O‘zbekiston | 18:13 / 24.09.2020
6402
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus aniqlangan o‘qituvchilarning barchasi statistikaga kiritilmoqda – Nurmat Otabekov

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov o‘qituvchilarning koronavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilgan alohida raqamlar umumiy statistikada ajratib ko‘rsatilmasligini ma'lum qildi.

«Statistik raqamlar shakllanishida Covid-19’ga laboratoriya usulida tekshirilib, musbat natija olinganlarning barchasi inobatga olinadi. O‘qituvchilar orasida aniqlangan kasalliklar soni umumiy kasallanganlar statistikasiga kiritib borilyapti. Biroq, aholiga tarqatilayotgan statistik raqamlarda o‘qituvchilar alohida toifalarga (kasb bilan bog‘liq) ajratib ko‘rsatilmayapti.

Bu soha xodimlarining qanchasi Covid-19’ga tekshirilgani va ulardan qanchasi musbat natija berganini alohida ko‘rsatishdan hech qanday mantiq va manfaat ko‘rmayapmiz. Axir kasallanganlarning barchasi statistikaga kiritilganining o‘zi yetarli emasmi?», dedi Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Shuningdek, ishxonada bir necha ishchida koronavirus aniqlansa qanday yo‘l tutilishi bo‘yicha ham ma'lumot berildi.

«Agar biror-bir muassasada Covid-19’ga chalingan xodim aniqlansa, ushbu bemor bilan bevosita muloqotda bo‘lgan xodimlar o‘z uylarida alohidalanadi va tibbiyot xodimlari tomonidan nazoratga olinib, ushbu xodimlardan koronavirusga laboratoriya usulida tekshirish uchun surtmalar olinadi. Epidemiologlar kasallikka chalinganlar sonidan kelib chiqib, muassasani karantinga yopish yoki yopmaslik masalasini hal qilishadi», dedi shtab a'zosi.

O‘zbekistonda pandemiya sharoitida o‘qituvchi va o‘quvchilarning sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida maktab o‘qituvchilaridan ommaviy ravishda Covid-19’ga test olinishi yo‘lga qo‘yilgan, shu vaqtgacha Payariqda 60 nafar, Samarqand viloyatining Jomboy tumanida 40 nafar, Andijon, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi o‘nlab, Buxoro viloyatida 239 nafar, Qashqadaryoda 855 nafar o‘qituvchida koronavirus aniqlangani haqida xabar berildi.

Mavzuga oid