Qoraqalpog‘istondagi o‘rmonzorda sodir bo‘lgan yong‘in o‘chirildi
Bir muddat oldin Qoraqalpog‘istondagi to‘qayzor o‘rmon uch kundan beri yonayotgani haqida xabar bergandik.
Holat yuzasidan FVV rasmiy ma'lumot berdi. Ma'lum bo‘lishicha, 27 noyabr kuni soat 17:30da Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani FVBga quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati o‘rmonzorida (“Amudaryo” daryosi ikkiga ajralgan va qayta qo‘shilgan joyi oralig‘idagi orolcha) yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 19:10da yong‘inni o‘chirish ishlariga kirishgan. (Tuman yong‘in-qutqaruv qismidan yong‘in sodir bo‘lgan joygacha masofa taxminan 47 km. ni tashkil etadi). 28 noyabr kuni soat 05:15da yong‘in qurshab olinib, 08:04da o‘chirilgan.
Qayd etilishicha, yong‘in sodir bo‘lgan joyda qayta yong‘in o‘choqlari paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida, voqea joyiga 5ta yong‘in-qutqaruv ekipaji, Mintaqaviy qutqaruv otryadidan 1ta bo‘linma va yordamchi texnikalar, 2ta buldozer, 2ta pogruzchik, 2ta suv tashuvchi mashinalar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi FVBdan 50 nafar, O‘rmon xo‘jaligidan 20 nafar, Qoraqalpog‘iston Ekoqo‘mitasidan 5 nafar, tuman Obodonlashtirish bo‘limidan 20 nafar, jami 95 nafar xodim jalb etilgan. Ular ofatga qarshi kurashish uchun joyida qoldirilib, 3 guruhga bo‘lingan holda, kecha-kunduz navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan.
Kutilmaganda yong‘in qoldiqlari qayta alanga olgan va 29 noyabr kuni soat 10:25lar atrofida o‘chirishga kirishilib, 30 noyabr kuni soat 03:30da o‘chirishga erishilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, yong‘indan jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. “Nazarxan” ovul fuqarolar yig‘inidan yong‘in sodir bo‘lgan joygacha masofa taxminan 8 km. ni tashkil etadi.
Hozirda keltirilgan zarar miqdori aniqlanmoqda. Voqea joyida hamkor vazirlik, idora va xizmatlar kuch-vositalari navbatchilik olib bormoqda, deyiladi rasmiy munosabatda.