Jahon | 23:05 / 05.11.2021
27117
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston va Tojikistonda ham chang bo‘ronlari kuzatildi

Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, chang-g‘uborlar atmosfera havosida yaqin kunlar ichida saqlanib qolishi ehtimoli mavjud.

Foto: YouTube/OTYRAR

O‘zbekistonda kuzatilgan chang bo‘roni Qozog‘istonda ham sodir bo‘ldi. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, butun Chimkent shahri chang-g‘ubor bilan qoplangan, kuchli shamol qator konstruksiyalarga zarar yetkazgan.

“Ikki kun kuchli shamol esdi. Keyin chang yopirildi. Ishga ertalab mashinada kelgandim, kunduzi ishni tugatib tashqariga chiqqanimda mashina chang bilan qoplangandi”, - deydi mahalliy aholi vakili.

Shuningdek, chang bo‘roni qo‘shni Tojikistonda ham kuzatilgani xabar qilindi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Xo‘jand shahri chang-g‘ubor ostida qolganini yozishmoqda.

O‘zgidrometning ma'lumot berishicha, Qozog‘istondan kirib kelgan kuchli shamollar Jizzax, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida davom etdi. Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyatida shamol tezligi maksimal 20-25 m/s ga yetdi. Kechga tomon Qozog‘iston janubidan esgan kuchli shamollar Sirdaryo viloyati orqali o‘z yo‘nalishini g‘arbiy va janubi g‘arbiy tomonga o‘zgartirdi. Davomli esgan kuchli shamollar natijasida cho‘l landshaftga ega hududlardagi tuproq sirtidagi chang va qum zarralari havoga ko‘tarilib, chang bulutini hosil qildi. Chang buluti shamol yo‘nalishi bo‘yicha avval Sirdaryo viloyatiga, so‘ngra Toshkent viloyati va Toshkent shahrining atmosfera havosida chang-bo‘ron va g‘uborning keskin ortib ketishiga sabab bo‘ldi.  

Ushbu hodisa Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyati hududlarida ham kuzatildi.

4 noyabrdan 5 noyabrga o‘tar kechasi Qozog‘istonning Chimkent viloyati, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ko‘tarilgan chang va qum zarralarining ma'lum bir qismi qo‘shni Tojikistonning So‘g‘d viloyati Xo‘jand tor darasi orqali Farg‘ona vodiysiga kirib keldi.

Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, chang-g‘uborlar atmosfera havosida yaqin kunlar ichida saqlanib qolishi ehtimoli mavjud.

Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi chang-qum aralash havodan himoyalanish uchun shifokorlar tavsiyasini e'lon qildi.

Mavzuga oid