Sport | 13:18 / 25.03.2021
2904
2 daqiqa o‘qiladi

 «Aral samali» klubi futbolchilari har o‘yinda g‘alaba qozonsa, rag‘batlantirilishi mumkin

Kecha Nukusda Qoraqalpog‘istonning «Aral samali» va Qashqadaryoning «Sho‘rtan» klublari o‘rtasida Pro liga 1-turidan o‘rin olgan bahs bo‘lib o‘tgandi. Unda Nukus jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘yindan keyin Qoraqalpog‘iston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri G‘ayratbay Bayniyazov hamda Vazirlar Kengashining mas'ul xodimi futbolchilar bilan qisqa muloqot qildi.

«Aral samali» futbolchilariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi rahbariyatining tabriklari aytildi. Qoraqalpog‘iston hukumati vakili Qoraqalpog‘iston jismoniy tarbiya va sport vaziri G‘ayratbay Bayniyazovga shaxsan Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev nomidan futbolchilarga rag‘batlantirish berilishini tayinladi. Agar har bir o‘yinda g‘alaba qozonilsa, rag‘batlantirish muntazam berib borilishi aytib o‘tildi.

Bunga javoban o‘yinda dubl qayd etgan Azamat Allaniyazov har o‘yinda futbolchilarning ruhiyatini ko‘tarib, faqat e'tibor qaratishlarini so‘radi.

Ma'lumot uchun, «Aral samali» Pro liga 1-turidan keyin peshqadam bo‘lib turibdi. Qoraqalpog‘istonlik futbolchilar bilan birga «Dinamo», «Buxoro» va «Xorazm» jamoalarida 3 ochkodan bor. Nukusliklar darvozaga kiritilgan gollar evaziga 1-o‘rinda borishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Aral samali» 2-tur Xorazm viloyatining «Xorazm» jamoasini Nukusda qabul qiladi. O‘yin Nukusdagi «Futbol mahorat maktabi» maydonida soat 16:00 da boshlanadi.

Mavzuga oid