O‘zbekiston | 08:25 / 26.08.2021
5516
4 daqiqa o‘qiladi

Uchinchi shaxslarga soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Uchinchi shaxslarga soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etish chora-tadbirlari haqida”gi qaror qabul qilindi.

Hujjatga asosan, DXSh asosida Internetda real vaqt rejimida ishlovchi "Ishonchli hamkor" avtomatlashtirilgan axborot tizimini ("Ishonchli hamkor" AAT) ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish loyihasi amalga oshirilmoqda.

"Ishonchli hamkor" AAT orqali soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi soliq sirini tashkil etmaydigan ma'lumotlar va hisob ma'lumotlar, hisobvaraq-fakturalar va cheklarda ko‘rsatilgan mahsulotlarning (tovar va xizmatlarning) yagona elektron milliy katalogi bo‘yicha identifikatsiya kodlari, shuningdek, majburiy markirovkalangan mahsulotlar bo‘yicha tahliliy va qayta ishlangan ma'lumotlar yuridik va jismoniy shaxslarga (uchinchi shaxslarga) taqdim etiladi.

"Ishonchli hamkor" AATni ishlab chiqish va joriy etishda quyidagilarni hisobga olish rejalashtirilmoqda:

  • moliyaviy hisobotlarida aks ettirilgan ma'lumotlar asosida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning moliyaviy ko‘rsatkichlarini hisoblash va taqdim etish hamda bank hisobvarag‘i holati (ochiq/yopiq) bo‘yicha ma'lumotlarni taqdim etish;
  • iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha umumlashtirilgan) tahliliy ko‘rsatkichlarni va soliq yukini hisoblash va taqdim etish;
  • soliq to‘lovchilarning moliyaviy holati va hisob ma'lumotlarini tahlil qilish asosida tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy qilish;
  • soliq to‘lovchilarning roziligi bilan ular to‘g‘risidagi ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga, shu jumladan, tijorat banklariga taqdim etishning texnik imkoniyatini yaratish;
  • mahsulotlarning ulgurji va chakana savdosi hamda ishlab chiqarish hajmlari, shu jumladan, import qilinadigan tovarlar bo‘yicha asosiy ishlab chiqaruvchilar va xaridorlar, iste'molning geografik xaritasi, shuningdek, bozor kon'yunkturasi va xizmatlarning rivojlanish holati to‘g‘risidagi tahliliy ma'lumotlarni shakllantirish va boshqalar.

Belgilanishicha, DSQ loyihani amalga oshirishda davlat sherigi hisoblanadi va loyihani amalga oshirish maqsadida xususiy sherikni to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar asosida tanlab oladi.

"Ishonchli hamkor" AAT "Elektron hukumat" tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida joylashtiriladi. Xususiy sherik "Ishonchli hamkor" AATning operatori hisoblanadi. 2022 yil 1 martga qadar tizimni ishlab chiqish va uning faoliyatini yuritish operatorning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Shuningdek, mazkur sanaga qadar u DSQning serverlariga joylashtirilishi kerak.

"Ishonchli hamkor" AATga kirish soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi.

2021 yil 1 oktyabrga qadar DSQning rasmiy saytida soliq to‘lovchiga o‘z kontragentlari to‘g‘risida SKning 29-moddaga muvofiq soliq sirini tashkil etmaydigan va soliq to‘lovchining roziligisiz taqdim etiladigan ma'lumotlarni taqdim etish imkonini beruvchi axborot platformasini yaratish nazarda tutilgan.

Mavzuga oid