Jamiyat | 18:04 / 12.02.2021
6182
3 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz jamoasi «Oramizdagi qahramonlar» aksiyasi g‘oliblari qatorida taqdirlandi

«Yuksalish» umummilliy harakati hamda Adliya vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan Faol fuqarolar festivali yakunida Kun.uz internet nashri jamoasi taqdirlandi. 

12 fevral kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida O‘zbekiston bo‘ylab 5 kun davom etgan Faol fuqarolar umummilliy festivalining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

«Yuksalish» umummilliy harakati tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur festivalda pandemiya davrida o‘zining tashabbuskorligi, fidoyiligi bilan yurtdoshlarga ko‘mak bergan faol fuqarolar hamda tashkilotlar taqdirlandi. Tashkilot tomonidan o‘tkazilgan «Oramizdagi qahramonlar» aksiyasida Kun.uz va Daryo.uz nashrlari eng faol onlayn nashrlar deb topildi.

Shuningdek, Kun.uz’ning Qoraqalpog‘istondagi muxbiri Shuhrat Saidahmadov hamda Xushnudbek.uz kanali muallifi Xushnudbek Xudayberdiyev ham faol fuqarolik pozitsiyasi uchun taqdirlanishdi.

Ma'lumot uchun: Faol fuqarolar umummilliy festivali «Yuksalish» umummilliy harakati hamda Qozog‘istonning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (ARGO) tomonidan AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ko‘magida amalga oshiriladigan O‘zbekistonda «Innovatsiya uchun hamkorlik» dasturi doirasida o‘tkazildi.

8–12 fevral kunlari mobaynida nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jami 2 mingdan ziyod ishtirokchilar qamrab olindi. Respublikaning 8ta yirik shahrida 20dan ortiq tadbirlar — ekologiya, inklyuziv boshqaruv, jamoatchilik nazorati, davlat ijtimoiy buyurtmasi, volontyorlik faoliyati, jamoatchilik kengashlari, ijtimoiy himoya va inklyuziv ta'lim sohalariga doir 3ta konferensiya, 3ta davra suhbati, 4ta jamoatchilik muloqoti, 4ta trening, 6ta taqdimot va boshqa tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, «Prezident Murojaatnomasi – fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yangi bosqichi» xalqaro konferensiyasi, «NNT maktabi» hamda «Antikorrupsiya laboratoriya» loyihalari taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Farg‘ona davlat universitetida «Do‘stlik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik markazi» tashkil etildi, unda soha ekspertlari ishtirokida talabalar uchun ilk muloqot darsi o‘tkazildi.

Shuningdek, xalq bilan muloqotning yangi institutsional bosqichi jamoatchilik kengashlari II – Milliy forumi o‘tkazildi.

Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Buxoro viloyat hokimligi, Qo‘qon shahar hokimligi, Toshkent shahar hokimligi va Namangan viloyati adliya boshqarmasi huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashlari faoliyati taqdimoti o‘tkazildi.

Festival yakunida «Oramizdagi qahramonlar» aksiyasining 14 nafar g‘oliblari, 30 nafar volontyor-psixologlar va 7ta faol nodavlat notijorat tashkilotlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid