O‘zbekiston | 11:25 / 17.11.2020
4080
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi ta'lim muassasalarida ham an'anaviy ta'lim boshlandi

Foto: Islaminstitut.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta'lim muassasalarida an'anaviy o‘quv jarayonlari 1-kurslar uchun 2020 yilning 16 noyabridan, yuqori kurslar uchun 20 noyabridan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, an'anaviy darslar boshlanishi munosabati bilan barcha diniy ta'lim muassasalarida o‘qituvchi va talabalarning karantin talablariga qat'iy amal qilishlari ta'minlanadi. Jumladan, pedagog-o‘qituvchilari COVID-19 kasalligi uchun test topshirishlari hamda o‘quv binolari, talabalar turar joylari, talabalar oshxonalari sanitariya-gigiyena va karantin talablariga mos holda belgilangan tartibda dezinfeksiya qilish ishlari amalga oshirilgan.

«Shuningdek, har bir o‘quv auditoriyalarini yetarli miqdorda antiseptik vositalar bilan ta'minlash, belgilangan tartibda har kuni dezinfeksiya qilish, o‘quv auditoriyalarida ijtimoiy masofani saqlash, o‘quv mashg‘ulotlari davomiyligini 60 daqiqadan oshmasligini belgilash hamda bir kunda uch juftlikdan ko‘p o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmaslik va talabalar, pedagog-o‘qituvchi va xodimlarning tibbiy niqobda yurishlari kerakligi kabi bir qancha chora-tadbirlar joriy qilindi», – deyiladi idora xabarida.

Avvalroq Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi O‘zbekistondagi barcha oliy ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonlari 16 noyabrdan e'tiboran an'anaviy shaklda davom ettirilishini ma'lum qilgan edi. Respublika maxsus komissiyasining 12 noyabrdagi qaroriga asosan, an'anaviy ta'lim jarayonlari OTMlar tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar va reja-grafik asosida olib boriladi.

Mavzuga oid