Jahon | 15:49 / 22.11.2021
29469
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda suv ombori to‘g‘oni yorildi

FVVning ma'lum qilishicha, hodisa oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q, shuningdek, uylarni suv bosmagan. Aholi maskanlarini suv bosishi xavfi yo‘q. 

Foto: Tengrinews.kz

Qozog‘istonning Almati oblastidagi Knijyevskiy suv omborida to‘g‘on yorilib ketdi, aholi maskanlarini suv bosish xavfi yo‘q, deb ma'lum qildi mamlakat favqulodda vaziyatlar vazirligi vakili Talgat Uali.

“21 noyabr kuni soat 23:13 da Almati oblasti favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Jambil rayonidagi Minbayevo qishlog‘i yaqinida Knijyevskiy suv ombori to‘g‘oni yorilgani haqida xabar kelib tushdi, yoriq kengligi 5-6 metrni tashkil etadi”, — dedi Uali.

FVVning ma'lumot berishicha, suv ombori 4,47 mln kub metr suvga mo‘ljallangan, u hozirda 50 foizga to‘lgan.

Foto: Tengrinews.kz

Yoriqdan chiqqan suv Qarg‘ali daryosi irmog‘iga oqmoqda va undan so‘ng Ili rayonidagi Kurti suv omboriga quyiladi”, — dedi FVV vakili.

Hozirda Kurti suv ombori 14 foizga to‘lgan, loyihaviy hajmi 120 mln kub metrga teng.

“Hodisa oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q, shuningdek, uylarni suv bosmagan. Aholi maskanlarini suv bosishi xavfi yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi Uali.

Mavzuga oid