Jahon | 15:58 / 25.04.2021
6111
3 daqiqa o‘qiladi

Bag‘doddagi kovid gospitalidagi yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni 80dan oshdi

Iroq poytaxti Bag‘dod shahrida joylashgan Ibn al-Hatib shifoxonasining koronavirusga chalingan bemorlar yotqizilgan bo‘limida ro‘y bergan yong‘in oqibatida kamida 82 kishi halok bo‘lgan, yana 110 kishi jabrlangan.

Foto: AP Photo

Associated Press agentligi ma'lumotiga ko‘ra, yong‘in 25 aprelga o‘tar kechasi koronavirus bemorlari uchun intensiv davolash bo‘limida yuzaga kelgan. Unga kislorod ballonlari saqlanadigan ombordagi nosozlik tufayli sodir bo‘lgan portlash sabab bo‘lgan. Ba'zi bemorlar yong‘indan qochish uchun derazalardan sakragan. Ikki qavatli bino deyarli to‘liq yonib ketgan.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, qurbonlarning bir qismining o‘limiga sun'iy nafas oldirish apparatlaridan uzib qo‘yish sabab bo‘lgan.

Iroq Sog‘liqni saqlash vazirligi halok bo‘lganlar va jabrlanganlar sonini rasman e'lon qilmadi, faqat kasalxonadan 200ga yaqin kishi qutqarilgani qayd etilgan.

«Bu kabi masalalarda beparvolik jinoyatdir, unga yo‘l qo‘yganlar javobgarlikka tortilishi kerak», degan Iroq bosh vaziri Mustafr al-Kozimiy.

Uning qaroriga ko‘ra, ushbu shifoxona joylashgan ar-Rusafa tumani sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh direktori hamda shifoxona rahbariyati ishdan olingan.

Yong‘indan keyin ba'zi siyosatchilar, jamoat arboblari va parlament a'zolari Iroq sog‘liqni saqlash vaziri Hasan al-Tamimiyning iste'fosini talab qildi.

Mamlakatda uch kunlik motam e'lon qilindi.

Iroqda murakkab epidemiologik vaziyat saqlanib qolmoqda, Covid-19ga qarshi vaksinatsiya esa endigina boshlangan.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi davrida 1 milliondan ortiq iroqlik kasallangan va 15 mingdan ortiq kishi kasallik qurboni bo‘lgan.

Mavzuga oid