O‘zbekiston | 07:36 / 10.11.2020
13239
9 daqiqa o‘qiladi

Chustda ham tez tibbiy yordam xodimlariga rag‘bat puli berilmayapti

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon tibbiyot xodimlariga rag‘batlantiruvchi to‘lovlar berilmayotgani bilan bog‘liq muammoli masalalarga ko‘p bora to‘xtaldik. Navbatdagi shunga o‘xshash muammo Namangan viloyatining Chust tumanida ham yuz bermoqda.

Chust tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limida 500 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritadi. Xodimlar Vazirlar Mahkamasining joriy yil 20 iyuldagi «Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash davrida aholini tez tibbiy yordam xizmati bilan keng qamrab olish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 446-sonli va shu yil 24 sentyabr kungi «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish tadbirlariga ajratilayotgan mablag‘larning samaradorligini ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 583-sonli qarorlariga asosan rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanmayotganidan norozi.

Tuman tez tibbiy yordam bo‘limi va uning filiali xodimlari bilan suhbatlashib, ularning fikrlarini tingladik.

«Mamlakatimizga pandemiya xavf sola boshlagan ilk kunlardan boshlab, prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun chiqarilayotgan qarorlarni kuzatib boryapmiz. Lekin mazkur qarorlar hech bizning tez tibbiy yordam bo‘limiga tatbiq qilinmayapti. Mart oyidan beri bo‘limimizdagi faqat bitta brigada faqat aprel oyida 6 foizlik qo‘shimcha to‘lov oldi xolos. Boshqa brigadalarga berilmadi.

Shu yilning 20 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining 446-sonli qarori chiqdi. Hujjatda shu kungacha berib kelingan har kunlik 6 foizli qo‘shimcha to‘lov o‘rniga vrachlar uchun 2,5 mln so‘m, hamshiralar uchun 1,5 mln va haydovchilar uchun 1 million so‘mdan qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar to‘lanishi belgilangan. Lekin biz avgust oyidan beri mana shu to‘lovlarni olmadik.

Muammo yuzasidan Chust shahar moliya bo‘limiga, Tibbiyot birlashmasiga murojaat qildik. Ulardan bu to‘lovlar bizga berilmasligi haqidagi javobni eshitgach, masalamiz «respublika miqyosida hal bo‘ladi» degan umidda 10 00 raqamli ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qildik. Ular: «Bir oy ichida ijobiy hal bo‘ladi, kutinglar», deyishdi.

Namangan viloyat moliya boshqarmasi vakili Yahyoxon Ziyoyev: «Agar boshliqlaring ish hajmidan kelib chiqqan holda ro‘yxat tayyorlab bizga taqdim qilsa, albatta to‘lovlaringni beramiz», degan javobni aytdi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida ham rag‘batlantiruvchi to‘lov berilishini aytishdi. Lekin Chust tuman tibbiyot birlashmasida esa to‘lov faqat bitta mobil brigadaga berilishini bildirishdi. Eng qizig‘i, mutasaddilar mazkur qaror bilan umuman tanishishmagan. Biz olib borib tanishtirdik», – deydi vrach Dilfuza To‘raboyeva.

Bo‘lim xodimlarining ko‘nglida to‘plangan gaplari juda ko‘p ekan. Hamshira Dilafruz Yusupova shunday deydi:

«Tuman moliya bo‘limi faqat ikkita brigadani ro‘yxatini taqdim qilishimizni so‘radi. Biz tushunmadik. Bizda mobil brigada tashkil qilinmagan. Kovidda gumon qilinayotgan kasallarga barchamiz birdek borib kelyapmiz. Shu paytgacha hech kim pul olmadi».

Bo‘limning 8ta tez tibbiy yordam brigadalari tumanning qishloqlari ichida joylashgan shoxobchalarda faoliyat yuritadi. Yangiyer shoxobchasi xodimi Barno G‘oipova o‘z fikrlarini bildirdi.

«Hayronmiz. Pandemiya boshlangan ilk kunlardan bizni koronavirusni o‘chog‘iga tiqib qo‘yishdi. Hech qanday himoya kiyimlari bilan ta'minlashmadi ham. Tibbiyot xodimi bo‘lganimiz uchun biz xalqni xizmatida yuraverdik. O‘zim ham kovid infeksiyasi yuqtirib davolanib chiqdim. To‘g‘risi, tibbiyot xodimlarining qadriga hech kim yetmayapti. Axir tez yordam vrachlari, hamshiralar birinchi bo‘lib koronavirusga ro‘para keladi. Nahotki, tez yordam xodimlarining mehnati 2,5 millionga yarasha bo‘lmasa? Axir koronavirusni davolayotgan ichkaridagi vrachlarga 25 milliondan pul to‘lanyapti-ku?

Bo‘limizning qishloqlardagi shoxobchalarida esa malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun umuman sharoit yo‘q», – deydi B. G‘oipova.

«Bo‘lim binosini maoshimizga ta'mirlaganmiz»

Tez yordam bo‘limi hamshiralari bizni bo‘lim binosiga kirib sharoitlar bilan tanishishimizni so‘rashdi. Rosti, o‘n yillar buyog‘ida bino ta'mir ko‘rmagan ekan. Devorlar sho‘rlab, xona pollari ko‘chib yotibdi. Ovqatlanish, dam olish xonalarining ahvoli juda achinarli. Dispetcherlar xonasi bo‘lsa umuman talabga javob bermaydi.

«Hojatxonani o‘zimiz maoshimizdan pul to‘plab qurdik. Binoni o‘n yil oldin ta'mirlashgan. Shundan beri har yili o‘zimizni yonimizdan baholi qudrat ta'mirlaymiz. Bemorlarni ko‘ruv xonalari, issiq suv, yozda sovitish, qishda isitish tizimi yo‘q», – deydi xodimlar.

Tuman tibbiyot birlashmasida rahbarlardan hech kim yo‘q, hisobchilar esa telefonda izoh berishdi

Holatga oydinlik kiritish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasiga bordik. Tashkilot navbatchisi birlashma rahbari ikki kun avval tuman hokimligiga ishga o‘tgani, o‘rinbosarlar ham yangi tayinlangani sabab izohni hisobchi va iqtisodchilardan olishimiz mumkinligini aytdi.

U birlashma hisobxonasiga qo‘ng‘iroq qilib mas'ullarni chaqirdi. Biroq hisobchi va iqtisodchini bir soat davomida kutdik. Kelishmadi. Biz borgan kuni ish boshlagan o‘rinbosar Samijon Rahmonov bilan birlashma hisobxonasiga bordik. Afsuski, u yerda bosh hisobchi va iqtisodchi «joylarga chiqib ketgani» aytildi.

Xodimlardan bosh hisobchi Botirjon Salomovning telefon raqamini olib qo‘ng‘iroq qildik. Mutasaddi, Vazirlar Mahkamasining 464- va 583-sonli qarorlari bo‘yicha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan hech qanday buyruq kelmagani sabab xodimlarga rag‘batlantiruvchi to‘lovlar berilmayotganini aytdi.

Namangan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida bo‘lib bosh hisobchi Alisher Narziyevdan izoh oldik.

«Vazirlar Mahkamasining 446- va 583-sonli qarorlarida koronavirus infeksiyasi davrida aholiga malakali tez tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida 6 foizli maxsus to‘lovlar o‘rniga vrachlarga 2,5 million so‘mdan, o‘rta tibbiyotga 1,5 million va haydovchilarga 1 million so‘mdan rag‘batlantirish to‘lovlari belgilash nazarda tutilgan. Mazkur to‘lovlar bo‘yicha har bitta tumandan jalb etilgan brigadalarda ishlovchi tibbiyot xodimlarining so‘rovnomalari shakllantirilyapti. Tuman moliya bo‘limiga so‘rovnoma berilishi bilan bu to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lab berilishi kafolatlanadi.

Afsuski, tumandagi barcha brigadalarga bu qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlarini to‘lash imkoniyati yo‘q. Qarorda faqat rag‘batlantiruvchi to‘lovni ixchamlashtirilgan brigadalarga to‘lash nazarda tutilgan.

Muammo yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga chiqqanmiz. Ayni paytda rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni barcha tez tibbiy yordam sohasi xodimlariga to‘lash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatma berilishi va masala ijobiy hal etilishi kutilmoqda», – deydi A. Narziyev.

Andijonda to‘langan pul Namanganda to‘lanmasa...

Viloyat boshqarmasi mutasaddi va mutaxassislari hukumat qarorlarini yana bir ko‘zdan kechirib chiqishsa yaxshi bo‘lar edi. Sababi Vazirlar Mahkamasining 446-sonli qarori 2-bandida kuchaytirilgan tartib davrida har oy yakuniga qadar barcha tez tibbiy yordam brigadalarida ishlovchi xodimlarning lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar o‘rniga yangi rag‘batlantiruvchi to‘lovlar to‘lanishi belgilangan.

583-sonli qarorning 2-ilovasidagi ro‘yxatda ham barcha tez tibbiy yordam brigadalariga rag‘batlantiruvchi to‘lov berilishi ko‘rsatilgan.

Ixchamlashtirilgan brigadalar ro‘yxati esa shu qarorning 3-ilovasida keltiriladi.

Mazkur masala yuzasidan Andijon viloyatidagi ahvol bilan qiziqib ko‘rdik. Viloyat moliya bosh boshqarmasi mutaxassislari 583-qarorga asosan rag‘batlantiruvchi to‘lovlar 24 sentabr kunidan talabnomalarga asosan barcha tez tibbiy yordam brigadalariga berilayotganini bildirishdi.

Hukumat qarori qanday qilib bir viloyatda amal qilib, boshqasida tan olinmayotgani bu masala tegishli idoralar tomonidan chuqurroq o‘rganilishi lozimligiga ishora qilmoqda.

Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzuga oid