublyaj qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqiga ega ekanligi belgilanadi.

Yuqori badiiy kinoasarlar yaratish, kino sanoatiga tizimli ko‘maklashish, kino ishlab chiqarish darajasini tubdan oshirish, kino sanoatida zamonaviy menejmentni joriy etish maqsadida Agentlik huzurida “O‘zbekfilm” Kinokonsern davlat muassasasi tashkil etiladi.

Milliy kinoarxivni shakllantirish, milliy kino san'atini saqlash, raqamlashtirish va restavratsiya qilish, xorijiy kinoarxivlarda saqlanayotgan mahalliy kino mahsulotlarining eng yaxshi namunalarini qaytarish, milliy kinematografiya tarixini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston madaniy merosining ajralmas qismi sifatida “O‘zbekiston milliy kinofondi” tashkil etiladi.

Raqamli makonda yagona axborot multimedia platformasini yaratish, kino-video-musiqiy ta'lim va kibersport kontentini birlashtirish, mahalliy va eng yaxshi xorijiy kino va animatsiya mahsulotlarini ijaraga olishning zamonaviy shakllarini qo‘llash maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida «MEDIAUZ» milliy striming platformasi tashkil etiladi.

Milliy kinematografiyani qo‘llab-quvvatlash, uning jahon kino bozorida raqobatbardoshligini oshirish, milliy manfaatlarga mos keladigan badiiy jihatdan yuksak filmlar yaratish uchun shart-sharoitlarni ta'minlash, O‘zbekistonda va xorijda yuqori darajadagi kinofilmlarni ommalashtirish maqsadida Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi faoliyati tubdan isloh qilinadi.

Jamg‘armaning asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilanadi:

milliy filmlarni ishlab chiqarish, ijaraga berish, namoyish qilish va targ‘ib qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy ko‘mak berish;

kinematografiya sohasida faoliyat yuritayotgan kino ustalari, mutaxassislar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash;

mahalliy kinematografiyani rivojlantirish, jumladan, kino ishlab chiqarish, ijaraga berish, namoyish qilish va milliy filmlarni targ‘ib qilish, shuningdek, notijorat kinotadbirlarni amalga oshirish uchun moliyaviy mablag‘larni jamg‘arish;

milliy kinematografiya sohasida ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashish;

mahalliy va xorijiy investorlarni milliy filmlarni ishlab chiqarish, ijaraga berish va namoyish etishni moliyalashtirishga jalb qilish;

O‘zbekiston kinematografiyachilari Ijodiy uyushmasi va uning a'zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash.

Respublika aholisini badiiy jihatdan yuksak xorijiy kinomahsulotlarning (o‘yin, hujjatli, multiplikatsion filmlar, seriallar va h.k.) eng yaxshi namunalari asosida tarbiyalash va global kino bozoriga integratsiya qilish maqsadida Agentlik davlat-xususiy sherikligi asosida Tarjima va dublyaj Milliy kinomarkazi tashkil etiladi.

Kinoijodkorlarning ijodiy faoliyati uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, Agentlik va uning tarkibiga kiruvchi tuzilmalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, O‘zbekiston kinoijodkorlarining tarixiy merosini abadiylashtirish maqsadida Agentlik, shuningdek, O‘zbekiston kinoijodkorlari ijodiy uyushmasining Agentlik hududida umumiy maydoni 11,4 ga bo‘lgan “O‘zbekiston kinematografchilari shaharchasi”ni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinadi.

Kinosanoat sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, sahna ko‘rinishlari va maydonchalar qurish uchun xorijiy hamda milliy kinokompaniyalarga shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni kinoijodkorlik kasbiga jalb etish va ta'lim berish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Buxoro, Farg‘ona (Qo‘qon shahri), Samarqand va Xorazm viloyatlarida kinoshaharlar barpo etiladi.

Kinematografiyaning jamiyat ijtimoiy-ma'naviy hayotidagi rolini inobatga olgan holda, shuningdek, ushbu soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 19 avgust kunini “O‘zbekiston kinematografiyachilari kuni” deb e'lon qilish to‘g‘risidagi Agentlik taklifi ma'qullanadi.

Mavzuga oid