Jamiyat | 21:03 / 10.03.2021
10270
5 daqiqa o‘qiladi

Bolalar uchun «Muzey qanday tuzilgan» ensiklopediyasi o‘zbek tilida chop etildi

Hozircha ming nusxada chop etilgan «Muzey qanday tuzilgan» ensiklopedik kitobi bog‘cha va maktablarga tarqatiladi. Taqdimotda kitob loyihasi rahbari – Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, ta'lim vazirlari Sherzod Shermatov va Agrippina Shin ishtirok etdi.

Bugun, 10 mart kuni Toshkent politexnika muzeyida o‘zbek tilida yozilgan «Muzey qanday tuzilgan» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Kitob Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan, Latviyaning ABC Design nashriyoti bilan hamkorlikda chop etilgan.

«Muzey qanday tuzilgan» kitobi haqida

Muzeylar tarixi haqida bolalar uchun rasmlarga boy qilib ishlangan kitob yosh kitobxonlarni san'at muzeylari va galereyalar olamiga taklif etadi.

Kitob o‘quvchilarni muzeylar tarixi bilan tanishtiradi, muzeylarning qanday joy ekani, qanday tashkil etilgani va unda kimlar ishlashi, san'at asarlari qaysi prinsipda namoyish etilishi va ko‘rgazmalar qay tartibda rejalashtirilishi haqida hikoya qiladi.

Ensiklopedik kitob katta albom shaklida, undan illyustratsiyalar va maxsus topishmoqlar ham joy olgan. Ular bolalarning aqlini charxlash uchun mo‘ljallangan.

«Muzey qanday tuzilgan» kitobi ilk marta Chexiyada ingliz tilida, keyinroq esa Rossiyada rus tilida chop etilgan. Biz esa kitobning o‘zbek tilidagi variantini ham yaratdik. Kitob hozircha mingta nusxada chop etilgan. Kitobning elektron varianti ham o‘quvchilarga taqdim etilishi rejada bor», – deya ma'lumot berdi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi Strategik rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Elmurod Najimov.

Tashkilotchilarning ta'kidlashicha, kitobni o‘zbek tilida qayta nashr etishdan maqsad – yosh avlodga muzeylar aslida qanday tashkil etilishi va qanday faoliyat ko‘rsatayotganini ular tushunadigan tilda aytib berish. Kitobdagi rasmlar asosida muzeylar haqida hatto bog‘cha yoshidagi bolalar ham bemalol ma'lumot olishi mumkin.

«Muzey qanday tuzilgan» kitobining o‘zbekcha talqinini yaratishda Qoraqalpog‘istondagi mashhur Savitskiy muzeyining kolleksiyasidan ham foydalanilgan.

Saida Mirziyoyeva: Texnologiyalar davrida bolalarning muzeylarga qiziqishini saqlab qolish qiyin

Kitob taqdimotida Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisi o‘rinbosari, kitob loyihasi rahbari Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqib, madaniyat va san'atning farzandlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida so‘zladi.

«Biz hozir texnologiyalar taraqqiy etgan davrda yashayapmiz. Bunday paytda bolalarning muzeylarga va boshqa madaniy obektlarga nisbatan qiziqishini saqlab qolish qiyinlashib bormoqda. «Muzey qanday tuzilgan» kitobi buni tushungan holda yaratilgan. Kitob nafaqat bolalar uchun, balki kattalarga ham qiziq bo‘lishiga ishonaman.

Men zalda o‘tirgan bolalarga qarata: «Ko‘proq kitob o‘qing, muzeylarga boring, tarixni o‘rganing, dunyoqarashingizni kengaytiring», demoqchiman. Biz kattalar uchun esa eng asosiy vazifa – bolalarimizni madaniyatli, yuqori intellektli qilib o‘stirishdan iborat», – deya qayd etdi Saida Mirziyoyeva.

Sherzod Shermatov: «Yoshlarda robotlar qila olmaydigan ko‘nikmalarni shakllantirishimiz kerak»

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov jurnalistlarga bergan intervyusida bolalarni muzeylar kabi madaniy muassasalarga oshno qilish zarurati haqida fikr bildirdi.

«Hozir to‘rtinchi sanoat inqilobi boshlangan davrda ko‘plab kasblarda ishni robot bajarmoqda. Agar bolalarimiz bu zamonda raqobatbardosh bo‘lishini xohlasak, ularda robot bajara olmaydigan ko‘nikmalarni shakllantirishimiz kerak. Bunday xislatlar ijodkorlik va kreativlik kabilardan iborat.

«Muzey qanday tuzilgan» kitobi aynan shunday yo‘nalishda bolalar bilim olishiga yordam beradi.

Muzeyga borish deganda grafik qilinib, hamma yig‘ib olib boriladi. Lekin bunday tashriflar bolalarga qanchalik qiziq bo‘lgan? Muzeylar haqida bugun taqdimoti o‘tkazilayotgan kitobni o‘qigan bolalarning o‘zi ularga qiziqadi. Buning bilan o‘sib kelayotgan bolalar madaniyat iste'molchisi sifatida shakllanadi, muzeylarga oilasini ham olib boradi va muzeyga kelib hordiq chiqarish oilaviy an'anaga aylanadi», – deydi u.

Mavzuga oid